20:57 / 07.05.2021
1 342

Shavkat Mirziyoyev hamdardlik bildirish uchun marhum Rustam Qosimov xonadoniga bordi

Shavkat Mirziyoyev hamdardlik bildirish uchun marhum Rustam Qosimov xonadoniga bordi

Davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi, taniqli olim va pedagog Rustam Qosimov 7 may kuni og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’ziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Rustam Sobirovich Qosimov 1955 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakultetida o‘qib, mehnat faoliyatini Toshkent suv xo‘jaligi institutida arab tili tarjimonligidan boshlagan. Ko‘p yillar oliy ta’lim sohasida turli vazifalarda ishlagan. 2004–2009 yillarda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari sifatida fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalar rivojiga hissa qo‘shgan. Oxirgi yillarda O‘zbekiston Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori vazifalarida ishlab kelayotgan edi.

Rustam Qosimovning ko‘p yillik mehnati davlat tomonidan munosib taqdirlanib, 2006 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan edi.

Qayd etilishicha, davlat rahbarining ko‘ngil so‘rashi og‘ir damda marhumning oilasiga hamdardlik, katta dalda bo‘ldi. Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo qilindi.

Prezident marhumning ezgu ishlarini yodga oldi.
«Juda qayg‘udaman. Qo‘limizdan kelganini qildik. Xudoning irodasi ekan. Vatanga sadoqatli, fidoyi, aqlli, millatimizning ziyolilaridan birini yo‘qotdik. Biz juda ko‘p yillar birga ishlaganmiz, og‘ir kunlarimiz ham bo‘lgan. Hozir ham menga eng katta yordamchi, maslahatgo‘y edi. Ilohim, joylari jannatda bo‘lsin. Ishlarini farzandlari davom ettirsin», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Marhumning oilasi, farzandlari doimiy e’tiborda bo‘lishi ta’kidlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev hamdardlik bildirish uchun marhum Rustam Qosimov xonadoniga bordi