23:45 / 27.05.2021
1 780

Muhim qonun hujjatlari aholiga va tadbirkorlik sub’ektlariga qanday yetkaziladi?


Bugun, 27 may kuni Milliy matbuot markazida “Qabul qilinayotgan muhim qonun hujjatlarini keng aholi qatlamiga va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Adliya vazirligi mas’ul xodimlari ishtirok etib, muhim qonun hujjatlarini keng aholi qatlamiga va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish usullari bo‘yicha tushuntirish berishdi.

Ta’kidlanishicha vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga fuqarolardan eng ko‘p kelib tushgan murojaatlar statistikasi sohalar kesimida tahlil qilinib, murojaatlardagi muammolarga huquqiy tushuntirishlar berish maqsadida tegishli normativ-huquqiy hujjatlar aholi orasida huquqiy targ‘ibot tadbirlarini muntazam o‘tkazish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlariga yetkazilmoqda.

Shuningdek vazirlik tomonidan aholini qiynab kelayotgan muammolar hamda eng ko‘p berilayotgan savollarning huquqiy yechimlari bo‘yicha mas’ul davlat organlari mutaxassislari bilan birgalikda maxsus videoroliklar ishlab chiqilib, videoteka shakllantirildi va YouTube ijtimoiy tarmog‘iga joylanib borilmoqda (https://www.youtube.com/c/Adliya/playlists).
Vazirlikning “1008” ishonch telefoni orqali eng ko‘p kelib tushayotgan murojaat turlarini aniqlagan holda, shu jumladan yoshlar va ayollar huquqlariga oid targ‘ibot materiallari (matnli, infografika, videorolik) tayyorlab va e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. 

Targ‘ibot materiallarini tayyorlashda “paket” usuli joriy etilib, jamiyat va davlat hayoti uchun muhim qonunchilik hujjatlari bo‘yicha annotatsiya, slayd, infografika, videorolik shaklida materiallar yaratilmoqda. Bu usul orqali targ‘ibot tadbirlari jonli muloqotga aylanishi, aholining qiziqishi ortishiga erishilmoqda.
Bevosita vazirlik tashabbusi bilan yaratilgan Advice va Advice for business portallari esa aholining va tadbirkorlarning huquqiy muammolarini tezkorlik bilan hal qiluvchi asosiy vositalardan biriga aylanib ulgurgan.

Bugungi kunda vazirlik tomonidan 2 milliondan ortiq yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish maqsadida respublika bo‘yicha “Vatan taqdiri – mening taqdirimda” mavzusida seminar-treninglar tashkil etilmoqda. Seminar-treninglar 2 ta yo‘nalishda – ta’lim muassasalarida va uyushmagan yoshlar o‘rtasida tashkil etiladi.

Ko‘pchilikka ma’lumki, Adliya vazirligi boshqa idoralarning huquqiy targ‘ibot sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Shunga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘tkazilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari doimiy ravishda monitoring qilinib Hukumatga va Senatga axborot kiritilmoqda.

Bundan tashqari, aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa saylov qonunchiligiga oid huquqiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, saylov qonunchiligini tushuntirish bo‘yicha sodda, ravon va xalqchil tilda vizual materiallar, videoroliklar tayyorlanib tarqatilmoqda.

Shuningdek matbuot anjumanida qonun hujjatlarini “LexUZ” tizimi orqali yetkazish tizimi va tartibi bo‘yicha ma’lumot berildi. 
Qayd etilishicha, ushbu tizim normativ-huquqiy hujjatlar, Konstitutsiyaviy sud qarorlari, Oliy sud plenumi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, sud amaliyoti va boshqa turdagi hujjatlar o‘zbek (kirill va lotin alifbosida) va rus (qisman ingliz) tillarida e’lon qilinadi (Kuniga o‘rtacha 50 000 kishi   foydalanadi).

Hozirgi kunda “LexUZ”da jami jami 97 637 ta normativ-huquqiy hujjat mavjud bo‘lib, ular o‘zbek, rus va ingliz tillarida e’lon qilingan. Ushbu hujjatlarning 11 707 Qonun hujjatlari, 13 118 tasi Prezident hujjatlari, 28 212 tasi Hukumat qarorlari va farmoyishlari, 21 940 tasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning hujjatlaridan iborat.

Bundan tashqari vazirlik huquqiy axborotlarni aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ijtimoiy tarmoqlar orqali ham ancha faol tarzda yetkazib kelmoqda. Xususan, 208 mingdan ortiq obunachisi bo‘lgan “Huquqiy axborot” telegram kanali, feysbukda “Adliya bilan muloqot” guruhi, Instagram, Twitter, You tube ijtimoiy tarmoqlari orqali doimiy yetkazilib kelinmoqda.
 
              Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Muhim qonun hujjatlari aholiga va tadbirkorlik sub’ektlariga qanday yetkaziladi?