14:38 / 30.05.2021
1 924

«Hali ikkinchi va uchinchi o‘qish bor» — «Reklama to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘yicha izohlar berildi


Deputatlar yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga bildirilayotgan e’tirozlarga o‘z munosabatini bildirmoqda.

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi, deputat Bobur Bekmurodov telegramdagi kanalida qonunlar ko‘rib chiqilishi jarayoni haqida tushuntirish berib, birinchi o‘qishda qonun loyihasi konseptual jihatdan ko‘rib chiqilishini aytib o‘tdi. Ya’ni qonun birinchi o‘qishda qabul qilingani bilan hali ikkinchi va uchinchi o‘qish ham bo‘lib o‘tadi.

Ikkinchi o‘qishda muhokama va ovoz berish moddama-modda o‘tkaziladi. Ya’ni qonunning ayni bir qismi soha rivojiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan taqdirda, ushbu moddani o‘zgartirish yoki butunlay chiqarib tashlash imkoniyati bo‘ladi.

«Birinchi o‘qishda qonun loyihasi konseptual jihatdan ko‘rib chiqiladi:
- Qonun loyihasi konsepsiyasi;
- Konstitutsiyaga muvofiqligi;
- Qonunni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar kabi masalalar ko‘riladi. 
Ikkinchi o‘qishda muhokama va ovoz berish moddama-modda o‘tkaziladi. Ya’ni qonunning ayni bir qismi soha rivojiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan taqdirda, ushbu moddani o‘zgartirish yoki butunlay chiqarib tashlash imkoniyati bo‘ladi», deyiladi postda.

«Milliy tiklanish» demokratiya partiyasi yetakchisi, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov ham telegramdagi kanalida bu borada izoh berib, birinchi o‘qishda qonunning moddalari muhokama qilinmasligini aytib o‘tdi.
Bu qonunga «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi ham qator takliflar tayyorlamoqda. Amaldagi tahrirga bizning ham e’tirozlarimiz bor.
Qisqagina tushuntirish...
Qonun uch o‘qishda qabul qilinadi. Birinchi o‘qishda «shu qonun kerakmi, yo‘qmi» degan savol qo‘yiladi. Qonunning moddalari muhokama qilinmaydi.
Ko‘rib turganingizdek, barcha fraksiyalar sohada o‘zgarishlar kerak deb hisoblashdi. Demak, sohada o‘zgarishi kerak bo‘lgan masalalar bor.

Birgina misol, bugun bevosita daromadini beliga tepadigan qonun qabul qilish xavfi tug‘ilganida parlamentni mas’uliyatli ovoz berishga chaqirayotganlar saylovlar vaqtida saylovchilarni mas’uliyat bilan ovoz berishga emas, pampers sotib olishga targ‘ib qilishni ma’qul ko‘rgan edilar. Ular qonunni buzmaganlar, ijtimoiy targ‘ibot uchun belgilangan hajmdan ortig‘ini, hatto biroz arzonroq ham bermadilar, xolos. Ular haq edilar. Muammo qonunda ekanligi ma’lum.

Partiyalarning moliyaviy baquvvat emasligi, saylovchilarning 5 foiz qismigina partiyalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi, albatta hech kimni qiziqtirmaydi. Hammani sifatli qonun qiziqtiradi.

Yana bir savol, qonun himoyasida bo‘lgan tadbirkor qadriyatlarga zid tushunchani targ‘ib qilgisi kelib qolsa nima bo‘ladi? Albatta buni ochiq amalga oshirish taqiqlangan, lekin bugun jamiyatlarga «yopiq messejlar» ta’sirchanroq bo‘lmoqda.

Shu sababli, istisno hollarda, hokimiyat ijtimoiy targ‘ibot hajmini orttirish yoki zarur hollarda reklamani cheklash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi hamma takliflarni muhokama qilishga tayyor, partiya g‘oyalariga zid bo‘lmasa, albatta ko‘taramiz.

Ishlamaydigan qonun haqida...
Qonun ehtiyojdan kelib chiqib tashabbus qilinadi va qabul qilinadi. Qonun ishlamayotgani uning kerak emasligini emas, ishlatila olmayotganini ko‘proq anglatadi.
Hokimiyat uchun fuqarolarning xotirjamligi ularni farovonliklaridan kam bo‘lmagan zaruratdir», deyiladi postda.

Bundan avvalroq yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida» qonun loyihasi birinchi o‘qishda deputatlarning 98,4 foiz ovozi bilan ma’qullangani ma’lum bo‘lgach, Kun.uz saytida bu boradagi e’tirozlar asosida materiallar e’lon qilingan, yangi qonun OAV erkinligi va biznes rivojiga yana bir to‘siq bo‘lishi mumkinligidan xavotirlar bildirilgan, Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov ham «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlar OAVni moliyaviy jihatdan «o‘ldirishi» haqida aytib o‘tgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Hali ikkinchi va uchinchi o‘qish bor» — «Reklama to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘yicha izohlar berildi