11:39 / 21.04.2021
3 371

Imomning qizi eshikni taqillatar edi...


Imom Molik rohimahullohning Fotima ismli qizlari bor edi. U imomning "Muvatto" nomli hadis to‘plamlarini yoddan bilan edi.  Shogirdlar imom Molikka "Muvatto"ni yoddan o‘qib berishayotgan paytda Fotima eshikning ortida o‘tirar, agar u eshikni taqillatsa, imom Molik shogirdlarining xato qilganini shundan bilar edilar.

Imom Molikning Muhammad ismli o‘g‘illari bo‘lib u kabutar boqishga qiziqar edi. Imom ilmni unga suydirish uchun barcha ishni qildilar ammo foydasi bo‘lmadi. Bir kuni imom o‘g‘illarining kabutarning ortidan yugurib yurganini ko‘rib qizlariga ishora qilib dedilar:
"Odob Allohning odobidir. Bu o‘g‘limning ahvoli, mana bu esa qizim"*.

Imom Molikning qizlari Fotima otasi faqir bo‘lib qolganida bozorga chiqib ko‘kat va sabzavotlar sotar, otasiga yordamlashar edi.  Ular non va ko‘kat sotishar edi.

Bir kuni imom Molik rohimahullohning ishlari chiqib qolib qizlari Fotima bozorda o‘zi yolg‘iz qoldi. Bir kishi uning oldiga kelib: "Ko‘kat olmoqchiman, ertaga bizga non kelsa pulini olib kelaman" dedi. Ya’ni, ko‘katning o‘rniga non bermoqchiligini aytdi. Fotima: "Bu joiz emas", dedi. U kishi: "Nega?", deb so‘radi. Fotima: "Chunki taomni taomga sotish qo‘lma-qo‘l bo‘lishi lozim". U kishi Fotimadan kimligini so‘radi. Fotima imom Molikning qizi ekanligini aytdi.

Solihlarning ahli ham yomon bo‘lishi mumkin. Bunda bizga payg‘ambarlar misol bo‘la olishadi. Lut alayhis salomning xotinlari kofira edi. Nuh alayhis salomning o‘g‘illari va xotinlari kofir edilar. Ibrohim alayhis salomning otalari kofir edi. Nabiy alayhis salomga amakilari Abu Lahabning kofirligini aytib, uni tanqid qilib oyat nozil bo‘ldi.
    
Inson farzandlariga yaxshi tarbiya berishga harakat qiladi. Aslida qoida shuki,  tarbiya o‘z samarasini berishi kerak. Ammo har qanday qoidaning istisnoli tomoni bo‘ladi. Nuh alayhis salom o‘g‘illarining tarbiyasida, Allohga bo‘lgan da’vat  yo‘lida nuqsonga yo‘l qo‘yishi mumkin emas. Ammo hidoyat Allohning qo‘lida ekanda, na chora. Nuh alayhis salomning oq bo‘lgan o‘g‘li suvga cho‘kmaslik uchun kemaga minish o‘rniga toqqa chiqmoqchi bo‘ldi. Mehribon ota: "Ey o‘g‘lim! Biz bilan (kemaga) chiq", deyishiga qaramasdan  u otaga itoat qilmadi.

Biz harakatdan mas’ulmiz, natijadan emas. Alloh taolo bizdan o‘g‘il-qizlarimizni qay tariqada tarbiya qilganimiz haqida so‘raydi. Bu tarbiya nega natija bermadi deya so‘ramaydi. Solihlar qissasida biz uchun yupanch bor. Agar xotining senga itoat qilmasa Nuh alayhis salomning xotinlarini esla. Agar otang ko‘nglingdagidek solih bo‘lmasa bilginki, u aniq Ibrohim alayhis salomning otalaridan yaxshidir. Kufrdan o‘tadigan gunoh yo‘qdir.
   
Agar o‘g‘ling seni mashaqqatga qo‘ysa bilgin, u aniq Nuh alayhis salomning o‘g‘illaridan afzaldir. Sen aniqki, o‘g‘lingni kofir holda ko‘z o‘ngingda cho‘kib o‘lishini tasavvur qila olmaysan!
----------------
* Yuqoridagi jumlani arablar tasalli va yupanch uchun ishlatishadi. Agar ota-ona farzandi tarbiyasi uchun yetarlicha sa’y va harakat qilsa-yu ammo natija bo‘lmasa shu gapni ishlatishadi. Bu gap ham tasalli, ham eslatmadir. Bu solih farzandi borlarga eslatmadir. Ularga faqatgina mehnatlariga suyanmaslikni ta’lim beradi. Tarbiyali farzand ne’mati ilohiydir!
   
A. Polvonov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Imomning qizi eshikni taqillatar edi...