23:30 / 05.05.2021
1 578

Qonunchilik palatasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi yangi qonunni qabul qildi

Qonunchilik palatasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi yangi qonunni qabul qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, qabul qildi.
Deputat Inomjon Qudratovning ma’lum qilishicha, qizg‘in muhokamalarga boy o‘tgan majlisda qabul qilingan qonun loyihasi 10 kun muddatda Senatga yuboriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha e’lon qilinganidan buyon (2020 yil avgust oyida) aholi, xalqaro tashkilotlar va mahalliy ekspertlar tomonidan 700dan ortiq taklif kelib tushgan. Loyiha qo‘mita va partiyalar fraksiyalarida ham keng muhokama qilingan.
Deputatlar yangi qonun loyihasida aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri – fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklovni olib tashlashgan.

Loyihada diniy tashkilot tuzish uchun tashabbuskorlar soni 100 nafardan 50 nafargacha tushirilib, diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartib-taomillari yengillashtirilgan. Xususan, taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqartirilib, ularni notarial va boshqa ko‘rinishlarda tasdiqlashga oid talablar bekor qilingan, davlat xizmatlari to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi va ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari aniq belgilangan. Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati 3 oydan 1 oyga tushirilgan.

Shuningdek, Inomjon Qudratovning aytishicha, davlat idoralarining diniy tashkilotlar faoliyatiga aralashishi qisqartirilgan. Sohada vakolatli va ko‘maklashuvchi organ sifatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qoldirilgan.
Qonunchilik palatasining yana bir deputati Alisher Qodirovning ma’lum qilishicha, deputatlar fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklov olib tashlanishi kerakligini to‘liq ma’qullashgan.

Lekin ushbu qonunga uzviy bog‘liq bo‘lgan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-1-moddasi o‘z kuchida qolmoqda.
Qonunga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi».

Agar jamoat joylarida ibodat libosida yurishga doir cheklovlar olib tashlansa, bu modda yangi qonunga teskari kuchda bo‘lib qoladi. Shu sababli deputatlar Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga MJtKning 184-1-moddasini bekor qilish bo‘yicha taklif ishlab chiqish va bu boradagi ishlarda tashabbuskor bo‘lishlari kerakligini aytgan.
  • Yangi qonun Oliy Majlis Senati tomonidan muhokama etilib qabul qilingach, imzolash uchun O‘zbekiston prezidentiga yuboriladi. Prezident imzolagan qonun rasmiy nashrlarda e’lon qilingach kuchga kiradi va uning so‘nggi moddasi asosida amaldagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun o‘z kuchini yo‘qotadi.
Ta’kidlash kerak, o‘tgan oyda Xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha AQSH komissiyasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasini xalqaro standartlarga mos kelmasligini, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Yevropa Kengashining Venetsian komissiyasi qonun loyihasi bilan tanishib chiqib, unga tanqidiy xulosa berganini ma’lum qilgan edi.

Qonun loyihasidagi qator bandlar, xususan diniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning davlat ro‘yxatidan o‘tishi shartligi, xususiy diniy ta’lim va missionerlikning taqiqlanishi, diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi ehtimoliy murakkabliklar, muayyan joylarda diniy marosimlarni o‘tkazish mumkin emasligi, diniy mazmunga ega barcha adabiyotlar va materiallar majburiy tartibda ekspertizadan o‘tishi kabi normalar xalqaro tashkilotlar tomonidan ma’qullanmayapti.

Shu va boshqa bir qancha sabablar ortidan komissiya O‘zbekistonni «maxsus kuzatuv ostidagi davlatlar» ro‘yxatiga qayta kiritishni tavsiya etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Qonunchilik palatasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi yangi qonunni qabul qildi