13:00 / 09.04.2021
1 425

O‘zbekistonda aholining internetdan foydalanish madaniyatini oshirish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda aholining internetdan foydalanish madaniyatini oshirish rejalashtirilmoqda
Prezident tomonidan «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.

Hujjat bilan quyidagilar ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
  • ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish;
  • ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish;
  • oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiya uzviyligini ta’minlash;
  • aholining internetdan foydalanish madaniyatini oshirish, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish;
  • geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam o‘rganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish hamda bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
  • el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘nalishidagi, ilmiy-tadqiqot va targ‘ibot-tashviqot yo‘nalishidagi qo‘shimcha vazifalari belgilandi.

Ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijtimoiy mavzulardagi dolzarb maqolalar, jamoatchilik vakillarining ilg‘or fikrlari, shuningdek mafkuraviy jarayonlar tahlili, sohaga oid yangiliklarni to‘plash, tayyorlash va tarqatish maqsadida «oyina.uz» elektron portali tashkil etiladi. Portal faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun markazga qo‘shimcha 15ta shtat birligi ajratiladi va uning tuzilmasida raqamli targ‘ibot bo‘limi tashkil etiladi.

Markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlariga qo‘shimcha 2tadan, tuman bo‘linmalariga aholi soni 200 mingdan ortiq bo‘lganda 2tadan, 200 mingdan kam bo‘lgan taqdirda esa 1tadan qo‘shimcha shtat birliklari ajratiladi. Mazkur shtat birliklari mahalliy budjet hisobidan moliyalashtiriladi.

«Ma’naviyat targ‘ibotchisi» ta’lim muassasasi negizida markaz huzurida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etiladi. Shuningdek, «Tafakkur» va «Ma’naviy hayot» jurnallari hamda «Ma’naviyat» nashriyoti markaz tasarrufiga o‘tkaziladi.

«Ma’naviyat» nashriyoti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi hisobidan 1 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha umumta’lim muassasalarida yoshlar yetakchisi lavozimi 1ta shtat birligi hisobida saqlanib kelinmoqda.

Har bir umumta’lim muassasasida joriy etilgan ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimini moliyalashtirish uchun 2021 yil 1 apreldan boshlab Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 0,5 shtat birligi ajratiladi hamda uning ish haqi miqdori umumta’lim muassasasi oliy ma’lumotli o‘qituvchisi uchun o‘rnatilgan bazaviy tarif stavkasi miqdorida belgilanadi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari va ular filiallarida, talabalar sonidan qat’i nazar, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari) lavozimi joriy etiladi. Bunda, oliy ta’lim muassasalarida mavjud yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari) lavozimi qisqartiriladi.

Hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbida ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, oila va mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida barcha tuman va shaharlarda «Ma’naviyat va ma’rifat maskani» tashkil etiladi. Mazkur maskanlar yangi qurilishlar orqali yoki bo‘sh turgan binolarda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan tashkil etiladi.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimining tegishli ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejalariga quyidagi fanlar kiritiladi:
- bakalavriat bosqichida - «Ma’naviyatshunoslik» fani;
- magistratura bosqichida - «Kasbiy ma’naviyat» fani.

Shuningdek, magistratura bosqichida «PR-menejer» mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Quyidagilar tasdiqlandi:
  • Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tarkibi va tashkiliy tuzilmasi;
  • Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuzilmasi;
  • Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari namunaviy tuzilmalari;
  • Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tuman (shahar) bo‘linmalari namunaviy tuzilmalari;
  • Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»;
  • 2021-2023 yillarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlarini barpo etishning manzilli ro‘yxati.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda aholining internetdan foydalanish madaniyatini oshirish rejalashtirilmoqda