21:23 / 25.03.2021
1 576

Xodim jinoyatga qo‘l urdi

Xodim jinoyatga qo‘l urdi
“Tabiiy gaz - milliy boyligimiz!”, milliy boyligimizni asrash har birimizning fuqarolik burchimizdir. Darhaqiqat har bir resurslarni tejab, ulardan oqilona foydalanish, ularni kelajak avlodga yetkazish uchun har birimiz javobgarmiz. Lekin, oramizda bu sohada qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yayotgan fuqarolar ham uchrab turadi.

Sudlanuvchi V.Asrorqulov (ism shariflar o‘zgartirilgan) 2014 yildan 2019 yil 11 noyabr kuniga qadarli “O‘ztransgaz” AJ Navoiy viloyati bo‘yicha gazta’minoti hududiy filiali “Xatirchi-Nurota” tumanlararo gaz ta’minoti uchastkasi yordamchi personal komendanti vazifasida ishlab kelib, filial bilan 14.09.2017 yilda tuzilgan moddiy javobgarlik shartnomasiga asosan to‘liq moddiy javobgar shaxs bo‘lgani holda, unga ishonib topshirilgan tovar moddiy boyliklarni to‘liq va but holatda saqlash, belgilangan tartibda hisobini yuritish, ulardan ish jarayonida to‘g‘ri foydalanish, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishni ta’minlash kabi vazifalar yuklatilgan bo‘lsa-da, o‘zining moddiy javobgarligida bo‘lgan “Xatirchi-Nurota” tumanlararo gaz ta’minoti uchastkasiga tegishli bo‘lgan 105.158.648 so‘mlik 648 dona maishiy gaz ballonlarni belgilangan maqsadlarda aholi hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib bermasdan o‘ziga ma’lum bo‘lgan shaxslarga o‘tkazib, mavjud kamomadni yashirish maqsadida, soxta hisobotlar yuritib kelib, o‘zining ushbu jinoiy harakatlari bilan o‘zining ixtiyorida bo‘lgan va unga ishonib topshirilgan “Xatirchi-Nurota” tumanlararo gaz ta’minoti uchastkasining 105.158.648 so‘mlik mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Shuningdek, u o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, Navoiy viloyati bo‘yicha gazta’minoti hududiy filiali “Xatirchi-Nurota” tumanlararo gaz ta’minoti uchastkasi yordamchi personal komendanti vazifasida ishlab kelib, javobgarligidagi maishiy gaz ballonlarni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi natijasida yuzaga kelgan 105.158.648 so‘mlik 648 dona maishiy gaz ballonlar kamomadini yashirish maqsadida:

- Nurota gazta’minot uchastkasidagi yaroqsiz holga kelib qolgan maishiy gaz ballonlarni hisobdan chiqarish haqidagi sanasi ko‘rsatilmagan hamda 18.10.2019 yildagi dalolatnomalarni,
- Nurota gazta’minot uchastkasidagi yaroqsiz holga kelgan maishiy gaz ballonlarni “Sinov o‘tkazish va ta’mirlash sexi”ga yuborish haqidagi 18.10.2019 yildagi dalolatnomani,
- Navoiy viloyati hududiy gaz ta’minoti filiali maishiy gaz ballonlarni “Sinov o‘tkazish va ta’mirlash sexi” xodimlarining maishiy gaz ballonlarni sinovdan o‘tkazganlik haqidagi 30.09.2019 yildagi va 18.10.2019 yildagi dalolatnomalarni soxtalashtirgan.

U o‘zining javobgarligidagi 648 dona maishiy gaz ballonlarni kamomadi mavjudligini bilsa-da, muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatdan ozod qiladigan rasmiy hujjat hisoblangan maishiy gaz ballonlarni hisobdan chiqarish haqidagi dalolatnomalarga soxta ma’lumotlar kiritgan holda rasmiylashtirib, mazkur hujjatlarni soxta ekanligini bila turib, undan foydalanib, “Uztransgaz” AJ Navoiy viloyati bo‘yicha gazta’minoti hududiy filiali hisobxonasiga taqdim qilib, javobgarligida bo‘lgan 105.158.648 so‘mlik maishiy gaz ballonlarini kamomadini hisobdan chiqarishga erishgan.

Sudda so‘roq qilingan sudlanuvchi V.Asrorqulov o‘z ko‘rsatmasida qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymondaligini, yetkazilgan zararlar to‘liq qoplanganligini, oilaviy sharoitini inobatga olib qonuniy yengillik berishni so‘radi.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, V.Asrorqulovga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

V.Asrorqulov tomonidan jinoyat yillar davomida sodir etilganligi bu borada yuqori turuvchi organlar tomonidan o‘z vaqtida nazorat qilinmaganligi, jinoyat sodir etilishiga bamaylixotir qarab turilganligidan dalolat beradi.

Har bir sohada haqqoniylik, chin ko‘ngildan ishlash, adolatlilik hukm surmas ekan, ushbu turdagi jinoyatlar sodir bo‘laveradi. Shu sababli, har bir xodim faoliyatini tizimli va izchil nazorat qilish kelajakda adolatli va samarali ishlash mexanizmi yaratilishida asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ibragimov Zafar Saxodinovich,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Nurota tuman sudi raisi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Xodim jinoyatga qo‘l urdi