10:50 / 30.03.2021
2 309

«Belingda belbog‘ing bormi, la’natilar?!» — Deputatlar LGBT g‘oyalari targ‘ibotiga o‘z munosabatini bildirdi

«Belingda belbog‘ing bormi, la’natilar?!» — Deputatlar LGBT g‘oyalari targ‘ibotiga o‘z munosabatini bildirdi
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
O‘zbekistonda bir jinsli munosabatlarning qonuniylashtirilishiga qarshi bo‘lgan faollar 28 mart kuni o‘z noroziliklarini bildirish maqsadida Toshkent markazidagi Amir Temur xiyoboni oldida to‘plangandi. Keyinroq Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati LGBT faollariga qarshi norozilik holatidan so‘ng 12 kishi ushlanganini ma’lum qildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Sherbek Bo‘ronov, Gulbahor Saydg‘aniyeva va Gulruh Agzamova so‘nggi kunlarda Toshkentda yuz bergan voqealarga o‘z munosabatlarini bildirdi.

«LGBT masalasining ijtimoiy tarmoqlarga muhokamaga ko‘tarilishi ham uyushtirilgan voqeaga o‘xshayapti. Chunki shu holatdan keyin poytaxtimizda bir guruh yoshlarning noqonuniy chiqishlari ro‘y berdi.

Bu o‘rinda asl reja kimningdir huquq va manfaatini himoya qilish emas, balki hayotiy pozitsiyasi, diniy tafakkuri shakllanib ulgurmagan yoshlarning hissiyotlarini junbushga keltirish orqali ularni noqonuniy harakatlarga undash, mamlakatimizdagi ijtimoiy barqarorlikka putur yetkazishdan iborat bo‘lishi mumkin.

LGBT masalasi qonunchiligimizga ham, xalqimiz e’zozlaydigan qadriyatlarga ham, muqaddas dinimizga ham zid narsa. Shaxsan men bu yo‘nalishda qonunchilikdagi taqiqlar bekor qilinishiga qarshiman. Eng avvalo saylovchilarmizning xohish istaklaridan kelib chiqib bu pozitsiyani ilgari surmoqdamiz
», — deydi Sherbek Bo‘ronov.

Gulbahor Saydg‘aniyeva esa so‘z erkinligi xalq tanazzuliga xizmat qilmasligi kerakligini ta’kidlagan.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
«So‘z aytishning mas’uliyati bor. So‘z erkinligidan jiddiy ijtimoiy masalalar, muammolarni ko‘tarib chiqish uchun foydalanilsa, xalqning hayot farovonligiga xizmat qiluvchi masalalar yechimi bo‘yicha fikr bildirilsa, albatta, jamiyatimiz rivojlanadi. Biroq ko‘rib turganimiz holatlarda so‘z erkinligini suiste’mol qilish jamiyatda yomon illatlarning urchishiga, muvozanat buzilishiga, aholining keskin noroziliklari ortishiga olib keladi.

Biroq ko‘rib turganimiz holatlarda so‘z erkinligini suiiste’mol qilish jamiyatda yomon illatlarning urchishiga, muvozanat buzilishiga, aholining keskin noroziliklari ortishiga olib keladi.

Bu jarayonga munosabat bildirganda yurtdoshlarimizdan hissiyotga berilmasdan, aql yuritib ish tutishlarini so‘ragan bo‘lardim
», — deydi u.

«Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi Gulruh Agzamova «erkaklik sha’nini qadrsizlayotgan «yigitlar»imizning «xurmacha» qiliqlari manqurtlikdan o‘zga narsa emas» deya holatga munosabatini bildirgan.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
«Besoqolbozlarni-ku xudo urib bo‘libdi, lekin ularning targ‘ibotiga, bir jinsli nikohlarni qonuniylashtirish da’vatiga ‘labbay’ deb javob berib, ularning tarafdori bo‘lganlarni nima jin urdi?! Belingda belbog‘ing bormi, la’natilar?!

Zero, qonun hamma uchun barobar. O‘z ‘huquqingni’ deb, o‘zgalar huquqiga ziyon yetkazdingmi, behurmat qildingmi, albatta, qonun oldida javob berasan. Respublikamizning asosiy qomusidan boshlab amaldagi barcha normativ-huquqiy hujjatlarda inson haq-huquqlari qonun bilan himoyalangan. Xususan, so‘z erkinligi, axborot olish va tarqatish, namoyishlar uyushtirishlar ham normativ aktlarda o‘z aksini topgan. Lekin qonunlarda belgilangan talablar buzilsa, tegishli moddalarga zid xatti-harakatlar amalga oshirilsa, qonunbuzarlarga nisbatan qonuniy choralarning ko‘rilishi muqarrardir.

Yana bir masala. Agar siz, g‘ururi baland zamondoshim, yuqoridagi holatlarga «erkakchasiga» chora ko‘rmoqchi, ya’ni «samosud» orqali bu kabi jirkanchlikka qarshi kurashmoqchi bo‘lsangiz, siz ham qonun oldida javobgarlikni unutmang
», — deydi Gulruh Agzamova.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Belingda belbog‘ing bormi, la’natilar?!» — Deputatlar LGBT g‘oyalari targ‘ibotiga o‘z munosabatini bildirdi