07:33 / 26.04.2021
2 011

«Ba’zi prokuratura xodimlari ishni xohlasa, jinoyatga, xohlasa, adolatga burib yuboradi» — deputat Qizilgul Qosimova


Foto: XDP matbuot xizmati
Toshkent viloyatida maktab direktori bo‘lgan ayol 173 million so‘mni talon-toroj qilganlikda gumonlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimova unga nisbatan aybsizlik prezumsiyasi buzilgan, deb hisoblashini ma’lum qildi.

«Tajribadan ma’lum, pul o‘zlashtirishda yoki boshqa turdagi jinoyat qilinishida gumonlanish haqidagi xabar tarqaldimi, demak, bu xabarni o‘qigan har qanday odamda bu gumonlanuvchi jinoyatchi ekanligi aniq, degan xulosa yuzaga kelishi muqarrar. Chunki doimo birinchi eshitilgan, o‘qilgan xabar inson ongida saqlanib qoladi», — deydi deputat.

Uning ta’kidlashicha, aslida respublikada gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.

«Lekin nima sababdan ushbu holatda tuman prokuraturasi va xabarni tarqatgan OAV vakillari aybsizlik prezumsiyasiga oid tartib-qoidaga amal qilishmadi? Ochig‘ini aytsam, o‘zim ham ko‘p yillik rahbarlik faoliyatim mobaynida shunga o‘xshash holatlarga tushganman. Bilasizmi, ba’zi prokuratura xodimlari ishni xohlasa, jinoyatga, xohlasa, adolatga burib yuboradi, taqdirini belgilab qo‘yadi, go‘yo. Bu bilan hamma joyda tizim vakillari shunday ishlaydi deyishdan yiroqman. Albatta, tizim xodimlari orasida adolat, kasbiga mas’uliyat bilan yondashayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi», — degan Qizilgul Qosimova.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining qayd etishicha, agar prokuratura xodimlari tergov-surishtiruv jarayonlarida totalitar rejimdan qolgan qog‘ozbozlikka mukkasidan ketib, qaror qabul qilsa, fuqarolarning qonun himoyachilariga, qolaversa, davlatga ishonchiga putur yetishi mumkin.

Uning ta’kidlashicha, 20 yil o‘qituvchi, 8 yildan buyon maktab direktori lavozimida ishlagan S.H. o‘zi tomonidan amalga oshirilgan ishlarning xat-hujjatini rasmiylashtirish, ularni risoladagidek yuritishga yetarlicha e’tibor qaratmagan, bu borada unda malaka, tajriba yetishmagan bo‘lishi mumkin.

«Ziyolilar, o‘qituvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga bel bog‘lagan Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputat sifatida aytadiganim shuki, S.H. ishi va taqdiri bilan bog‘liq voqealar tafsilotiga tomoshabin bo‘lib qarab turmasligimiz kerak. Partiyamiz o‘qituvchi va pedagoglarning o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishdek xayrli faoliyatiga asossiz aralashuvlarni qoralaydi.

Biz har qanday holatda qonun ustuvorligi ta’minlanishi tarafdorimiz. Qonunni buzgan, o‘z faoliyatida qonunni chetlab o‘tishga intilgan har kimga tegishli jazo chorasi qo‘llanilishi lozim. Lekin qonun himoyachilari ham qonunda belgilangan tarzda xatti-harakat qilishi lozim, ayni holatda ayol kishiga nisbatan aybsizlik prezumsiyasi buzilgan, deb hisoblayman
», — degan Qizilgul Qosimova.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ba’zi prokuratura xodimlari ishni xohlasa, jinoyatga, xohlasa, adolatga burib yuboradi» — deputat Qizilgul Qosimova