22:02 / 31.03.2021
3 225

Bir erkak va bir ayolni LGBT vakillari deb o‘ylab kaltaklagan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bir erkak va bir ayolni LGBT vakillari deb o‘ylab kaltaklagan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkent markazidagi Amir Temur maydonida LGBT harakatiga qarshi yig‘ilib, o‘sha yerdan o‘tib ketayotgan ikki shaxsni harakat vakili deb o‘ylab, kaltaklagan shaxslar ushlandi, deya xabar qilmoqda Toshkent shahar IIBB.

Toshkent shahar Amir Temur maydonida 28 mart kuni bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar vaqtida jabrlangan fuqarolarning shikoyati aks etgan audio va videoyozuvlar tarqaldi. Vaziyat Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan nazoratga olinib, jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Boshqarma tomonidan tartibsizlikda ishtirok etgan va jabrlanganlar tergovga jalb qilingan.

Ma’lum qilinishicha, 28 mart kuni LGBT’ni qo‘llab quvvatlovchi shaxslar Amir Temur maydoniga yig‘ilmoqchi bo‘lgan. Ularga qarshilik ko‘rsatish maqsadida 25-30 nafar fuqaro kelib, o‘sha yerdan o‘tib ketayotgan ikki nafar shaxsni LGBT tarafdorlari sifatida ko‘rishib, ularga tan jarohati yetkazgan.

«Amir Temur xiyobonida ko‘rgan odamlarni tanib oldim. Ichki ishlar xodimlariga ularni jazosiz qoldirishmagani uchun ham rahmat», – deydi jabrlanuvchi ayol.

Shuningdek, jabrlanuvchi erkak ham aybdorlarni topishda yordam bergani uchun IIO xodimlaridan minnatdorligini aytgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov natijalariga ko‘ra huquqiy baho berilishi ta’kidlandi.

Keyinroq, Toshkent shahar IIBBning ushbu videoxabari boshqarmaning Telegram-kanalidan o‘chirib yuborildi. Biroq, video boshqa kanallarda tarqalishiga ulgurdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bir jinsli munosabatlarning qonuniylashtirilishiga qarshi bo‘lgan faollar 28 mart kuni o‘z noroziliklarini bildirish maqsadida Toshkent markazidagi Amir Temur xiyoboni oldida to‘plangandi. Keyinroq Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati LGBT faollariga qarshi norozilik holatidan so‘ng 12 kishi ushlanganini ma’lum qildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Sherbek Bo‘ronov, Gulbahor Saydg‘aniyeva va Gulruh Agzamova so‘nggi kunlarda Toshkentda yuz bergan voqealarga o‘z munosabatlarini bildirdi.

Deputat Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotiga qarshi «yumshoq jazo»ni kuchaytirishga, Rasul Kusherbayev esa provokatorlarga chora ko‘rishga chaqirdi. Keyinroq LGBT huquqlarini himoya qilgan bloger Miraziz Bozorov o‘z uyi oldida do‘pposlab ketilgani ma’lum qilindi. Ushbu mojarolar haqida 30 mart kuni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham munosabat bildirib, xalqaro tashkilotlarni O‘zbekiston yoki boshqa har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishga chaqirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bir erkak va bir ayolni LGBT vakillari deb o‘ylab kaltaklagan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi