11:30 / 23.04.2021
2 084

O‘zbekistonga «Sputnik V» vaksinasining dastlabki partiyasi olib kelindi


23 aprel kuni O‘zbekistonga «Sputnik V» vaksinasining dastlabki partiyasi keltirildi. Vaksinani yetkazib berishda Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi amaliy ko‘mak berdi, deb yozadi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Fevral oyining o‘rtalarida O‘zbekiston Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Sputnik V» vaksinasidan mamlakatda ommaviy foydalanish uchun sertifikatladi va tasdiqlagan edi. Ushbu vaksinani sertifikatlash jarayoni ishlab chiquvchilardan kerakli hujjatlar, xususan, vaksina klinik sinovlarining uchinchi bosqichi natijalarini olgandan keyingina boshlangan.

O‘zbekistonga aholini emlash uchun olib kelinadigan «Sputnik V» vaksinasining yarmini tadbirkor Alisher Usmonov moliyalashtirgan. Oldinroq ushbu vaksinadan jami 1 million doza sotib olinishi rejalashtirilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bugungi kunda 1 million 660 ming doza vaksina bor. Ularning 660 ming dozasi COVAX jamg‘armasi tomonidan olib kelingan AstraZeneca vaksinasi, 1 million dozasi — O‘zbekiston—Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi. O‘zbekistonga aprel oxiriga qadar yana 1 million dona Xitoy va 300 ming dona «Sputnik V» vaksinalari olib kelinishi ma’lum qilingan.

1 apreldan boshlab 65 yoshdan katta va tibbiyot xodimlarini o‘zbek-xitoy va AstraZeneca vaksinalari bilan emlash ishlari boshlangan. Ushbu vaksinalarning qo‘shimcha dozalarini olib kelish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonga «Sputnik V» vaksinasining dastlabki partiyasi olib kelindi