12:00 / 05.04.2021
352

5 aprel – Davlat xavfsizlik xizmati kuni

5 aprel – Davlat xavfsizlik xizmati kuni
Tinchlik-xotirjamlik, farovon va osuda hayotni ta’minlash har bir davrda, har bir davlat uchun eng muhim vazifa bo‘lib kelgan.

O‘tmishda ham, bugungi kunda ham davlatning qudratli bo‘lishida, uning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilishda maxsus xizmatlarning hissasi beqiyos bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish, xalqimizning yanada farovon va to‘kin hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda Davlat xavfsizlik xizmati idoralari ham kamarbasta bo‘lmoqda.
Xususan, 2020 yilda DXX idoralari sa’y-harakati bilan 4 ta terrorchilik aktining oldi olindi. Ulardan 2 tasi O‘zbekistonda, 2 tasi MDH mamlakatlarida sodir etilishi rejalashtirilgan edi.

Ekstremistik va terroristik tashkilotlarning 67 ta yashirin guruhlari faoliyatiga chek qo‘yildi. Ekstremizm va terrorizmga aloqadorlikda ayblanib, xorijda yashirinib yurgan 98 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatimizga olib kelindi hamda javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, 747 kg.dan ortiq giyohvand moddalar, 251 ming dona psixotrop tabletkalar, 594 dona qurol, 4.781 dona o‘q-dori va 24,4 kg portlovchi moddalar noqonuniy muomaladan olindi. 540 dan ortiq korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi.

Budjet va kredit mablag‘larining talon-taroj qilinishi hamda maqsadsiz ishlatilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlanib, 557 mlrd. so‘m davlat foydasiga undirildi. Noqonuniy migratsiya va odam savdosiga aloqador 102 ta jinoiy guruh fosh etildi.

Davlatimiz sarhadlaridan noqonuniy olib o‘tilgan 58,3 mlrd. so‘mlik tovar-moddiy boyliklar qo‘lga olindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga ko‘ra amalga oshirilgan “Mehr 3” va “Mehr 4” gumanitar operatsiyalari doirasida Suriya va Afg‘oniston davlatlarida og‘ir sharoitda qolgan 122 nafar ayollar va bolalar mamlakatimizga olib kelindi.

Ta’kidlash lozimki, bugun dunyoning turli nuqtalarida kuzatilayotgan notinchliklar, qurolli to‘qnashuvlar ayrim davlatlarning barqarorligiga tahdid solib, taraqqiyotini o‘n yillarga ortga surib yuborishi mumkin. Bunday fojiali taqdirlar esa har birimizni mushohada qilishga, saboq chiqarishga chorlaydi.
Haqiqat shuki – Vatan himoyasi oson yumush emas.

Zero, bu sharafli yo‘lda DXX xodimlari mustahkam qalqon bo‘lishga tayyordirlar!

DXX matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 5 aprel – Davlat xavfsizlik xizmati kuni