19:10 / 31.05.2021
5 052

O‘zbekiston AQSH harbiy bazasini qabul qiladimi? Moskvadan javob...


Foto:«AP»
Joriy yil 8 may kuni «The Wall Street Journal» nashri AQSH Afg‘onistondan olib chiqayotgan harbiylarini Markaziy Osiyo yoki Yaqin Sharqqa joylashtirish imkoniyatlarini o‘rganayotgani, bu borada O‘zbekiston yoxud Tojikiston eng maqbul variant bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan edi.

Ushbu xabar ortidan siyosatshunoslar O‘zbekiston AQSH harbiy bazasini yana qayta o‘z hududiga qo‘yadimi degan savolni muhokama eta boshladi. Jumladan, Moskva Karnegi markazi ham bu borada tahliliy maqola e’lon qildi.

Maqolada qayd etilishicha, 2016 yildan buyon O‘zbekistonning AQSH bilan harbiy aloqalari jonlandi. 2018 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda tarixda ilk bor AQSH bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risida hujjat imzoladi. Shu tariqa keyingi yillarda O‘zbekiston hamda AQSH harbiylari hamkorlikda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazmoqda. Rasmiy Toshkent Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatish bo‘yicha diplomatik faollik ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston rahbariyatining bu boradagi jonbozligi AQSH davlat kotibi Entoni Blinken tomonidan ham e’tirof etildi.

«Ammo AQSH harbiylarini O‘zbekistonga joylashtirish masalasi Moskva va Pekinning e’tirozlariga sabab bo‘lishi mumkin... Qolaversa, o‘zbek jamiyati har qanday xorijiy davlat harbiylarining joylashuvini ijobiy qabul qilmasligi turgan gap. Rossiya mudofaa vaziri Shoyguning tashrifi sabab mamlakatda Rossiya harbiy bazasi paydo bo‘lishi haqida ovoza tarqaldi. Bu esa jamoatchilikda norozilik uyg‘otdi va pirovardida O‘zbekiston hukumati rasman raddiya berishiga to‘g‘ri keldi.  Amerika bazasi borasida vaziyat yanada murakkabroq tus olishi mumkin – so‘rovlarga ko‘ra, o‘zbek jamiyatida AQSH siyosati Rossiya yoki Xitoyga qaraganda kamroq e’tibor qozongan», – deb yozadi maqola muallifi.

20 yillik urushdan keyin AQSH harbiylari Afg‘onistonni tark etmoqda. Prezident Jo Bayden AQSH qo‘shini 11 sentabrga qadar afg‘on zaminini to‘liq tark etishini ma’lum qilgan. Tolibon harakati hamda AQSH tomoni imzolagan bitimga muvofiq, Qo‘shma Shtatlar o‘z harbiylarini olib chiqib ketadi, Tolibon harakati esa Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik yo‘lida muzokaralar olib boradi.

AQSH qo‘shini O‘zbekistonga joylashtirilishi mumkinligi haqida xabar tarqalgach, mamlakat mudofaa vazirligi ham rasmiy raddiya berdi.
«Mudofaa sohasidagi asosiy hujjatlarda bu masalada aniq va lo‘nda javob berilgan: O‘zbekiston hududida xorijiy harbiy baza va ob’ektlar joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi», – degan Mudofaa vazirligi vakili.

Ushbu tamoyil Konstitutsiya hamda tashqi siyosat konsepsiyasida mustahkamlangan. 2018 yil yanvar oyida qabul qilingan O‘zbekiston Mudofaa doktrinasida ham chet el harbiy bazalari hamda ob’ektlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Markaziy Osiyoda Qo‘shma Shtatlar harbiy bazasi joylashtirilishi masalasi Moskvada xavotir bilan qarshi olingan. Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov «Izvestiya» nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston va Tojikiston bilan harbiy baza masalasida muloqot qilinganini ma’lum qilgan.  

«Ular (O‘zbekiston va Tojikiston rasmiylari – tahr.) bu (AQSH harbiy bazasini mamlakat hududida joylashtirish – tahr.) imkonsiz ekanini bildirishdi. Shu sababli biz bu masalada jiddiy qarshi kurashmasak ham bo‘ladi», – degan prezident Putinning Afg‘oniston bo‘yicha vakili Z.Kabulov.

Darvoqe, AQSH harbiy bazasi haqida muhokamalar qizg‘in tusga kirgan shu kunlarda Tolibon harakati ham qo‘shni mamlakatlarni xorij qurolli kuchlarini o‘z hududiga joylashtirmaslikka chaqirdi.  

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hududida 2001-2005 yillarda AQSH harbiy bazasi faoliyat yuritgan. O‘zbekiston hamda AQSH o‘rtasida 2001 yil 7 oktabrda imzolangan bitimga ko‘ra, Qarshi–Xonobod aerodromi vaqtincha Pentagon tasarrufiga berildi. AQSH mudofaa kuchlari harbiy bazadan Afg‘onistondagi operatsiyani qo‘llab-quvvatlash, xususan, qidiruv-qutqaruv va gumanitar operatsiyalar maqsadida foydalangan.
AQSH prezidenti Donald Tramp davlat rahbari sifatidagi so‘nggi soatlarda Qarshi–Xonobod bazasida xizmat qilgan barcha harbiylarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkach, «K2» nomi bilan ham mashhur bo‘lgan harbiy baza jahon matbuoti e’tiboriga tushdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston AQSH harbiy bazasini qabul qiladimi? Moskvadan javob...