10:00 / 17.05.2021
3 408

Prezident Mirziyoyevni yig‘latgan Sabrina (video, foto)


Prezident Shavkat Mirziyoyev Sabrina Insofaliyeva bilan muloqot davomida yon daftarchasiga tegishli qaydlarni kiritmoqda, 2021 yil 14 may.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayitining ikkinchi kuni, 14 may sanasida poytaxtni aylandi. Shahardagi o‘zgarishlar bilan tanishuv tarixiy o‘zgarishlarga haqiqiy ehtiyoj sezayotgan tibbiyot muassasalaridan boshlandi.
Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, katta ehtimol bilan, uzoq vaqt unutilmaydigan uchrashuv va suhbatlar bo‘ldi. Ana shunday suhbatlardan birining qahramoni chustlik 18 yashar Sabrina Insofaliyevadir.

Sabrina Insofaliyeva (markazda, niqobi yechilgan).
Kadr: «O‘zbekiston 24»

Oyoqdan ham afzal protez
Feruza Muhsinovaning so‘zlariga ko‘ra, qizi «hayotda ancha qiynalgan». Vaholanki, ikki yil avval ham, Sabrinaning aytishicha, hammasi yaxshi edi. Keyin birdan o‘ng oyog‘i og‘rib qolgan — unga o‘ng son orqa yuzasi neyrogen sarkomasi tashxisi qo‘yilgan. «O‘zimizning, viloyat onkologiyasiga bordik, davolandik, ammo bo‘lmadi. Keyin bu yerga jo‘natishdi, uch marta jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi», — deydi u.

Umidbaxsh operatsiyalar kutilgan samarani bermagan: «Oyog‘imni saqlab qolishning iloji bo‘lmadi, olib tashlashdi», — deydi Sabrina Zo‘r TV’ ga bergan intervyusida. Lekin qizgina tushkunlikka tushgani yo‘q. To‘g‘ri, tan olishicha, tunov kuni ham «kasallikdan chiqib keta olarmikinman», degan xayol uni ikkilantirardi. Ammo Prezident bilan uchrashuvdan keyin yuragiga «juda katta quvonch kirgan».

14 maydagi uchrashuvda unga taklif qilingan har bir bemor bola ahvolidan oldindan xabardor bo‘lib kelgan davlat rahbari Sabrina bilan yuzma-yuz suhbatda shunday degandi: «Qizimga bir va’da beraman — yaxshi protez olib kelib beraman. Germaniyadanmi, Amerikadanmi, keltirib beraman, qizim, o‘zim nazoratga olaman». Sabrinaning tili bilan aytganda, Prezident: «Dunyodagi eng yaxshi protezni olib kelib qo‘ydiraman, oyog‘ingdan ham afzal bo‘ladi, dedilar».

Sog‘liqni saqlash vazirligidan qo‘shimcha qilishlaricha, unga chet eldan o‘ng chanoq-son bo‘g‘ini protezi olib kelinadi. Prezidentdan va’da olgan Sabrina endi yaqin yarim yil ichida protezi o‘rnatilib, «sog‘lom bolalar qatoriga qo‘shilaman», deb chin ko‘ngildan xursand bo‘lyapti.

«Albatta GAI bo‘lasan!»
Yo‘l-patrul xizmati, eskichasiga aytganda, GAI xodimi bo‘lish — Sabrinaning bolalikdan orzusi. Otasi Namozali akaga qolsa, qiz bola degani o‘qituvchi bo‘lgani ma’qul, boz ustiga o‘qituvchilik — bobokasb. «Prezident kelarmish deganda, mabodo savol-javob qilsa, o‘qituvchi bo‘laman degin, degandim. Prezidentimiz kelganlarida mana, baribir o‘zining aytganini qilib, GAI bo‘laman debdi, — deydi ota. — Nima ham deymiz endi, niyatiga yetsin!».

Sabrina niyatiga qariyb yetdi ham. U Shavkat Mirziyoyevning ko‘zlariga qarab, «GAI bo‘lmoqchiman» deganida, davlat rahbaridan tortib uning doim jiddiy qiyofadagi tansoqchilarigacha hammaning yuziga samimiy kulgi yugurganini, Prezident esa yon daftariga katta qilib, «GAI» deb alohida yozib qo‘yganini, balki, ko‘rgandirsiz. «Albatta GAI bo‘lasiz, GAI bo‘lishingiz uchun hamma sharoitni yaratib beramiz», — degandi o‘shanda Mirziyoyev. Ertasiga bu borada birinchi qadam tashlandi.

15 may kuni GAI (IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi) boshlig‘i polkovnik Olim Saidov shaxsan o‘zi kelib, Sabrinaga «Yo‘l posboni» guvohnomasi va YPX xizmat libosini topshirarkan: «Sizni IIV rahbariyati va shaxsiy tarkibi nomidan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining faxriy a’zoligiga qabul qilinganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman», — deb tabrikladi. Shu kundan boshlab chustlik qizaloq YHXBB tomonidan otaliqqa olindi.

Qizig‘i, Sabrinaning o‘zi ham o‘qituvchi bo‘lish ehtimoli haqida har doim o‘ylagan. «Bugungacha GAI bo‘lishimga ishonmagan edim. Protez bilan olisharmikin, degan xayolda yurardim. Nima bo‘lsa ham GAIlikka topshirib ko‘rib, olishsa olishdi, bo‘lmasa o‘qituvchilik-da, degandim», — deydi u. Endi bo‘lsa u «orzularimga erishdim» deb hisoblaydi. «Orzularga chin dildan ishonsa, Xudodan so‘rasa, ularga yetishamiz», — deydi shu so‘zlarga jonli misol bo‘lgan bu qizaloq.

«Prezidentimiz ham yig‘lab yubordilar»
Feruza opa Prezident bilan suhbat vaqtida Sabrina ikki yillik davolanish davrida o‘qishdan qolib ketgani, endi oliygohga o‘qishga kirish uchun repetitorlar xizmatidan foydalanishayotganini ham aytib o‘tgandi. Davlat rahbari bu so‘zlarni ham e’tibordan chetda qoldirgani yo‘q. «Qizimni tabriklab, o‘qishlarini hal qilib berdilar», — deydi mushtipar ona «O‘zbekiston 24»ga bergan intervyusida. «O‘qishga kirolmayman, deb yurardim. Prezident-otam yordam beraman, bugundan talaba bo‘ldim deb hisoblayver, dedilar», — dedi oliy ma’lumotli GAI bo‘lish istagidagi Sabrina.

Sabrina Insofaliyeva YPX xizmat libosida.
Kadr: «O‘zbekiston 24»

«Biz dorilar bilan, jarrohlik yo‘li bilan davolaymiz, lekin psixologik davolash ham juda katta rol o‘ynaydi. Ayniqsa, prezidentimizning e’tiborlari bolalarimizni, bemorlarimizni davolashda eng katta plyus desam mubolag‘a bo‘lmaydi», — deydi markaz bosh shifokori muovini Dilnoza A’zamxo‘jayeva. Shifokor haq — 14 maydan keyin «boshqa dunyoga kirib qolgandek» bo‘lgan Sabrina ham endi chindan «kasallikni yengib», «protez oyoqda bo‘lsa ham» boshqalarga umid bag‘ishlamoqchi.

Yosh boshi bilan shunday og‘ir xastalikka chalingani, bir oyog‘idan ayrilgan bo‘lsa-da, tushkunlikka tushmagani, yashashga bo‘lgan kuchli intilishi bilan Sabrina hozir ham ko‘pchilikni «uyg‘ota oladi», ham to‘lqinlantiradi. «Xudo sabr bergan ekan, bardoshli ekansan, hali bu kasallikni ham yengib o‘tishga ishonchim komil deb, prezidentimiz ham ko‘zlaridan yosh chiqib, yig‘lab yubordilar», — deydi davlat rahbari bilan uchrashuvning eng ta’sirli lahzalarini eslab Feruza opa.

Hozircha faxriy bo‘lsa-da, baribir GAI xodimiga aylanib ulgurgan baxtiyor Sabrinaning o‘zi esa qo‘lini chakkasiga qo‘yib, baralla shunday deydi: «O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident Mirziyoyevni yig‘latgan Sabrina (video, foto)