23:55 / 15.05.2021
3 449

Suriyadan O‘zbekistonga qaytarilgan 5 farzandli ayolning iqrori

Suriyadan O‘zbekistonga qaytarilgan 5 farzandli ayolning iqrori

Foto: Videodan kadr
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan «Mehr» operatsiyasi doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistonda og‘ir ahvolga tushib, chorasiz qolgan 438 nafar ayol va bolalar O‘zbekistonga olib kelingandi. 30 aprel kuni navbatdagi insonparvarlik namunasi ko‘rsatilib, Suriyadagi urush ketayotgan hududlarga borib qolgan va lagerlarda uch yildan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan 24 nafar ayol va 64 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Vatanga qaytarilganlar orasida 5 farzandning onasi Durdona Muhitdinova ham bor. U Suriyadagi urush o‘choqlariga qanday borib qolgani haqida «Zo‘r tv» telekanalining «Bu kun» dasturiga so‘zlab berdi.

«Chiqib ketishimdan bir yil oldin turmush o‘rtog‘im katta qarzga botib, Shvetsiyaga ishlashga ketgan edi. Undan bir yil o‘tib ishchi viza qildirib, meni ikki farzandim bilan o‘z oldiga chaqirtirdi. Kundoshim borligini bilganimda 4 nafar farzandim bor edi. 2014 yil bahor-yoz oylarida Skype orqali har xil darslar qila boshlashdi. Shu sabab deb o‘ylayman xo‘jayinim o‘zgarishiga. Lekin bizga bir og‘iz Suriya mamlakatiga ketamiz, demagan. Orada kundoshim homilador bo‘ldi. Tug‘ishiga Turkiyaga ketamiz, dedi. Shu bilan u Turkiyaga uchib ketdi. Oradan uch oy o‘tib, men ketdim», — deydi ayol.

Durdona Muhitdinovaning aytishicha, oradan ikki oy o‘tib, turmush o‘rtog‘i Shvetsiyaga qaytishlarini, kundoshida hujjatlar yo‘qligi sabab samolyotda qaytolmasliklarini aytgan. Shundan so‘ng ular avtobusda yo‘lga chiqishgan.

«U yerlar Suriyaning Turkiyaga chegaradosh joylari ekan. Bu yerdan yugurib o‘tasiz, deyishdi. Keyin bizga qurollangan shaxs ‘Gazel’ mashinasiga o‘xshagan mashinada keldi. Bizni o‘tqazdi va katta maqorga olib bordi. Ana shu maqorga yetganimizda bildim Suriyaga kelganimizni. U yerda qo‘pol muomalada bo‘lib, qora hijob berishdi».

Oradan ikki kun o‘tgach u turmush o‘rtog‘idan jang maydoni, bombalar portlaydigan deb eshitgan bu joyga nega kelishganini so‘ragan. Eri tinch joyda yashashlarini, u yerda bombalar bo‘lmasligini, jang aholi yashaydigan joydan tashqarida ekanligini aytib, uni tinchlantirishga harakat qilgan.

«To‘g‘risi, oyoq-qo‘lim bo‘shashib ketadi, bolalarimga qarayman, orqaga qaytishning iloji yo‘q. Farzandlarim kelajagi nima bo‘ladi, bu yog‘iga endi nima bo‘ladi…», — deya o‘sha vaqtdagi hissiyotlarini xotirlaydi ayol.

Durdona Muhitdinovaning aytishicha, ularni Suriyaga olib borib xato qilgan turmush o‘rtog‘i 2017 yil 5 fevralda vafot etgan. Oila a’zolaridan esa ularning Suriyada ekanini faqat ukasi bilgan.

«O‘limga olib boradigan insonni jallod deydi. Men bu narsalarni bolalarimga ayta olmayman. Otam shunaqa inson deb, bo‘yni egik bo‘lib, siniq holatda katta bo‘lishini xohlamayman. Otasi bizni o‘sha yerga olib borib xato qildi. Bilishadi baribir, chunki katta farzandlarim hamma narsani ko‘rdi.

Xo‘jayinim 2-3 oyda bir marta internetga olib borardi. Oldimizda turib yozdirardi, Shvetsiyadaman, yaxshiman, tuzukman, ahvolim yaxshi, deb turardi, xolos. Ayta olmaganman. Faqat ukamga aytdim, Al-holdaligimizni (Suriyadagi qochqinlar lageri — tahr.) bilardi, boshqa hech kim bilan aloqaga chiqmaganman. Yolg‘onlarim, ularni aldaganlarim… hozir ularning yuziga qanday qarayman?» — deydi Suriyadan qaytarilgan ayol.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda, hech narsasiz qolib ketgan, ocharchilik  paytlari har tomonlaridan bombalar tashlangan, yonlaridan o‘q uzilgan, kechasi juda qattiq janglar bo‘lgan.

Ayol yo‘l qo‘ygan xatosi uchun ota-onasi, vatanidan kechirim so‘rab, boshqalarni aldanib qolmaslikka chaqirgan. «Biz yolg‘on gapirmaymiz. Bizning hayotimiz ibrat bo‘lmaydimi ularga? Bizning shuncha gaplarimiz ibrat emasmi? O‘ylashsin har bir gapimizning mantig‘ini. Boshdan kechirib kelganlarmiz. Ibrat oling, aldanib qolmang», — deya so‘zlarini yakunlagan u.

Ayni paytda Suriyadan qaytarilgan fuqarolar Toshkent viloyatidagi «Bo‘ston» sanatoriyasiga joylashtirilib, ularga tibbiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda.

3 may kuni o‘tkazilgan brifingda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi qurolli to‘qnashuvlar hududlaridan qaytarilayotgan o‘zbekistonliklar haqida so‘z yuritib, «Mehr» operatsiyasi doirasida qurolli to‘qnashuvlar hududlaridan ona-bolalarni qaytarish oson bo‘lmaganini aytgandi.

«Kimdir biladi, kimdir bilmasligi mumkin, lekin bu juda mashaqqatli, qaltis jarayon. Buning zamirida Prezidentimizning qat’iyati, diplomatik vakolatxonalar, xavfsizlik tuzilmalari, tibbiyot xodimlarining fidoyiligi va yuksak professionalligi yotibdi. Qaytarilgan yurtdoshlarimizni reabilitatsiya qilish, tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish, moddiy ko‘maklashish bo‘yicha ham katta ishlar qilinmoqda», — degan edi u.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Suriyadan O‘zbekistonga qaytarilgan 5 farzandli ayolning iqrori