18:38 / 17.04.2021
1 624

Farg‘onada yuziga niqob taqib, dorixonalarda bosqinchilik sodir etgan shaxslar ushlandi


Farg‘ona shahrida yuziga niqob taqib, pnevmatik pistolet bilan dorixonalarda bosqinchilik sodir etgan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar beradi Tergov departamenti.

Ma’lum qilinishicha, 11 aprel kuni soat 00:30 dan 01:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxslar yuziga tibbiy niqob taqqan holda Farg‘ona shahri Marg‘ilon ko‘chasida joylashgan «555» nomli dorixonaga pnevmatik pistolet bilan qurollangan holda bostirib kirgan. Dorixonadagi navbatchi sotuvchini o‘ldirish bilan qo‘rqitib, dorixona g‘aznasida bo‘lgan 600 ming so‘m pullarni olib chiqib ketgan.
Shuningdek, ushbu ikki nafar noma’lum shaxs shaharning Oybek ko‘chasida joylashgan «Sog‘lom hayot sari» nomli dorixonaga ham bostirib kirib, u yerdan 400 ming so‘m pul va kuzatuv kamerasining xotira saqlash moslamasini olib, hodisa joyidan yashiringan.

Farg‘ona viloyati JQB, YHXB, PPX, Tergov boshqarmasi hamda boshqa sohaviy xizmatlar xodimlaridan iborat maxsus tergov-tezkor guruhi tuzilib, ularning sa’y-harakatlari natijasida yuqoridagi jinoyatga Cobalt rusumli avtomashina har ikki holatda ham aloqadorligi aniqlangan. Avtomobilning yo‘nalishi o‘rganilib, mazkur jinoyatni Qo‘qon shahrida yashovchi fuqarolar — 41 yoshli Dilshod va 43 yoshli Sherzod sodir qilgani ma’lum bo‘lgan va ular viloyat IIB xodimlari tomonidan yashash manzilida qo‘lga olingan.

Gumonlanuvchilarning xonadonlari tintuv qilinganda bir dona «PM» rusumli pnevmatik pistolet, bir dona «Kalashnikov» rusumli pnevmatik avtomat, 250 dona dumaloqsimon pnevmatik o‘qlar, 1 juft avtomashina davlat raqami, bir dona aloqa ratsiyasi, bir dona niqob, bir dona qora rangli qo‘lqop, 3 dona kuzatuv kamerasi xotira moslamasi, 20 dona Beeline uyali aloqa kompaniyasiga tegishli SIM-karta, 4 dona pichoq, bir dona «LIZ» rusumli dron (uchuvchisiz uchish apparati) topilgan. Shuningdek, Cobalt rusumli avtomashinadan bir dona chopqi, bir dona otvyortka, bir dona ombur va 1 juft avtomashina davlat raqam belgisi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi «a, b» bandlari (bosqinchilik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan Dilshod va Sherzod ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, tergov harakatlari davomida ushbu shaxslarning yana boshqa jinoyatga aloqadorliklari yuzasidan tekshiruvlar olib borilmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onada yuziga niqob taqib, dorixonalarda bosqinchilik sodir etgan shaxslar ushlandi