12:39 / 04.04.2021
1 139

Transport vazirligi: Toshkent metrosida tomosha uyushtirganlar jazolanadi

Transport vazirligi: Toshkent metrosida tomosha uyushtirganlar jazolanadi
Bir guruh yoshlar Toshkent metrosida to‘y va choyxona sahnalarini uyushtirib, uni videoga olgan holda internetga tarqatdi. Videolarda metro vagonidagi kelinsalom marosimi, xontaxta atrofidagi oshxo‘rlik sahnalarini ko‘rish mumkin.

Bu holatlar ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo‘ldi. Kun.uz Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatovdan olgan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda shunday tomoshani uyushtirgan yoshlarning shaxslari aniqlashtirilmoqda.

«Jamiyatda yurish-turish va odob-axloq qoidalari bor. Buni qanchalik bajarish yoki bajarmaslik fuqaroning o‘z madaniyati va tarbiyasi bilan bog‘liq. Videodan ko‘rinib turibdiki, bu yoshlar jamiyatdagi shunday qoidalarni mensimasdan, jamoat joyida tartib-qoidalarni qo‘pol ravishda buzishgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan ularning shaxslari aniqlashtirilmoqda. Ularga ham, agar voyaga yetmagan bo‘lishsa, ota-onalariga ham tegishli tartibda albatta chora ko‘riladi
», – dedi Ashurmatov.

U bunaqa holatlar ko‘payib borayotgani, ulardan boshqalar ham o‘rnak olishayotganini ta’kidlab o‘tgan.

«Toshkent metropolitenidagi har bir bekatda nazoratchilar bor, lekin ular vagon ichida ketishmaydi. Video vagon yurib ketayotgan paytda olingan. Metropolitenga xontaxta va shunga o‘xshash buyumlarni olib kirish yoki milliy libosda kirishga esa taqiq yo‘q. Achinarlisi, jamoatchilik vakillari ham bu holatga tomoshabin sifatida qarab, suratlarga olib tarqatishgan», – dedi vazirlik matbuot kotibi.

Navro‘z Ashurmatov videoda karantin cheklovlaridan eng asosiysi – jamoat transportida tibbiy niqobsiz harakatlanmaslik tartibi ham buzilganiga e’tibor qaratgan.

Joriy yilning 1 aprelidan jamoat joylarida karantin cheklovlariga rioya etilishi ustidan nazorat qat’iylashtirilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Transport vazirligi: Toshkent metrosida tomosha uyushtirganlar jazolanadi