23:48 / 29.03.2021
1 805

“Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish: dolzarb muammolar va muvaffaqiyat omillari” mavzusida xalqaro onlayn davra suhbati

“Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish: dolzarb muammolar va muvaffaqiyat omillari” mavzusida xalqaro onlayn davra suhbati
Joriy yilning 29 mart kuni Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish: dolzarb muammolar va muvaffaqiyat omillari” mavzusida xalqaro onlayn davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan 2020 yilda respublikaning 70 ta hududlari (tuman va shaharlar)da aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish darajasi bo‘yicha o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari muhokamasiga bag‘ishlandi.

Xalqaro onlayn davra suhbatida taniqli huquqshunoslar, mutaxassislar hamda xorijiy ekspertlar ma’ruza bilan ishtirok etdidar. Xususan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Bosh prokuraturasi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori A’zam Madaminov tomonidan huquqiy islohatlarning hozirgi bosqichida fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish va jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasidagi dolzarb vazifalar, bu vazifalarni hal qilishda sotsiologik tadqiqotlarning ahamiyati hamda Institutda bu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tildi.

Tadbir ishtirokchilari e’tiboriga Institut tomonidan 2020 yilda o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari yuzasidan mas’ul xodim A. Eminovning taqdimoti, shuningdek “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi ijrochi direktori M. Xadjimuxammedovning “Sotsiologik so‘rovlar o‘tkazishning muhim jihatlari” mavzusidagi ma’ruzasi havola qilindi.

Shuningdek xalqaro davra suhbatida Yaponiya Adliya vazirligining Ilmiy-tadqiqot instituti professorlari Shoji Minako va Kuroki Kota Yaponiyada huquqiy mavzudagi sotsiologik tadqiqotlarni o‘tkazishning o‘ziga xos uslubiy jihatlari haqida ma’ruza qilishdi. Xususan Shoji Minako o‘zi faoliyat olib borayotgan Ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan aholi huquqiy madaniyati darajasining umumiy jihatlarini emas balki aniq bir sohasi bo‘yicha o‘rganishlar amalga oshirilishini xususan jamiyatda jinoyatlarning yuzaga kelish sabablari, jinoyatlardan jabr ko‘rganlarning holati hamda jinoyatlar sodir etilganligi to‘g‘risida xabar berish darajasi yuzasidan sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazilishini aytib o‘tdi.

Kuroki Kota o‘z ma’ruzasida sud organlari tomonidan sud jarayonlarida ishtirok etuvchi xalq maslahatchilarining sud majlisi jarayonini tushunish darajasi anketa-so‘rov uslubi orqali o‘rganilib borilishi ta’kidlanib, aholi huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha maktablar bilan hamkorlikda ishlash yo‘lga qo‘yilganligi, ya’ni o‘quvchilar ta’til davrlarida ota-onalari bilan birgalikda sud organlariga jalb etilib, ularga sudyalar tomonidan namunaviy sud majlisi master-klass darsi o‘tib berilishi, tashkil etiladigan har bir darsda 100 dan ortiq ishtirokchi qatnashishi haqida ma’lumot berildi.

O‘quvchilarning mazkur darslarda ota-onasi bilan ishtirok etishlari ijobiy samara berib, ular sodir etiladigan jinoyatlar va huquqbuzarliklarning javobgarlikka tortilish tartibi, shuningdek qonunlarni bilmaslik oqibatida huquqbuzarlik sodir etish jazolanishdan ozod etmasligi to‘g‘risida ham oilaviy muhokamalar qilish orqali o‘zlarining huquqiy savodxonligini oshirib boradilar. Yaponiyalik ekspertlarning ma’ruzalariga hamda takliflariga ishtirokchilar tomonidan munosabat bildirildi. Xususan o‘quvchilarning to‘garak mashg‘ulotlarida sud organlari xodimlari tomonidan namunali sud majlislari darslarini o‘tib berilishini joriy etish to‘g‘risida fikr bildirildi.

Tadbirda Adliya vazirligi mas’ul xodimi D.Rajaboyevning “Huquqiy savodxonlikni oshirishning dolzarb muammolari” mavzusidagi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi A.Sodiqovning “Jamiyat huquqiy madaniyatini yuksaltirishning innovatsion uslublari” mavzusidagi ma’ruzalari orqali mamlakatimizda huquqiy targ‘ibot bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar, aholi huquqiy savodxonligini oshirish masalalari, xususan davlat xizmatchilarining huquqiy madaniyatini baholanishi hamda huquqiy madaniyatni yuksaltirishning innovatsion usullarini joriy etish maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar turli sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy asoslarni yangilashni, muhim qarorlar qabul qilish jarayonida fuqarolarning faol ishtiroknini ta’minlashni taqozo qilmoqda. Bu esa o‘z o‘rnida aholining turli qatlamlarining huquqiy savodxonligi va jamiyatda huquqiy madaniyat darajasiga qo‘yiladigan talablarning oshib borishiga olib kelmoqda.

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan hududiy adliya organlari bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinayotgan ijtimoiy tadqiqotlar natijalari ham bu yo‘nalishdagi amaliy harakatlar samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratish kerakligini ko‘rsatmoqda.

Tadbir ishtirokchilari ham o‘z chiqishlarida davlat organlari, ta’lim muassasalari va yirik mehnat jamoalari tomonidan aholiga huquqiy axborotlarni yetkazishning eng maqbul usullarini aniqlash masalasi dolzarb ekanini ta’kidlashdi.

Tadbir yakunida Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan davra suhbatida hamkorlik qilgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) O‘zbekistondagi vakolatxonasiga, ma’ruzalari bilan ishtirok etgan xorijiy ekspertlarga hamda boshqa spikerlarga minnatdorchilik bildirildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish: dolzarb muammolar va muvaffaqiyat omillari” mavzusida xalqaro onlayn davra suhbati