20:44 / 23.05.2021
2 419

Oliy ta’lim vaziri: «Talabadan forma talab qilinishiga qarshiman»


Toshkent shahrida «Toshkent 5 tashabbus harakati» tadbirlari doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning yoshlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. 
Kun.uz muxbiriga ko‘ra, muloqot davomida vazir OTMlarda forma masalasi va diniy ta’lim muassasalarida kvotalarning kamligi haqidagi savolga ham javob berdi.

«Kiyinish masalasida men liberal fikrlayman. Ya’ni talabadan forma talab qilinishiga qarshiman.
Termiz davlat universitetida rektor bo‘lib ishlaganimda ham, respublikada birinchilardan bo‘lib ikkita ishni qilgandim.

Birinchisi: besh kunlik o‘qishga o‘tgandik, ikkinchisi: kiyimga bo‘lgan talabni bekor qilgandim. Faqat odob-ahloq normalaridan chiqib ketmagan holda. Bu holat talabalarning bilim olishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Talabalarning norozi bo‘lishga haqqi bor. O‘qituvchilarning ko‘pchiligi ilm talab qilish o‘rniga galstuk talab qiladi. Nega qiyshayib o‘tiribsan?, nega galstuging yo‘q?, nega bunday qilyapsan? ...h.k.

Ikkinchidan, iqtisodiy jihati. O‘zbekistonda hozir tekstil sohasi rivojlanib boryapti. Kiyimlar ham raqobatbardosh va arzon bo‘lib boryapti. Kiyim o‘z funksiyalarini bajarsa bo‘ldi.

Shuning uchun ham bu borada siz bilan hamfikrman», – dedi vazir OTMlarda talabalarga kiyim masalasida cheklovlar qo‘yish noto‘g‘ri ekanligi haqida gapirib.

Abduqodir Toshqulov shuningdek, diniy ta’lim muassasalariga kirish uchun kvotalarning kamligi haqidagi savolga ham javob berdi. Unga ko‘ra, bu borada rostdan ham kvotalar yetarli emas.

«Tan olish kerak, shunday holat. Bilasizmi, diniy ta’lim beradigan muassasalar OTV tasarrufida emas. Bu faoliyat Diniy qo‘mita tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Shunday bo‘lsa-da, fikringizning bir jihatiga qo‘shilamanki, kvotaning kamligi, ustozlarning kamligi hisobiga chekkadan kelib, diniy ta’lim berish holatlari sezilyapti.

Bunda o‘ziga yarasha masalalari bor. Lekin men diniy masalada chuqur ketmoqchi emasman. Chunki din haqida gapirish uchun odam 30-40 yillik bilimga ega bo‘lishi kerak. Ilmi toliblik darajasini olish uchun ham 10 yillik ma’lumotim yetmaydi.
Aytmoqchi bo‘lganim, o‘zimizning olimlar tahsil berishi kerak. Din borasida boshqa mazhab va mazhabsizliklar targ‘ib qilinmasligi uchun», – dedi Oliy ta’lim vaziri.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oliy ta’lim vaziri: «Talabadan forma talab qilinishiga qarshiman»