07:00 / 07.04.2021
3 771

Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro maktab-internatining ochilish marosimi

Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro maktab-internatining ochilish marosimi
Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim tizimini ham shaklan, ham mazmunan yangilash yo‘lida jadal islohotlar olib borilmoqda.

Xorazm viloyatining Shovot tumanida 45 yildan beri faoliyat yuritib, yetuk kadrlar yetishtirib kelayotgan Al-Xorazmiy nomli fizika-matematikaga ixtisoslashtirilgan maktab-internat negizida tashkil etilgan Al-Xorazmiy nomli Xalqaro maktab-internati ham ushbu islohotlarning uzviy davomidir.

Bundan bir yil avval Prezidentimizning Xorazmga tashrifi vaqtida alohida tilga olib o‘tilgan ushbu maktab negizida Xalqaro maktab internat tashkil qilish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan edi.

Mana oradan bir yil o‘tib ushbu zamonaviy, innovatsion ta’lim dargohi padegoglar jamoasi va o‘qituvchilarga tantanali ravishda topshirildi.

Ta’kidlash joiz, mazkur maktab iste’dodli yoshlarni tarbiyalash bo‘yicha o‘ziga xos boy tajribaga va ko‘rsatkichlarga ega. Maktabni tamomlagan 3 719 nafar o‘quvchidan 3 014 nafari, ya’ni bitiruvchilarning 81,0 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan. Maktab fizika va matematika bo‘yicha sobiq SSSR miqyosida ham katta nufuzga ega bo‘lgan. 81 nafar o‘quvchilar matematika va fizika fanlaridan respublika olimpiadalarida, 34 nafar o‘quvchilar esa sobiq SSSR va xalqaro olimpiadalarda munosib ishtirok etib, O‘zbekiston ilm-fani shuhratini baland ko‘tarishgan.

Ushbu maktabda 105 ta fan doktorlari va fan nomzodlari yetishib chiqqan. Maktab bitiruvchilardan 2 nafari senator, 1 nafar Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, 1 nafari vazir, 2 nafari respublika bank raisi va o‘rinbosari, 14 nafari hokim va o‘rinbosarlar, 100 nafari sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimi xodimlaridir.

Ta’kidlash joizki, maktab tashkil etilgan 1976 yildan beri o‘tgan 45 yil ichida biror marta ham kapital ta’mirlanmagan. Endilikda esa qisqa fursatda zamonaviy tipdagi mazkur smart inshoot shinam va ko‘rkam ko‘rinishda qad rostladi. Maydoni 32 ming kvadrat metr bo‘lgan zamonaviy kampusda 7 ta blokdan iborat inshootlar, xususan, o‘quv binosi, ma’muriyat, oshxona, 400 o‘rinli zamonaviy yotoqxona, mehmonxona, sport zallari hamda dam olish maskanlari joy olgan.

Ta’lim dargohining ochilish marosimida maktabning faxriy ustozlari, sobiq bitiruvchilari, ota-onalar qatorida hurmatli mehmonlar ham ishtirok etishdi. Xususan, Xorazm viloyat hokimi Ermanov Farhod O‘rozboyevich, xalq ta’limi vaziri Shermatov Sherzod Xatamovich; adliya vaziri, ushbu maktabning bitiruvchisi Davletov Ruslanbek Kuroltayevichlar so‘zga chiqib, mamlakatimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar va u mazkur xalqaro maktabning ta’lim tizimida tutgan o‘rni hamda ahamiyati haqida gapirdilar.

Xususan, adliya vaziri R.Davletov o‘z nutqida davlat Rahbarining bundan bir yil avval ilgari surgan Shovotdagi fizika-matematika internatiga xalqaro maqom berib, zamonaviy ta’lim maskani barpo etish tashabbuslariga Adliya vazirligining kamtargina hissasi qo‘shilganidan benihoya mamnun ekanligini, shuningdek maktab qurilishiga o‘z mablag‘lari, mehnati va e’tiborini ayamagan homiylar, sobiq bitiruvchilar, mahalliy hokimlik organlari hamda barcha ta’lim fidoyilariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Shundan so‘ng Al-Xorazmiy haykali va bevosita maktab binosining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar va ota-onalar yangi ta’mirdan chiqqan zamonaviy maktab binosini, unda ta’lim olish va har tomonlama rivojlanish uchun yosh avlodga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

Ta’kidlash joiz, mazkur maktab-internatining rekonstruksiya qilinishi Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan ta’lim islohotlarining izchil davomi bo‘lib, Adliya vazirligi ushbu maktab ta’mirlanishi jarayonlarida islohotlarni qo‘llovchi sifatida ishtirok etdi.

Ushbu ijobiy o‘zgarishlar va yangilanishlar maktab pedagoglar jamoasi va o‘quvchilariga ilm-fanning yangi marralarini zabt etish va mamlakatimiz taraqqiyotiga ulkan hissalarini qo‘shish uchun munosib maskanga aylanishi shubhasiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro maktab-internatining ochilish marosimi