12:00 / 31.03.2021
2 083

«Taksichilar terrorist emas». Prezident topshirig‘i salkam 1 yildan buyon bajarilmayapti

«Taksichilar terrorist emas». Prezident topshirig‘i salkam 1 yildan buyon bajarilmayapti
Foto: Videolavhadan skrinshot
Bugun Daryotrans agentligi xodimlarining litsenziyasiz faoliyat olib borayotgan taksichilarni ushlash bo‘yicha reydining videosini ko‘rib qoldim. Matizdagi otaxonni to‘xtatib, salondagi yo‘lovchi opani rosa ezib savolga tutishdi. Xuddi katta terroristni qo‘lga tushirganday «pulga kelishdingmi, yo‘qmi?» deb so‘roq qilishdi.

Videoni ko‘rib, asabim buzildi, rosti. Matizdagi otaxon to‘g‘ri aytdilar, kambag‘allikni qisqartiramiz deb balandparvoz gaplarni har qadamda aytamizu, lekin halol mehnati bilan o‘z kunini ko‘rib yurgan insonlarni byurokratiya botqog‘iga itarib, keyin o‘zimiz ko‘chalarda ularni «ov» qilamiz.

O‘tgan yili 19 may kuni Shavkat Mirziyoyev 60 dan ziyod kasblar qatorida taksistlar ham o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar sifatida daromad solig‘idan ozod qilinishini ta’kidlagandi, ammo keyinchalik tasdiqlangan kasblar ro‘yxatidan negadir taksichilik tushib qoldi. Prezident bu topshiriqni berganiga salkam 1 yil bo‘ldi.

O‘tgan yili sentabr oyida moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov taksichilarni toifaga qo‘shishga oid hujjatlar kelishish va texnik nuqtai nazardan cho‘zilib ketayotganini ta’kidlagandi. Lekin «harakat qilyapmiz, 1-2 oyda bu masala hal bo‘ladi» degandi. Oradan 7 oy o‘tdi, haliyam jimjitlik.

Maqsad nima? Taksichilarni ushlash uchun ko‘chalarda reyd qilib, ularni jarimaga tortib, budjetga pul tushirtirishmi? Yoki reydda qo‘lga tushgan taksichilarni qiynab, 3-4 so‘m pulini olib, tirikchilik qilishmi?

Taksichilarning aybi nima? Ko‘chaga chiqib o‘g‘rilik yoki bosqinchilik qilmasdan, Rossiyaga ishlashga ketmasdan, shu yurtda halol mehnati bilan xalqqa xizmat qilib oilasini boqayotganligimi? Yoki berilgan va’dalarga ishonib, 1 yildan buyon «bizga yengillik berilarkan» deb umidvor bo‘lib yurganimi?

Nega davlat rahbarining xalqning ma’lum bir toifasiga yengillik berish haqidagi topshirig‘i 1 yildan buyon bajarilmayapti? Bu topshiriqni turli tashkilotlar o‘z manfaatlarini tiqishtirishga harakat qilib ortga surayotgani ortidan asosiy e’tirozlar bevosita davlat rahbarining manziliga qaratilishini o‘ylab ko‘rishmasmikin? Yo‘q, ular buni o‘ylamaydi va qo‘rqmaydi. Ular xalqqa yengillikni emas, o‘z manfaatlarini o‘ylaydi. Lekin ular kimlar? Yangilanishlar va yengilliklarga qarshi chiqadigan, islohotlarni ortga suradigan kuchlar aslida kim? Nega biz ularni tanimaymiz? Xalq bilsin o‘z «qahramonlarini».

Negadir bizda byurokratik to‘siqlarni o‘rnatish uchun 1 oy yetarli bo‘ladi, lekin uni olib tashlashga yillar ketadi.

Hurmatli mas’ullar, ortiqcha byurokratiya sababli ko‘chalarda o‘n minglab nolegal taksichilar yuradi, ularni davlat hech qanaqa nazorat qila olmaydi. Reyd qilib, taksichilarni qon-qaqshatib jarima tortishdan maza qilayotgan bo‘lsangiz, bu to‘g‘ri yo‘l degani emas. Undan ko‘ra, tartib qancha yengillashsa, qonuniy ishlaydiganlar shuncha ko‘payadi. Buni anglashga katta aql kerak emas.

Taksichilar terrorist emas. Ular o‘zini-o‘zi band qilib, oilasini tebratib yurgan O‘zbekiston fuqarolari. Ularga jinoyatchiday qarashni to‘xtatish kerak.

Xushnudbek Xudoyberdiyev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » «Taksichilar terrorist emas». Prezident topshirig‘i salkam 1 yildan buyon bajarilmayapti