19:51 / 31.03.2021
892

Vaziyat va bahona qurboniga aylanmaylik!

Vaziyat va bahona qurboniga aylanmaylik!
Biz demokratik davlat quryapmiz va bunda fikrlar xilma-xilligi oddiy holat bo‘lishi kerak. Lekin bu milliy qadriyatlar va urf-odatlarni oyoq osti qilib, millat ongi tasavvuriga sig‘dirolmaygan holatlarga baralla da’vat etish degani emas. Ya’ni voyaga yetmaganlarni jinsiy munosabatlarga jalb qilganlar, albatta, jinoiy javobgarlikka tortilishi shart. Qolipga tushmaydigan shaxsiy munosabatlarni jamoat joylarida oshkora qilishni nafaqat jinoyat, balki odob-axloq me’yorlaridan chetga chiqish deb tushunish lozim.

Gulandom Subhonova
Bu masala O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 120-moddasida ham tegishlicha belgilab qo‘yilgan. Ushbu moddaga o‘zgartirish kiritish masalasiga esa, avvalo, din peshvolari, qolaversa, deputatlar munosib javob berishdi. Islomda o‘zini musulmon hisoblagan inson giyohvandlik, fohishabozlik, besoqolbozlik bilan shug‘ullanishi gunoh hisoblanadi.

Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida ro‘y bergan holat bo‘yicha Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov quyidagicha munosabat bildirdi:

«...Aslida, bizniki kabi davlatlarda besoqolbozlikka qarshi qonunlar yengillashtirilsa ham, jamiyat buni qabul qilmaydi va bu quruq qog‘ozda qolib ketaveradi. Chunki, jazo bekor qilinib, bunday toifalar bemalol ko‘cha-ko‘yda o‘zini ko‘rsata boshlasa, «samosud»lar ko‘payib ketishi mumkin. Rasmiy jazo belgilanmagan taqdirda ham, musulmonlardan iborat jamiyat ularni baribir qo‘ymaydi. O‘z-o‘zidan kichik betartibliklar katta muammolarni keltirib chiqaradi. Shuning o‘zi — hamma savolga javob bo‘lishi kerak!..»

Albatta, barcha tashkilotchilarga kirdikorlariga yarasha qonuniy jazo berilishi kerak. Mamlakatimiz ko‘p millatli — bu yerda 130 millat va elat vakillari tinch-totuvlikda yashab, mehnat qilishmoqda. Bayramlarimiz, to‘ylarimiz, o‘tkazayotgan barcha tadbirlarimiz shodliku xursandchilikda o‘tmoqda. Jumladan, biz tojik markazlari uchun barcha shart-sharoitlar mavjud.

Ayniqsa, oxirgi yillardagi islohotlar va yaxshi munosabatlar barchamizni O‘zbekistonimiz uchun halol mehnat qilishga undaydi. Prezidentimiz mehnat faoliyatini boshlagan kunidanoq qo‘shnichilik munosabatlariga katta e’tibor qaratdi. Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegaralarning ochilishi ikki tomon uchun unutilmas shodiyonaga aylandi.

Shuningdek, ikki davlatning pandemiya davrida bir-biriga berayotgan yordamlari kabi muhim va savobli ishlaridan barchamiz quvonchda, qolaversa, duodamiz. Biz tinchlikni, xotirjamlikni, totuvlikni xohlaymiz va bor kuchimizni, ilm-salohiyatimizni yoshlarimiz tarbiyasiga, Vatanimiz ravnaqiga safarbar etamiz.

Gulandom Subhonova,
O‘zbekiston tojik milliy-madaniy markazi raisi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Vaziyat va bahona qurboniga aylanmaylik!