12:45 / 07.04.2021
1 001

«Raqamli amneziya»: dijitalning inson miyasiga salbiy ta’siri haqida

«Raqamli amneziya»: dijitalning inson miyasiga salbiy ta’siri haqida
Foto: «Elorda.info»
Biz gadjetlarni kuniga 10 martadan ko‘p ishlatamiz, smartfonimizni har 12 daqiqada tekshiramiz, sutkasiga 2 ming marta ekranga qo‘l tekkizamiz. Vaqt me’yorini unutamiz, sonlar, raqamlar, sanalarni eslab qololmaymiz. Tobora tajang, betoqat, befarq bo‘lib boryapmiz. Ruhiyatimizda jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda.

Raqamli texnologiyalar bizni o‘zgartiryapti
Jurnalist Nikolas Karr 2008 yilda «Google bizlarni ahmoqlarga aylantiryapti» nomli munozarali essesini omma e’tiboriga havola etgan edi. Muallif internet insonning fikrlash qobiliyati, xotirasi, diqqat-e’tibori va dunyoqarashiga qanchalik ta’sir o‘tkazayotgani haqida fikr yuritadi: «Oxirgi paytlarda menda noxush hissiyotlar paydo bo‘la boshladi: go‘yo kimdir yo nimadir mening miyamni o‘zgartirayotganday, asab tizimlarimni chigallashtirayotganday, xotiramni qayta dasturlayotganday.

Mening fikrlashim o‘zgardi. Buni, ayniqsa, mutolaa paytida yaqqol sezaman. Ilgarilari men kitobga butun borlig‘im bilan soatlab sho‘ng‘ib ketardim. Endi esa bir necha satrlarni o‘qigach diqqatim oshadi. Asabiylashishni boshlayman, boshqa narsalarga chalg‘iyman, mutolaani biror boshqa mashg‘ulot bilan teng olib borish istagi paydo bo‘ladi. Mutolaaga borlig‘im bilan sho‘ng‘ish yakkama-yakka jang bilan barobar mashaqqatga aylandi».

Zamonaviy neyrotadqiqotlarga ko‘ra, inson hayoti davomida orttirgan odatlari va tajribalari miya neyron tizimlarini o‘zgartirishga qodir. Misol uchun, harf tanimaydigan odam bilan o‘qishni biladigan odamning miya faoliyati o‘rtasida farq bor. Agar mutolaa odamning miya faoliyatini o‘zgartirishga qodir bo‘lsa, tasavvur qiling, raqamli texnologiyalar qanchalik ta’sir etishi mumkin.

Neyrobiolog olimlar raqamli turmush tarzi odamlarining miya faoliyatidagi o‘zgarishlari haqida xulosa qilishga hali erta, chunki bu dunyoga kirib kelganimizga ko‘p bo‘lgani yo‘q, deyishadi. Lekin dastlabki kuzatuvlarning natijalari xavotirlar o‘rinli ekanini ko‘rsatmoqda.

1. Diqqat-e’tiborni jamlash qobiliyatimiz qisqardi
Smartfonlar, planshetlar va boshqa zamonaviy internet vositalari davrigacha yashagan insonning miyasi o‘rtacha 12 soniyagacha yuqori konsentratsiya (diqqatni jamlash) xususiyatiga ega edi. Bugun bu muddat 8 soniyagacha qisqardi, ya’ni inson miyasi akvarium baliqchasichalik eslab qolish qobiliyatiga ega emas.

Biz diqqat-e’tiborimizni jamlay olmaslikdan qiynalamiz: matnni to‘liq o‘qish o‘rniga havolalar orqali boshqa matnlarga o‘tamiz, messenjerlarda kelgan xabarlarga chalg‘iymiz, elektron pochtamizni ochamiz va hokazo. Natijada shaxsiy munosabatlarimizdan tortib bilim olish jarayoni kabi jiddiy o‘zlashtirish qobiliyatlarimiz sustlashadi. Samaradorlik pasayadi. Chunki bu jarayon diqqat-e’tiborni talab etadi.

2. Biz bir vaqtning o‘zida bir necha vazifani bajarishga urinamiz
Biz bir vaqtning o‘zida YouTubeda videorolik ko‘ra turib, telefonda gaplashib, yozma xabarlarga javob beramiz. Biroq, tadqiqotchilarning fikricha, inson miyasi bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajarish qobiliyatiga ega emas. Bu multitasking (lotinchadan «multi» — ko‘p, inglizchadan «task» — vazifa) qobiliyat, go‘yo, aslida esa bir faoliyatdan boshqasiga tez-tez o‘tish miya faoliyati samradorligini pasaytiradi.

O‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, multitasking, ya’ni bir nechta vazifani bir vaqtning o‘zida bajarish qobiliyatini inson o‘zlashtirishi mumkin. Hatto ba’zilar raqamli sharoit muhitida bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifalarni bajarishni uddalaydi. Lekin oddiy turmush sharoitidagi real vazifalarni bir vaqtning o‘zida bajarish qobiliyatiga ega emas. Virtual «chaqqon» real muhitda bir vazifadan ikkinchisiga o‘tishi mushkulligi aniqlandi.

3. Xotiramiz yomonlashyapti
Tadqiqotchilar keksa avlod vakillari xotirasidan ko‘ra yosh avlod vakillarining xotirasi yomon ekanligini aniqladilar. Bu zamonaviy texnologiyalardan uzluksiz foydalanishning ta’siri deb taxmin qilmoqdalar. Biror bir axborotni eslab qolish uchun zamonaviy inson ma’lumotni ishchi xotiradan doimiy xotiraga o‘tkazishi kerak bo‘lyapti. Chunki inson miyasi doimiy ravishda yangilanib turgan axborot oqimini o‘zlashtirish qobiliyatiga ega emas.

Raqamli avlod xotirasining yomonlashuviga yana bir sabab: ma’lumotni «sun’iy eslab qolish» ko‘nikmasiga tayanishidadir. Buni tadqiqotchilar «raqamli amneziya» deb nomlaganlar. Zamonaviy inson tug‘ilgan kun sanasi, uchrashuv joyi, ismlar, telefon raqamlari, sonlar kabi ma’lumotlarni eslab qolish uchun «tashqi xotira»ni ishga soladi, ya’ni mobil telefon, planshet, kompyuterlardan foydalanadi.

4. Miyamizga hordiq bermayapmiz
Biz doimiy ravishda axborot oqimi ichidamiz, miyamiz bilan yolg‘iz qolib, o‘y-xayollarga berilishni unutdik. Olimlar xayollarga erk berish miya uchun zarur ekanligini aniqladilar. Bu defolt-tizim deyiladi. Miya tashqi axborotdan o‘zini chegaralab, yig‘ilib qolgan ma’lumotlarni qayta ishlashi, turli axborotni o‘zaro bog‘lashi, shular asosida bilimini boyitishi zarur jarayon.

Agar inson miyasiga dam bermasa, ya’ni defolt-tizimga o‘tkazmasa, uning kognitiv imkoniyatlari tobora pasayib borib, turli depressiv holatlar, xavotirli tuyg‘ularning miyada uyg‘onish xavfi tug‘iladi.

Zamonaviy dunyoga moslashish uchun miyaga qanday yordam kerak?
Kasalliklarni tibbiy klassifikatsiyalash me’yorlari bo‘yicha yaqin kelajakda «raqamli qaramlik» tashxisi tibbiyotga kirib kelishi mumkin. Kasallikning belgilari — diqqat-e’tiborni jamlay olmaslik va masala mohiyatini anglamaslik.

Raqamli qaramlik kasalligining ba’zi belgilari:
  • Erta tongda va kechqurun uyquga yotishdan oldin ko‘rgan birinchi va oxirgi buyumingiz bu — smartfoningiz ekrani.
  • Smartfoningiz yoki noutbukingizni unutib qoldirsangiz qattiq tashvishga tushish, betoqat bo‘lish.
  • Xonadon bo‘ylab yurganingizda ham doim qo‘lingizda device (televizor pulti, qo‘l telefoningiz, sichqoncha va h.k.) bo‘lishi.
  • Bir vaqtning o‘zida bir nechta ekranlardan foydalanish odati: noutbukda video ko‘ra turib, qo‘l telefoningizda boshqa ma’lumotlarga, misol uchun Facebook lentasiga chalg‘ish.
  • Kuni kecha o‘qigan maqolangizning mazmunini eslay olmaslik.
  • Siz raqamli jimlik muhitida bo‘lmasligingiz, demak, siz doimiy axborot oqimidasiz.
  • Atrofingizdagilar bilan suhbatlashish bilan bir qatorda telefoningizdagi yangiliklarni «varaqlashingiz».

Raqamli dunyo muhitida miyani to‘g‘ri oziqlantirish muhim vazifa

Quyida ba’zi mashqlarni havola etamiz:

1. Anglash qobiliyatingizni mashq qildiring: buning uchun chuqur ma’noli falsafiy kitoblar o‘qish shart emas. Bor-yo‘g‘i ko‘zlaringizni yumib, nafas olishingizga quloq solishingiz kifoya. Diqqat-e’tiboringizni nafasingizga jamlang. Bu holat axborot oqimini, tashqi axborot noxushliklari ta’sirini kamaytiradi, halovat va osudalik tuyg‘usini uyg‘otadi.

2. Diqqat-e’tiboringizni jamlash ko‘nikmasini mashq qiling. Buning uchun badiiy kitob o‘qish, matematik masalalarni yechish, shaxmat o‘ynash kabi mashg‘ulotlar bilan o‘zingizni band qiling. Asosiysi — mashg‘ulotga butun borlig‘ingiz bilan «sho‘ng‘ing», har besh soniyada smartfoningiz ekraniga qo‘l tekizavermang (iloji bo‘lsa, axborot tashuvchi har qanday texnikani o‘zingizdan nariroqqa qo‘yishingiz maqsadga muvofiq).

3. Pomodoro (vaqtni boshqarish) texnikasini qo‘llang. 25 daqiqa ish — 5 daqiqa dam — yana 25 daqiqa ish. Keyingi paytda ommalashib ketgan bu kabi taym-menejment texnikasining bir nechta o‘ziga xos sirlari bor:
  • har 25 daqiqalik ish vaqtingizni to‘g‘ri shakllantiring, yaxshisi, ovozingizni chiqarib qanday ishni bajarishingizni o‘zingizga ta’kidlang; messenjer va ijtimoiy tarmoqlarga chalg‘imang, eng to‘g‘ri qaror — ularni tashuvchi texnika ovozini o‘chirib qo‘ying;
  • 25 daqiqalik «ish vaqti» davomida biror yumushni zudlik bilan bajarish istagi paydo bo‘lsa (misol uchun do‘stingizni tug‘ilgan kuni bilan tabriklash kerak), biror qog‘ozga uni yozib qo‘ying. Ishdan chalg‘imang. Faqat 25 daqiqalik ish vaqtingiz o‘tganidan keyin qo‘shimcha ishni bajarishingiz mumkin.

4. Raqamli gigiyena qoidalariga rioya qiling:
  • Elektron vositalar va qo‘l telefoningizni o‘zingiz bilan olib bormaydigan joylarni belgilab oling: oshxona, hammom, hojatxona va h.k. Devayslardan foydalanmaydigan vaqtingizni belgilab oling.
  • Ekran vaqtini nimaga sraflayotganingizni nazorat qilib boruvchi ilovalarni sozlab oling: Android qurilmalar uchun Screen Time, Stay Free, iPhone, iPad uchun «ekran vaqti» ichki funksiyalari, mobil qurilmalar uchun Rescue Time kabi ilovalar mavjud. Shuningdek, ba’zi saytlarni bloklash tizimini ishga tushiring.
  • Qo‘lingizga smartfon, planshet yoki noutbukni olar ekansiz, har safar o‘zingizga qurilma sizga nima ishni bajarish uchun kerakligini ta’kidlang.

5. Xayollaringizga erk bering. Ish orasida har bir soatda o‘rningizdan turib, derazani ochib, toza havodan nafas oling, manzaraga qarang, o‘zingiz uchun besh daqiqalik tanaffus e’lon qiling. Uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘lganingizda har qanday axborot vositasini ko‘rish, tinglashni o‘zingizga ta’qiqlang. Xayollaringizga erk bering.

Zamonaviy texnologiyalar fikrlash qobiliyatimizni qay darajada o‘zgartirib yuborgani haqidagi ushbu maqola Psych Central va World Psychiatry jurnallari tadqiqotlari asosida tayyorlandi.

Muhayyo Saidova tarjimasi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » «Raqamli amneziya»: dijitalning inson miyasiga salbiy ta’siri haqida