15:14 / 11.05.2021
1 440

Soliq qo‘mitasi va Rasul Kusherbayev o‘rtasidagi masala sudgacha olib borilmasdan to‘xtatildi


Davlat soliq qo‘mitasi birlashgan kasaba uyushmasi vakillari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev uchrashdi.
«Muzokaralar davomida yuzaga kelgan vaziyat muhokama qilindi. Har ikki tomonning ham maqsadi va maslagi birligi, ya’ni mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz turmushi farovonligi yo‘lida xizmat qilish ekanligi ta’kidlandi. Masalani sudgacha olib bormasdan, to‘xtatishga qaror qilindi», deyiladi qo‘mita rasmiy xabarida.

Deputatning o‘zi ham telegramdagi kanalida qo‘mita vakillari sudga kiritilgan da’vo arizasi qaytarib olinganini tasdiqlagan.

«Kecha Davlat soliq qo‘mitasi birlashgan kasaba uyushmasi vakillari bilan uchrashdik. Muzokaralar yakunida Qo‘mita kasaba uyushmasi suddan menga qarshi kiritgan da’vo arizani qaytarib olishini bildirdi», deyiladi postda.

Eslatib o‘tamiz, DSQ Rasul Kusherbayevdan soliq organlariga ma’naviy zarar yetkazganligi uchun 4,6 milliard so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirilishini va deputat ommaviy axborot vositalari orqali raddiya berib, kechirim so‘rashini talab qilib, deputatni sudga bergandi.

Bunga deputatning «Human.uz» axborot portalidagi «So‘z blogerlarga» ko‘rsatuvining 2021 yil 23 fevraldagi sonida aytgan haqoratomuz so‘zlari sabab sifatida ko‘rsatilgandi.

«Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining deputatlik odobi qoidalari 22-bandida, deputat ommaviy axborot vositalarida qilgan chiqishida davlat organlari va boshqa organlarning faoliyatiga munosabat bildirganda, ularning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan qo‘pol, haqoratomuz ibora va so‘zlarni qo‘llashga, asossiz ayblovlarga yo‘l qo‘yishga haqli emasligi, agar deputatning bayonotida shunday fikrlar mavjud bo‘lsa, deputat o‘z fikrlarining yanglishligi yoki noto‘g‘riligini oshkora tan olishi va kechirim so‘rashi kerakligi belgilangan», – deyilgandi qo‘mita xabarida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Soliq qo‘mitasi va Rasul Kusherbayev o‘rtasidagi masala sudgacha olib borilmasdan to‘xtatildi