23:04 / 08.04.2021
1 567

Davlat bojxona qo‘mitasida Turkiya Respublikasi Savdo vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Davlat bojxona qo‘mitasida Turkiya Respublikasi Savdo vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Ayni vaqtda mamlakatimizda bo‘lib turgan Turkiya Respublikasi Savdo vaziri Ruxsar Pekjan boshchiligidagi delegatsiya Davlat bojxona qo‘mitasiga ham tashrif buyurdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarliklarida olib borilayotgan faol tashqi siyosat natijasida O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan xalqaro hamkorligi tobora kengayib bormoqda. Bu O‘zbekiston-Turkiya hamkorligida ham o‘zining munosib ifodasini topib, turli sohalarda, jumladan bojxona sohasida ham jadal rivojlanmoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi M.Azimov mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, ikki tomonlama uchrashuvda o‘zaro bojxona hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari, bojxona-savdo tartibotlarini soddalashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga ko‘proq qulayliklar yaratish, bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va hamkorlikning boshqa bir qator ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.

Ta’kidlash joizki, Turkiya Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 aprel – 1 may kunlari O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida, Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Turkiya Respublikasi Savdo vazirligining Bojxona bosh direktorati o‘rtasida “Qo‘shma bojxona kengashi” tashkil qilingan edi.

O‘tgan qisqa fursat davomida mazkur Kengash faoliyati kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish, bojxona nazorati samaradorligini oshirish va bojxona tartib-tamollarini tezlashtirish, bojxona ko‘rigida qo‘llaniladigan texnologiyalarni takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro samarali va manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Kengashning birinchi yig‘ilishi 2019 yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, uchrashuvda Kengashning ikkinchi yig‘ilishini kelgusida Anqara shahrida o‘tkazishga kelishildi.

Tadbir yakunida tomonlar “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Turkiya Respublikasi Savdo vazirligi o‘rtasida tashqi savdo statistikasi sohasida metodologik va axboriy hamkorlik qilish to‘g‘risida”gi Bayonnomani imzoladilar.

Mazkur Bayonnomaga asosan bojxona xizmatlari ikki tomonlama savdo yo‘nalishida o‘z davlatlarining tashqi savdo sohasidagi ma’lumotlari muhimligi, aniqligi va o‘zaro mutanosibligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qiladilar.

Bayonnoma bojxona statistikasi sohasidagi ma’lumotlarning haqqoniyligini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tovarlar haqidagi ma’lumotlarni to‘liq va to‘g‘ri deklaratsiyalanishini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi bojxona qonunchiligi buzilishi holatlarini aniqlash, ularning oldini olish va bartaraf qilishda samara beradi.

Uchrashuvda Ruxsar Pekjan xonim bojxona sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga, bojxona sohasida ilg‘or tajriba almashishga tayyor ekanligini bildirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Davlat bojxona qo‘mitasida Turkiya Respublikasi Savdo vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi