23:22 / 26.05.2021
2 871

Ma’rifat maskani xodimining buzilgan huquqlari adliya aralashuvi bilan tiklandi


Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Buloqboshi tumani, Shirmonbuloq MFY, Sho‘rbuloq ko‘chasi, 52-uyda yashovchi fuqaro Z.Nurmatovaning ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilganligidan norozi bo‘lib, yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, fuqaro Z.Nurmatova Buloqboshi tuman axborot kutubxona markazi (keyingi o‘rinlarda markaz deb yuritiladi)ga 2019 yil  11 noyabrdagi 7-son buyrug‘i bilan markazning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish bo‘limiga xizmat rahbari lavozimiga ishga qabul qilingan hamda shu sana bilan 13-son mehnat shartnomasi tuzilgan.

Buloqboshi tuman axborot kutubxona markazi direktorining 2020 yil 21 dekabrdagi 24-k-son buyrug‘iga asosan fuqaro Z.Nurmatova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 100-moddasi, 2-qismi, 3 va 4-bandlariga asosan bekor qilingan.

Fuqaro Z.Nurmatova bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqda Mehnat kodeksining 100-moddasi, 2-qismi, 3 va  4-bandlari asos qilib olingan bo‘lsada, biroq mazkur buyruqni qabul qilish uchun asos sifatida aniq bir hujjat rasmiylashtirilmagan.

Vaholanki, Ichki tartib qoidalarning 2.30-bandida, mehnat shartnomasi ushbu qoidalarning 2.29-bandiga asosan bekor qilinganda, kasaba uyushmasi qo‘mitasi roziligini olmay turib, mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Shunga ko‘ra, markaz direktori 2020 yil 18 dekabrda Z.Nurmatova bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilishga rozilik berish bo‘yicha tashkilot kasaba uyushmasiga bildirgi kiritilgan.
Kasaba uyushmasi tomonidan 2020 yil 18 dekabrda rozilik berilgan.

Vaholanki, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiya kengashining 2016 yil 19 apreldagi 2-11-son qarorining 9-bandida, vakolatli kasaba uyushmasi organi taqdimnomani qonunda belgilangan 10 kunlik muddat ichida ko‘rib chiqishi, taqdimnoma kasaba uyushmasi organining majlisida ko‘rib chiqilishi, taqdimnoma yuzasidan so‘rov yo‘li bilan yoki boshqa tarzda sirtdan qaror qabul qilishga yo‘l qo‘yilmasligi, 11-bandida, masalasi ko‘rilayotgan xodim tegishli kasaba uyushmasi organi majlisida ishtirok etish huquqiga egaligi, kasaba uyushmasi organi xodimning majlisda ishtirok etishi uchun yetarli imkoniyat yaratishi lozimligi, xodim majlis o‘tkaziladigan sana va joy haqida oldindan yozma shaklda (tilxat bilan topshirish yoki pochta orqali yuborish yo‘li bilan) xabardor qilinishi shartligi belgilangan bo‘lsada, tashkilot kasaba uyushmasi tomonidan ushbu talablar bajarilmasdan Z.Nurmatovani ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqida rozilik berilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiya kengashining 2016 yil 19 apreldagi 2-11-son qarorining 15-bandida, kasaba uyushmasi organining majlisida bayonnoma yuritilishi va taqdimnomani ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan qaror qabul qilishi belgilangan bo‘lsada, tashkilot kasaba uyushmasi tomonidan ish beruvchining taqdimnomasini ko‘rib chiqishda bayonnoma yuritilmagan va qaror qabul qilinmagan shunchaki, formal ravishda ko‘rib chiqilib, rozilik berilgan xolos.

Ushbu holat bo‘yicha tashkilot kasaba uyushmasi raisidan tushuntirish olinganda, Z.Nurmatovani mehnat shartnomasini bekor qilish masalasi kasaba uyushmasi tomonidan ko‘rilayotganda u chaqirilmaganligini va ushbu yig‘ilishda u ishtirok etmaganligini, shuningdek ish beruvchining taqdimnomasini ko‘rib chiqish bo‘yicha kasaba uyushmasi yig‘ilishi bayonnomasi yuritilmaganligini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, Z.Nurmatova bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqida ish beruvchi tomonidan ogohlantirilmagan.
Ushbu holat bo‘yicha Z.Nurmatova tushuntirish berib, mehnat shartnomasini bekor qilish haqida u xodim sifatida ish beruvchi yoki uning vakili qaysi ichki mehnat tartibi qoidasini buzganligini aytmaganligini, nojo‘ya xatti-harakat sodir etganligi bo‘yicha tushuntirish xati talab qilmaganligini va markazga hech qanday zarar yetkazmaganligini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, ish beruvchi tomonidan bir vaqtning o‘zida Mehnat kodeksining 100-moddasi, 2-qismi, 3 va 4-bandlari bilan ya’ni, xodimni bir vaqtning o‘zida ikkita mehnat munosabatlarida yuzaga kelgan ayb bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Mehnat kodeksining 181-moddasiga ko‘ra, xodimga mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi hayfsan, o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima, mehnat shartnomasini bekor qilish (100-modda ikkinchi qismining 3 va 4-bandlari) intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqliligi qayd etilgan.

Kodeksning 182-moddasida har bir nojo‘ya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo qo‘llanishi mumkinligi belgilangan bo‘lsada, ish beruvchi tomonidan xodimga nisbatan agar xodim bitta aybli xatti-harakat sodir etgan bo‘lsa, unga nisbatan Mehnat kodeksining 100-moddasi, 2-qismi, 3- va 4-bandlari bilan ikkita intizomiy jazo chorasi qo‘llab, huquqni qo‘llashda xatolikka yo‘l qo‘ygan.

Shunga ko‘ra, mazkur buyruqlarni qabul qilishda ish beruvchi tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilganligi aniqlanib, aniqlangan qonun buzilishi holatlarni barataraf etish yuzasidan fuqaro Z.Nurmatovaning manfaatida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga ishga tiklash va majburiy progul kunlari uchun ish haqi undirish yuzasidan da’vo ariza kiritilgan edi.

Mazkur da’vo ariza sud tomonidan ko‘rib chiqilib, Andijon viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’atining joriy yil 15 apreldagi ajrimiga asosan, javobgar Buloqboshi tuman axborot kutubxona markazining 2020 yil 21 dekabrdagi 24-k-son buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topilgan, da’vogar Z.Nurmatova Buloqboshi tuman axborot kutubxona markazi axborot kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish xizmati rahbari vazifasiga ishga tiklangan hamda ajrim bilan da’vogar Z.Nurmatova foydasiga javobgar Buloqboshi tuman axborot kutubxona markazi hisobidan majburiy progul kunlari uchun 5 204 751 so‘m miqdorida ish haqi undirish belgilandi.
 
 Inson huquqlarini himoya 
qilish bo‘limi boshlig‘i                                                      A.Ikramov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ma’rifat maskani xodimining buzilgan huquqlari adliya aralashuvi bilan tiklandi