14:00 / 29.04.2021
3 291

Toshkentda pokistonlik tilanchilar ko‘paygani aytilmoqda


Foto: El Universal
Pokiston fuqarolari O‘zbekistonga turistik viza orqali kirib, Toshkent ko‘chalarida tilanchilik qilayotgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Ular odatda odamlardan uyga qaytib ketish uchun pul so‘rashmoqda.

«Bu Kun» dasturi muxbirining xabar berishicha, Facebook’dagi «Potribitel» guruhi a’zolari sobiq Rossiya mehmonxonasi, Chorsu va Mirobod bozorlarida tilanchilar ko‘paygani haqida xabar berishmoqda.

Ta’kidlanishicha, pokistonliklar yakka va oila bo‘lib yurishmoqda. Ular ingliz va o‘zbek tilida so‘zlashib, «50 ming so‘m ber» jumlasini yodlab olishgan.
«Hammasi bir xil 50 ming so‘m so‘rayapti. Agar kimdur pul bersa 100 ming so‘m so‘rashga o‘tgan. 20 ming so‘m berilganda esa xo‘mrayib olmoqda», deydi muxbir.

Ayrim tilanchilar ko‘chalarda, ayrimlari esa ofis va do‘konlarga kirishmoqda. Poytaxt aholisi ular bilan ingliz va urdu tillarida suhbat qilishmoqda.
«Aytishlaricha, samolyot orqali ketish qimmat. Shu sababdan Termizgacha ketish uchun pul to‘plashmoqda. U yerdan Afg‘oniston orqali Pokistongacha yetib olishmoqchi. Pokistonliklarning aytishicha, ular Toshkentga turistik viza bilan pul ishlash uchun kelgan. Ehson qilgan fuqarolarning aytishicha, pokistonliklar hozirga qadar Parijga yetib oladigan pulni yig‘ib bo‘lgan», deydi muxbir.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qonunchiligida tilanchilik uchun javobgarlik belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-1-moddasiga ko‘ra, jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab, tilanchilik bilan shug‘ullanish bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorida jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda pokistonlik tilanchilar ko‘paygani aytilmoqda