09:33 / 30.04.2021
4 205

Mubashshir Ahmad: “Kechagi qilg‘ilik dinga, vatanga, millatga, tarixga, kelajakka va adolatga qilingan xiyonat bo‘ldi”


Kecha Oliy Majlis deputatlarining yarmidan ortig‘i “Davlat idoralariga murojaatlar davlat tilida bo‘lsin, boshqa tilda bo‘lsa davlat tiliga tarjimasi ilova qilinsin, javoblar davlat tilida bo‘lsin”, degan taklifga rozi bo‘lmagani, xalq saylagan vakillarning o‘zbek tiliga bee’tiborligi, loqaydligi ko‘plab muhokamalarga, e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Aksar ziyolilar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ushbu masala yuzasidan fikr bildirdi.

Jumladan, AzonUZ va AzonTV loyihalari muallifi Mubashshir Ahmad ham o‘z sahifasida quyidagi fikrlarni yozgan.
Uncha-munchaga tushkunlikka tushmayman. Lekin deputatlarning (deputatlarimiz degani tilim bormadi) kechagi qilg‘ilig‘i menga juda qattiq zarba bo‘ldi. Ikkinchi kun o‘tyapti, lekin o‘zimga kela olmayapman.

Yoshligimizda (15-18 yoshlar) o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishiga qilingan fidokorona harakatlarga guvoh bo‘lganmiz. Hali Sovet ittifoqi qulamagan kezlarda ziyolilarimiz til masalasini hayot-mamot darajasiga olib chiqishgandi.

Millatning, yurtning tirikligini uning tirikligida ko‘rishgandi. Undan keyingi davrlarda dindor qatlamga qo‘shib, ziyoli qatlam ham qatag‘on qilingani bejizga emas ekan. Mana o‘sha jinoyatlar mevasini endi terib olyapmiz. Hali bu achchiq mevalarni ancha vaqtgacha "chaynash"ga majbur bo‘lsak kerak.

Nima bo‘lganda ham, kechagi qilg‘ilik dinga, vatanga, millatga, tarixga, kelajakka va adolatga qilingan xiyonat bo‘ldi. Bu qilg‘ilikning boshqa ta’rifi yo‘q!

O‘tgan asrning saksoninchi-to‘qsoninchi yillarida Yozuvchilar uyushmasi juda kuchli tashkilot bo‘lgan. Mustaqillik deklaratsiyasi, Davlat tili to‘g‘risidagi Qonunni qabul qilishda uyushmaning o‘rni juda katta bo‘lgan. "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasida juda katta publitsistik maqolalar chop qilinardi. Ularda milliy davlatchilik, paxta monopoliyasi, til, din va axloq kabi ulkan masalalarda qaynoq mavzular bahs qilinardi. Odil Yoqubov, Yoqubjon Xo‘jamberdiyev, yana nomlarini eslolmayotganim ko‘pgina millat jonkuyarlari o‘zbekning dardini ko‘tarib chiqishardi. Xuddi diniy yo‘lboshchilardek millatning vijdoni bo‘lgan zabardast adiblar siyosat, ijtimoiyatda o‘rinlariga ega edilar.

Hozir Yozuvchilar uyushmasi nima, rahbari kim va nima ishlar bilan mashg‘ulligini hech kim bilmaydi. Bu tashkilotning va a’zolarining qadri, saviyasi qasddan va rejali tushirildi. Kasaba uyushmasi kabi nomi bor, o‘zi yo‘q, o‘lik tashkilotga aylantirildi. Men hozir xalq hurmat qiladigan, ishonadigan va suyanadigan biror adib - shoir yo yozuvchini bilmayman (Agar panada bo‘lishsa, ular meni ma’zur tutishsin). Kechagi til masalasidagi milliy fojiamizda, ularning hatto unini ham eshitmadik. Vaholanki men, yozuvchilarni millat vijdoni, deb bilardim. 
Biz vijdonidan ayrilgan millatga aylandik
”.
Mubashshir Ahmad

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mubashshir Ahmad: “Kechagi qilg‘ilik dinga, vatanga, millatga, tarixga, kelajakka va adolatga qilingan xiyonat bo‘ldi”