20:28 / 28.05.2021
2 638

Shavkat Mirziyoyev: «Insonning yashash sharoiti yaxshi bo‘lmasa, norozilik kayfiyati kuchayadi»


So‘nggi uch yilda O‘zbekistonda umumiy maydoni 41 million kvadrat metrli 155 mingta xonadon foydalanishga topshirilib, ko‘p kvartirali uy-joylar soni 2 baravarga oshgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda davlat rahbari so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda «Daryo».

- "Yangi uy-joylar va zamonaviy mavzelar sonining oshishi bilan ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatishning dolzarbligi ortib bormoqda. Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak, agar insonning yashash sharoiti yaxshi bo‘lmasa, oilasida tinchlik, ishida unumdorlik bo‘lmaydi, norozilik kayfiyati kuchayadi.

Misol uchun, o‘tkazilgan so‘rovlarda 35 foiz aholi ko‘p-qavatli uy-joylarga ko‘rsatilayotgan xizmatlardan mutlaqo norozi, 65 foiz aholi shirkatlar ishini amalda sezmayapti. Shuningdek, shirkatlarning muddati o‘tgan kreditorlik qarzi 1,4 trillion so‘mdan ortib (shundan 277 milliard so‘mi muammoli kredit), 950 tasining (25 foiz) moliyaviy holati o‘ta og‘ir ahvolda. Toshkent viloyati – 209 ta, Andijon – 208 ta, Samarqand – 68 ta, Jizzax – 65 ta, Qoraqalpog‘iston – 46 ta, Farg‘ona – 26 tani tashkil etmoqda.

Qariyb 70 foiz shirkatlarning kredit muddatlari hattoki 3-4 martadan uzaytirib berilgani bilan ushbu imtiyoz berilgan kreditlarning 52 foizi so‘ndirilmayapti", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidenti muammoli kreditlarning asosiy qismi Toshkent shahri (90 milliard so‘m), Andijon (35 milliard so‘m), Toshkent viloyati (28 milliard so‘m), Farg‘ona (27 milliard so‘m), Surxondaryo (26 milliard so‘m) va Samarqand hisobiga (22 milliard so‘m) to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev ko‘p qavatli uylarda yashovchi odamlarni qiynab kelayotgan masalalarga e’tibor qaratib, xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash bo‘yicha mutasaddilar oldiga vazifa qo‘ygani, O‘zbekistonda uy olish va qurish uchun fuqarolarga 20 yilga kam foizli kreditlar hamda subsidiyalar berilishi, 2021 yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta’minlash vazifasi belgilandi, jumladan, davlat dasturi asosida 45 ming kvartirali ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi belgilangani haqida ham xabarlar berilgan edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: «Insonning yashash sharoiti yaxshi bo‘lmasa, norozilik kayfiyati kuchayadi»