19:30 / 02.05.2021
3 033

Surxondaryoda qaynog‘a kelinini kaltaklayotgani aks etgan video tarqaldi

Surxondaryoda qaynog‘a kelinini kaltaklayotgani aks etgan video tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi ayolni erkak kishi urib, tepkilab, jismoniy kuch ishlatgani aks etgan videolavha tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, erkak uy-joy talashib ukasining xotinini kaltaklagan.

Kun.uz surishtiruvida ayolni Denov tumanida yashovchi «Qaqnus» xususiy tibbiyot maskani egasi, vrach Gulmurod Xandalov urgani ma’lum bo‘ldi. U ayolni yashab turgan uyini bo‘shatib qo‘ymagani uchun tepkilab, do‘pposlagan.

Jabrlanuvchi va uning onasining so‘zlariga ko‘ra, Gulmurod Xandalov ayolni ikki yildan beri muttasil kaltaklab kelgan. Jabrlanuvchi bu haqda bir necha marta mahalla uchastka noziriga, tuman IIBga va mahalla raisiga murojaat qilganiga qaramasdan, ular «daliling yo‘q», deb ayolning arizasini qabul qilishmagan. Hatto uchastka inspektori bir necha marta ayolning arizasini ko‘z o‘ngida yirtib tashlagan.

Shundan so‘ng, jabrlanuvchining onasi joriy yil 21 aprel kuni Gulmurod Xandalovning zo‘ravonligini isbotlash uchun qariyb bir kun davomida qizining uyidagi hojatxonaga yashirinib, zo‘ravon kelib qizi va uning bolalarini tepkilab urayotganini videoga tushirishga muvaffaq bo‘lgan.

Videoda erkak «uyni bo‘shat», deb ayolni tepkilagani, mushtlab urgani tasvirlangan. Shuningdek, u bolalarni ham urganda, ularning baqirgan ovozlari yozilgan.

Aniqlanishicha, jabrlanuvchi ayol Gulmurod Xandalovning yaqin qarindoshi bilan rasmiy nikohdan o‘tgan. Ular birga yashashmaydi. Hozirgi kunda bahsli uyga Gulmurod Xandalov egalik qiladi. Xandalov ko‘p yordam bergani uchun ukasi uyini o‘ziga berganini aytadi. Ayol esa bu uyga bolalari va o‘zi haqli ekanini aytib, uydan chiqmagan. Shu sababli, Xandalov kunora kelib, ayolni va bolalarini muttasil tarzda kaltaklab ketgan.

Bundan tashqari, Gulmurod Xandalov jabrlanuvchi va uning onasini fohishalikda ayblagan. Ammo, mahalla ahli va qo‘ni-qo‘shnilar Kun.uz'ga ayolning xulqi buzuq emasligini aytishmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Surxondaryoda qaynog‘a kelinini kaltaklayotgani aks etgan video tarqaldi