20:12 / 27.04.2021
4 249

Sadir Japarov O‘zbekiston bilan chegara bo‘yicha muzokaralar yuzasidan izoh berdi


Foto: akipress.org
Qirg‘iziston prezidenti AKIpress uchun bergan intervyusida chegara bo‘yicha muzokaralar dastlabki bosqichda ekanligini aytib o‘tdi.
«Xohlaymizmi, yo‘qmi, chegaralar bilan bog‘liq masalani muzokaralar va uchastkalar almashish orqali hal qilish kerak», degan Japarov.
U avvalgi hukumat chegara masalalarini yopiq eshiklar ortida hal qilgani va aholi bundan chegaralarga simlar tortilganidan keyingina xabardor bo‘lgani haqida aytib o‘tgan.

«Avvalgi hukumatning xatolarini takrorlamaslik uchun dastlab odamlarga ko‘rsatamiz, ularning roziligini olamiz va qaror chiqaramiz. Bizning siyosatimiz shunday. Nazariy jihatdan hammasi yopiq eshiklar ortida o‘tishi kerak, ko‘plab hujjatlar maxfiy hisoblanadi. Ammo biz xalqning fikrini inobatga olamiz», deydi Qirg‘iziston prezidenti.

U chegara masalasi bitta imzolangan protokol bilan hal qilinmasligini ta’kidlaydi.
«Buning uchun to‘rt bosqich bosib o‘tiladi: ishchi komissiyalar qarori, prezidentning roziligi, so‘ngra hujjatni Jo‘qorg‘i kengesga yuboradi yoki qaytadan yuboriladi, parlament tasdig‘i va prezident imzosi.
Hozir faqat dastlabki bosqichdamiz. Biz hamma narsa ochiq va oshkora bo‘lishini va 10-15 yildan so‘ng odamlar biz haqimizda yomon gap aytmasliklarini istaymiz
», deydi u.

Mart oyi oxirida O‘zbekiston bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, quyidagi uchastkalar Qirg‘izistonga o‘tgani ma’lum qilingandi:
  • Ko‘k-Serek - 105 gektar;
  • Ola-Buqa rayonidagi Boyiston – 212 gektar;
  • Qora-suv rayonidagi Oq-Tosh – 100 gektar;
  • Qora-Beles - 25 gektar;
  • Namangan va Jalolobod viloyatlari o‘rtasidagi Gavasoy - 8 ming gektar;
  • O‘ng‘ar-Tog‘dagi yerlar - 35 gektar.
O‘zbekiston ushbu hududlar evaziga Kampirobod suv omboridan foydalanish huquqini olgan. Shahrixonsoy kanali joylashgan 50 gektar maydon ham O‘zbekistonga o‘tishi, buning evaziga Qirg‘iziston O‘zgan rayoni chegara hududidan 50 gektar maydonni olishi ko‘zda tutilgan.

O‘shanda Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Toshiyev tomonlar Kampirobod suv omboridan umumiy foydalanish yuzasidan ham kelishuvga erishganini aytgandi.

Dastlabki kelishuvga asosan, Kampirobod suv omborining suv zaxiralarini 900 gorizontaldan yuqori bo‘lmagan darajada to‘ldirishni nazarda tutadigan, birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim tuzilishi mumkin.

Qirg‘iziston o‘z fuqarolarining ushbu suv ombori suvidan bepul va to‘siqsiz foydalanishi, O‘zbekiston suv ombori havzasi atrofida muhandislik inshootlarini o‘rnatmaslik majburiyatini olishini istayapti.

Aprel oyi o‘rtalarida qirg‘izistonliklar Kampirobod suv ombori atrofidagi 50 gektar yer maydoni O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqishdi. Ko‘p o‘tmay Qamchibek Toshiyev O‘zbekistonga bu hududdan yer berilmasligini aytib chiqdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sadir Japarov O‘zbekiston bilan chegara bo‘yicha muzokaralar yuzasidan izoh berdi