08:04 / 24.04.2021
2 906

Tanzila Norboyeva: «420 mln so‘mga qurilgani aytilgan maktab bo‘m-bo‘sh yer bo‘lib chiqdi»


Foto: Senat matbuot xizmati
2020 yilda O‘zbekistondagi 2,5 mingdan ortiq budjet muassasasida 301 milliard so‘mdan ortiq budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva parlament yuqori palatasining 23 aprel kuni o‘tkazilgan yalpi majlisida ma’lum qildi.

«Narxlarni sun’iy oshirish orqali davlat xaridlarini amalga oshirish holatlari aniqlanganligi tashvishli holatdir», — deya Senat raisining so‘zlarini keltirgan «Gazeta.uz». Majlisda qurilish, tibbiyot, maktabgacha ta’lim sohalarida korrupsiya holatlari ko‘paygani ta’kidlagan.
Tahlillarga ko‘ra:
  • qurilish sohasidagi 44 ta qonun hujjati ekspertizadan o‘tkazilganda, ularning 23 tasida 124 ta;
  • sog‘liqni saqlash sohasidagi 70 ta qonun hujjatining 13 tasida 41 ta;
  • ta’lim sohasidagi 96 ta qonun hujjatining 17 tasida 81 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, 2019 yilda irrigatsiya, melioratsiya tadbirlari uchun ajratilgan 1,7 milliard so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan bo‘lsa, 2020 yilda bunday holatlar qariyb o‘n barobarga oshib, 16 milliard so‘mni tashkil etgan. Mazkur yo‘nalishda 2019 yilda 92 ta jinoyat aniqlangan bo‘lsa, 2020 yilda bu raqam qariyb to‘rt barobarga oshib, 359 tani tashkil etdi.

Tanzila Norboyevaning ta’kidlashicha, kasallikka qarshi kurashish tadbirlari hamda tibbiyot va karantin muassasalarini qurishda 367 milliard so‘mdan ziyod moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Qimmat narxlarda shartnomalar tuzilgan. Ayrim hollarda mablag‘lar umuman boshqa yo‘nalishlarga sarflangan.

«Chet elda yurgan 1,5 ming nafardan ziyod fuqaroga jamoat ishlarida qatnashdi, deya 1,4 milliard so‘m yoki vodiy tumanlarida (Toshloq, Kosonsoy) paxta terimida qatnashmaganlarga millionlab mablag‘ ish haqi sifatida to‘lab yuborilganini mutasaddilar nima bilan izohlashadi?» — degan Senat raisi.

Ma’lumotga ko‘ra, xalq ta’limi tizimida 192 milliard so‘mdan ziyod moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Soxta hujjatlar asosida 40 milliard so‘mdan ortiq mablag‘, jumladan, Dehqonobod, Chiroqchi, Qamashi va Yakkabog‘ tumanlari xalq ta’limi bo‘limlarida 8,7 milliard so‘mlik ish haqi noqonuniy o‘zlashtirilgan.

«Tizimdagi qurilish-ta’mirlash ishlarida qariyb 6 milliard so‘m noto‘g‘ri sarflangan. Beruniy tumanida 420 million so‘mga qurilib, foydalanishga topshirildi, deya ko‘rsatilgan maktab filiali, aslida bo‘m-bo‘sh yer bo‘lib chiqqani aqlga sig‘maydi. Bu kabi kamchiliklarni maktabgacha ta’lim tizimida ham ko‘rish mumkin. 48 milliard so‘mdan ziyod moliyaviy xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Qariyb 4,5 milliard so‘m mablag‘ noqonuniy o‘zlashtirilgan», — degan Tanzila Norboyeva.

«Har yili hisobot eshitganimizda milliardlab budjet mablag‘lari talon-toroj qilinayotganligi yoki maqsadsiz sarflanganligining guvohi bo‘lyapmiz. Savol tug‘iladi, bu qachongacha davom etadi?» — degan Senat raisi.
Majlisda ijro organlari faoliyati, xususan, ular tomonidan budjet mablag‘lari sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kerakligi ta’kidlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tanzila Norboyeva: «420 mln so‘mga qurilgani aytilgan maktab bo‘m-bo‘sh yer bo‘lib chiqdi»