20:53 / 31.03.2021
2 325

O‘zbekistonda blogerlar va sayt egalariga axborot tarqatishda qo‘yilgan talablar kuchaytirildi

O‘zbekistonda blogerlar va sayt egalariga axborot tarqatishda qo‘yilgan talablar kuchaytirildi
O‘zbekistonda sayt yoki sayt sahifasi egalariga, shu jumladan, blogerlarga axborot tarqatishda qo‘yilgan talablar kuchaytirildi. Ularga xususan, tartibsizliklar va mitinglarga chaqiriqlar, jamiyat va davlatga hurmatsizlikni ifodalaydigan ma’lumotlarni e’lon qilish taqiqlanadi.

Bu haqda Prezident tomonidan 30 mart kuni imzolangan qonun bilan «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 12-1-moddasiga (hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish) tegishli qo‘shimcha kiritildi.

Endilikda ushbu modda quyidagi tahrirda bayon etilgan:

«Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasi yoki boshqa axborot resursi egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasi yoxud boshqa axborot resursidan:
  • O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish;
  • ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlikka, belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga da’vat qilish, shuningdek ushbu noqonuniy harakatlarni muvofiqlashtirishga chaqirish;
  • jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatish;
  • urush, zo‘ravonlik va terrorizm, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish;
  • davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor qilish;
  • milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;
  • axloqsiz shaklda ifoda etilgan axborotni, shu jumladan, jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga hurmatsizlikni ko‘rsatadigan ma’lumotlarni tarqatish;
  • giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;
  • pornografiya, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qilish, shuningdek o‘z joniga qasd qilishga undash;
  • fuqarolarni, shu jumladan voyaga etmaganlarni, ularning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga yoki boshqa shaxslarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soladigan noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etishga ishontirishga yoki boshqacha tarzda jalb qilishga qaratilgan ma’lumotlarni tarqatish;
  • qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Shuningdek, sayt egasi va blogerga o‘zlarining internetdagi sahifalarini, shu jumladan, jamoat uchun ochiq bo‘lgan ma’lumotlar joylashtirilgan tezkor xabar almashish tizimlarini kuzatib borish, yuqoridagi ma’lumotlar va materiallarni aniqlash majburiyati yuklatildi.

Bundan tashqari, yuqoridagi talablar bajarilmagani oqibatida sayt egasi yoki bloger tomonidan huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan shaxslar o‘z huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si, shu jumladan, yetkazilgan zararni qoplash talablari bilan belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Qonunga kiritilgan tegishli o‘zgarishlar 31 martdan e’tiboran kuchga kirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda blogerlar va sayt egalariga axborot tarqatishda qo‘yilgan talablar kuchaytirildi