21:28 / 31.03.2021
2 871

Sergeli hokimi: «Konteynerga ko‘chib o‘tishga arzigulik ayb ish qilganim yo‘q»

Sergeli hokimi: «Konteynerga ko‘chib o‘tishga arzigulik ayb ish qilganim yo‘q»
Elbek Shukurov.
Kadr: YouTube / Alter Ego

Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov YouTube’dagi Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida amaldorlarning yashash uchun konteynerlarga ko‘chib o‘tayotganiga munosabat bildirdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz».

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev «Shodiyona» (Farg‘ona) va «Bunyodkor» (Namangan) mahallalaridagi ahvolni «prezident siyosatiga xiyonat» deb atagan edi. U viloyatlar hokimlari va prokurorlariga muammolarni «pastdan» o‘rganish uchun mahallalarga ko‘chib o‘tishni taklif qilgan edi. Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va boshqalar shunday qildi ham.

Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov esa yashash uchun konteynerga ko‘chib o‘tmoqchi emas.

«Konteynerga ko‘chib o‘tishga arzigulik ayb ish qilganim yo‘q, deb o‘ylayman. Ammo muammolar juda ko‘p. Agar konteynerga ko‘chib o‘tganlarga e’tibor qaratilsa, bir tomondan bu, balki, to‘g‘ridir. Hududlar katta, bir chekkasidan ikkinchisiga borish uchun bir soat vaqt ketadigan tumanlar bor. Shuningdek, agar hokim bir mahalla bilan to‘liq shug‘ullanmoqchi bo‘lsa, ehtimol, u yerga konteyner o‘rnatib, yashashidan ma’no ham bordir», — dedi u.

Sergeli tumani hokimining qo‘shimcha qilishicha, Prezident «hamma konteynerlarga ko‘chib o‘tsin», deb aytmagan.

«Men buni aniq eslayman — u buni aytmagan edi. Pastga tushish kerakligini aytgan. Hatto Chirchiq bo‘yicha ham: ‘Qo‘lingga belkurak olib, hammasini o‘zing tozalaysan’, degandi. Lekin u konteynerga ko‘chib o‘tish haqida aytmagandi», — deya ta’kidladi Sergeli hokimi.

Bunda gap Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga tashrifi haqida bormoqda. Chirchiqdagi «Iftixor» mahallasiga uyushtirilgan kutilmagan tashrif vaqtida davlat rahbari mahallaning ahvoli uchun IIB boshlig‘ini (mahalla u rahbarlik qiladigan sektorda bo‘lgan) tanqid qilgan edi. Oradan bir necha kun o‘tib, mahallada IIB boshlig‘ining xizmat uyi ko‘rinishidagi konteyner paydo bo‘lgandi.

Elbek Shukurovning aytishicha, u Sergeli tumanidagi boshqa sektorlarning rahbarlari bilan birgalikda sayyor mikroavtobusdan foydalanadi.

«Odatda biz o‘zimizning ‘to‘rtlik’ (to‘rtta sektor boshliqlari — hokim, prokuror, IIB va Davlat soliq inspeksiyasi boshliqlari) bilan o‘sha mikroavtobusda tumanni aylanib chiqamiz. Agar qayerdadir bir yo ikki kun qolishimizga to‘g‘ri kelsa, shu mikroavtobus bizning sayyor shtabimizga aylanadi. U yerda sharoitlar bor: televizor, nimanidir yozib olish, rejalashtirish, chizish kerak bo‘lsa — stol, degandek. Unga taxminan 12-14 kishi sig‘adi. Toshkent ixchamgina-ku. Menimcha, konteynerga ko‘chib o‘tish uchun zarurat yo‘q. Men ko‘chib o‘tmayman», — dedi u.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sergeli hokimi: «Konteynerga ko‘chib o‘tishga arzigulik ayb ish qilganim yo‘q»