20:00 / 26.03.2021
1 682

«Faqat bilim va malaka bizni illatlar botqog‘idan qutqara oladi» — Komil Allamjonov

«Faqat bilim va malaka bizni illatlar botqog‘idan qutqara oladi» — Komil Allamjonov
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov
25 mart kuni Samarqand shahridagi Ice Arena'da «Zakovat» klubining navbatdagi kastingi tashkil etildi. Intellektual turnir avvalida klub homiysi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov so‘zga chiqdi.

«Keyingi paytlarda «Zakovat» bahona, odamlarimiz saviyasi, dunyoqarashiga yanada sinchiklab ahamiyat beradigan bo‘lib qoldim. Muammolar ko‘p, ularning ildizini o‘rganib, o‘zimcha yechimini topmoqchi bo‘laman.

Kimdir ish qidirib yuribdi, kimgadir ishchi kerak. Bir-biriga zid, mantiqsiz holat. Yaxshi mutaxassis izlayotganlarning talabi baland, ish qidirayotganlarning esa, afsuski, salohiyati past. Bizdek 34 millionlik, 60 foizini yoshlar tashkil etgan xalq uchun aslida bu juda ayanchli holat.

Yashash tarzimizni hech tahlil qilib ko‘rganmisiz? Men bu haqda o‘ylanib, bir mulohazaga keldim: biz to‘g‘ri yashashni bilmaymiz.

Betob bo‘lib qolsak, shifokorga o‘lay deganda murojaat qilamiz. Ungacha uyda o‘z bilganimizcha davolanamiz. Bu holat ayniqsa pandemiya davrida ancha odamga musibat olib keldi.

Ëki buning aksi. Bir yili sihatgohda dam oldim. Analiz topshirdim, barcha tahlillar yaxshi chiqdi. Lekin shunday bo‘lsa-da, shifokor menga bir qator kapelnitsa, ukol va turli dori-darmonlarni yozib tashladi.

Hayron bo‘ldim: Soppa-sog‘ odamga nimaga shuncha dori beryapsiz?

Shifokor javob berdi: «Shikoyat qilmasligingiz uchun! Bilasizmi, bizning odamlar shunaqa, bu yerda yotganda kapelnitsa-ukollar olmasa, menga yaxshi qarashmadi, deb ustimizdan shikoyat qiladi».

Yoki boshqa misol, korxonamizga tekshiruvchilar keldi. Noqonuniy hech nima topa olishmadi. Chunki bizda doimiy kuchli konsultant va auditorlar ishlaydi. Oxiri o‘zlari iltimos qilishdi: «Ishingizdan biror ayb topmasak, bizni pora olganlikda gumon qilishadi. Maydaroq kamchilik yozib qo‘yaqolaylik, masalan...» Shunday deb, o‘zlari o‘rgatib, o‘zlari rasmiylashtirib ketishdi va biz qonunni buzmagan holda jarima to‘ladik.

Bunday misollardan minglab keltirish mumkin.
Aslida bu illatning ildizi qayerda? Eng boshida!

Go‘dak tug‘ilganida, albatta suyunchi puli beramiz. Yaxshi niyat deymiz-ku, lekin asl maqsad – boshqa. Ona bilan bolaga e’tiborliroq qarashlarini xohlaymiz. Keyinroq bolamizni «rahmat puli» bilan bog‘chaga joylaymiz. Uyog‘iga tuzukroq maktab, eng yaxshi sinf, eng kuchli o‘qituvchiga berish uchun – yana pul, remontga – pul, darslikka – pul... Ha endi, bolamiz bilimli bo‘lishi kerak-ku, deymiz.

Maktab bitirish arafasida repetitor, o‘quv kurslari qidirib, 10-11 yil chala o‘qitilgan bolaning bilimini butlab qo‘yish uchun hamma yoqqa yana pul tiqishtiramiz. Shunday qilib, munosiblar o‘rniga o‘qishga «uddaburonlar» kiradi. Sessiyalar pulga yopiladi, diplom ishlarini birov yozib beradi.

Ishga kirganda unday odamlarning fikri-xayoli faqat pul topish bo‘lib qoladi. Kamiga, ilmiy nufuzni ko‘tarish uchun dissertatsiyani ham pulga yozdirib, fan arbobiga aylanishadi. Koshki, natijada mehnat bozoriga bular raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib kirib borsa.

Bu bilan kimni aldayapmiz? Faqat o‘zimizni!

Shunday qilib, zanjir uzilmaydi, qiyshiq g‘ildirak aylanaveradi, aylanaveradi.

Shubhasiz, to‘g‘ri va halol harakat qiladiganlar ham ko‘p. Undaylar vijdonan mehnat qilib, hayotda o‘z o‘rnini topishga urinishadi. Lekin boyagi qiyshiq g‘ildirak, buzuq tizim bularni yo bosib ketadi, yoki chetga chiqarib yuboradi.

Har qadamda bunday nohaqliklarni ko‘rgan o‘rtahol oilalarning qo‘li tushib, «hammayoq pul, tanish-bilish, baribir bizda bunday imkoniyat yo‘q», deb harakat ham qilmaydi. Bolasi «Men o‘qishga kiraman» desa, «Seni o‘qitolmaymiz, undan ko‘ra, qanday bo‘lmasin pul top, ijaraga mashina ol, kira qil», deydi. Ana shunday qilib, qobiliyatlilar ham yuzaga chiqmay qolaveradi.

Vaholanki, bilim olish, o‘z ustida ishlash uchun odamning o‘zida hohish-iroda bo‘lsa, unga hech nima to‘siq bo‘lolmasligi kerak. Na gaz va na svet. O‘qiyman degan odam tomda tovuq boqib, tuxum sotib bo‘lsa-da, kitob olib o‘qiyveradi. Taniymiz shunday odamlarni.

Hayot tarzimiz beshafqat o‘rmon qonunlariga o‘xshab ketadi. Kuchlilar yashayveradi, nimjonlar esa yem bo‘ladi. Aslida, hatto chumoliga ham xavf-xatar bor. U ham kurashib yashaydi. Odamzod ham shunday, mening nazarimda. Kurashmas ekansiz, harakat qilib o‘z ustingizda ishlamas ekansiz, hayotingiz o‘zgarmaydi, yaxshilanib qolmaydi. O‘tirsak o‘tiraveramiz. Bolamiz ham yuvvoshgina bo‘lib, qisinib-qimtinib yashayveradi, bu dunyo – nohaq dunyo ekan, deb.

Afsus, bu jarayon hali ham davom etyapti. Va biz nima qilyapmiz? Tan olaylik, amalda hech nima! Faqat nolishni bilamiz, birovdan ayb qidiramiz. Ko‘rpachaga yastanib, bolish quchoqlab, bor g‘azabimizni ijtimoy tarmoqlardagi sharhlarda to‘kib tashlaymiz. Eng yomoni – muammoning yechimini boshqalardan kutamiz.

Bu g‘izillab ketayotgan qiyshiq g‘ildirak o‘zimizga qo‘shib farzandlarimizni, keyingi avlodni ham yanchib ketmasligi uchun, bugun men barchani uni to‘xtatish yo‘lida birlashishga chaqirib qolaman.

Hammasi o‘zimizga bog‘liq! Yaxshi ish joylarni egallash uchun kasb va hunar bo‘lishi kerak, boy badavlat yashash uchun bilim va mashaqqatli mehnat zarur. Tanlov o‘z qo‘lingizda!

Eng zo‘r novvoy bo‘lsangiz, noningizni hamma qidirib keladi. Eng zo‘r bo‘yoqchi yoki santexnik bo‘lsangiz, hammaga keraksiz. Eng zo‘r sartarosh bo‘ling, mijozlaringiz qatorlashib turadi. Eng zo‘r shifokor, pedagog, injener, arxitektormisiz, eng kamida hech qachon xor bo‘lmaysiz.

Samarqandning Samarqand bo‘lishiga ham azaldan ana shunday eng zo‘rlar sababchi bo‘lgan!

Faqat bilim va malaka bizni illatlar botqog‘idan qutqara oladi. Professional va ilmlilargina to‘g‘ri yo‘lni topishga, to‘g‘ri tizim qurishga muvaffaq bo‘ladi. Bilim va ilmlilar trendga chiqmas ekan, «hech kimdan kam bo‘lmaslik» tugul, hammadan orqada surgalib yuraveramiz.

Men bunga rozi emasman. Siz-chi? Agar siz ham rozi bo‘lmasangiz, ilm oling! Hunar o‘rganing! Birovdan turtki kutmang. Sizga hech kim yordam bermaydi. Faqat o‘zingizga ishoning. Ilmni targ‘ib qiling. Kitob o‘qing, o‘z ustingizda ishlang, zo‘r mutaxassis bo‘ling. Dunyoga keng qarang.

Ilmingiz yo‘qligi o‘zingizga alam qilsin! Bolangiz ilmsizligi qattiq alam qilsin! Va zudlik bilan harakatni boshlang», – ta’kidladi Komil Allamjonov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Faqat bilim va malaka bizni illatlar botqog‘idan qutqara oladi» — Komil Allamjonov