09:00 / 06.04.2021
2 192

Milliy universitet xodimi ro‘molli qizlarni ibodat libosida kelishda aybladi

Milliy universitet xodimi ro‘molli qizlarni ibodat libosida kelishda aybladi
2021 yilning 2 aprel kuni O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dekani o‘rinbosari Ravshan Omonov talabalar bilan o‘tkazgan majlisda yashirin yozib olingan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Lavhadan ma’lum bo‘lishicha, majlisda dekan o‘rinbosari talaba qizlarga universitet hududiga ibodat libosida kelish taqiqlanishini, bunday kiyingan talaba qizlarni darsga kiritgan o‘qituvchilarga ham chora ko‘rilishini bildirgan.

«O‘qishga ibodat libosida kelish taqiqlanadi, bunday kiyinganlarni darsga kiritgan o‘qituvchilarga ham chora ko‘riladi. Tashqarida qanday yurish o‘zingizning ixtiyoringiz, lekin universitet hududiga kirgan vaqtda ro‘molni orqa tarafga o‘rab olishga majbursizlar.

Agar universitetning bu tartibi, qonun-qoidasi sizlarga to‘g‘ri kelmasa, marhamat qilib universitet bilan shartnomani bekor qilishingiz va shunga ruxsat bergan boshqa OTMga o‘tishingiz mumkin
», – degan u.

O‘zbekistondagi eng katta oliygohda bo‘lib o‘tgan ushbu majlis ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining noroziliklariga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik bu holatni ichki tartib-qoidalar bahonasida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini buzish deya baholadi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari qachongacha ilm-fan qolib, kiyinish va «forma» kabi mayda-chuydalar bilan o‘ralashib yurishi tanqid qilingan.

Ushbu videolavha tarmoqda tarqalgan kunning o‘zida dekan o‘rinbosari Ravshan Omonov Facebook sahifasida holat bo‘yicha izoh yozdi.

«Avvalo rizq Allohdan. Bu universitet ichki tartib-qoidalari va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-1-moddasi talabi bo‘yicha kechki ta’lim yo‘nalishida o‘qiydigan 1-kurs talabalari bilan o‘tkazilgan profilaktik suhbat va tavsiyaviy xarakterdagi ko‘rsatma bo‘lgan, xolos. Lekin, hech bir talabaga majburiy ravishda bu talablarga bo‘ysunish sharti qo‘yilmaganini ma’lum qilaman. Qolaversa, hech kim qizlarning ro‘mol o‘rashiga qarshi emas. Men topshiriq ijrochisiman. Ya’ni ichki tartib-intizom va kodeksini men ishlab chiqmaganman», – deya yozgan u.

Ko‘p vaqt o‘tmay bu post o‘chirib tashlangan.

Keyinchalik, Ravshan Omonov o‘sha video bo‘yicha postlardan biri ostida bunday topshiriqni aslida kimlar berishiga shama qilib ketadi, lekin aynan qaysi tashkilotligini ochiqlamaydi.

«Xafa bo‘lmang-ku, o‘shalar sizga ko‘rsatma bersa 10 martalab bajarasiz. Menimcha, tushundingiz gap kim haqidaligiga», – deydi u.

Vaziyatga izoh olish uchun Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati bilan bog‘landik. Vazirlik vakili Ravshan Omonovga talabalarning ro‘mol o‘rashini taqiqlash bo‘yicha vazirlik tomonidan hech qanday topshiriq berilmaganini ma’lum qildi. Ushbu vaziyatda dekan o‘rinbosarining xatti-harakatlariga O‘zbekiston Milliy universiteti ichki tartib-qoidalari va OTM jamoatchilik kengashi qarori asosida baho berilishi qo‘shimcha qilindi.

O‘zbekiston Milliy universiteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Kamoliddin Mirzaahmedov Kun.uz'ga bergan izohida ushbu holatdan rektoratning xabari borligini bildirdi. Ayni vaqtda jurnalistika fakulteti dekani o‘rinbosariga kim bunday topshiriq bergani va nima uchun darsda bu gaplar aytilgani yuzasidan universitet ichki surishtiruvi o‘tkazilmoqda.

Kamoliddin Mirzaahmedov ishga doir barcha holatlar aniqlangach, O‘zbekiston Milliy universiteti jamoatchilik oldida ochiq hisobot berishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston qonunchiligidagi «ibodat libosi» tushunchasi amaliyotda qo‘llashdagi doimiy tushunmovchiliklar hamon muhokamalarga sabab bo‘lib kelmoqda.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Avvalroq, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Islom dinida bunday tushuncha yo‘qligini va qonunchilikdan ushbu termin chiqarib yuborilishi kerakligini aytgan edi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi rahbari Akmal Saidov ham bu masala erkin bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. «Aslida, har millatning o‘z libosi bo‘lgan. Masalan, paranji bizda bo‘lgan, ammo musulmon davlatlarda paranji degan tushuncha yo‘q. Bu nuqtada milliy va diniy libos tushunchalari aralashib ketgan. Mening o‘ylashimcha, shu masala erkin bo‘lishi kerak», - degandi u.

Shuningdek, 2020 yilning sentabr oyida Qonunchilik palatasining yalpi majlisida «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasini taqdim qilgan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov unda aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri – fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklov olib tashlanayotganini bildirdi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi qoida bekor qilinayotganini, ibodat libosi tushunchasining huquqiy ta’rifi mavjud emasligi bilan izohlagan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Milliy universitet xodimi ro‘molli qizlarni ibodat libosida kelishda aybladi