23:38 / 01.06.2021
2 703

Toshkentdagi Chirchiq daryosi bo‘yida villalar va xizmat ko‘rsatish punktlari quriladi


Foto: Videodan kadr
Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni turizm, shahar infratuzilmasi, sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishgandi. Loyihalardan birida Chirchiq daryosi sohili bo‘ylab turli infratuzilma ob’ektlarini qurish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq loyiha 2020 yil 29 may kuni Prezidentning Sergeli va Zangiota tumanlariga tashrifi yakunlari bo‘yicha tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Chirchiq daryosi qirg‘og‘ining 16 kilometrlik qismini 65—80 metrgacha toraytirish rejalashtirilmoqda. Hosil bo‘lgan bo‘sh yer maydonida «Daryo bo‘yi Business City» loyihasi amalga oshiriladi. U yerda ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari yaratiladi.
«Gazeta.uz»ning yozishicha, loyiha 16 kilometr masofadagi — Ohangaron shossesidan Yangihayot tumanigacha bo‘lgan hududni egallashi kutilmoqda.

Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev taqdim etgan loyihaga ko‘ra, daryo qirg‘og‘ini toraytirish, ochilgan hududda zamonaviy turar joylar qurish, rekratsiya, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hududlarini barpo etish rejalashtirilmoqda. Obodonlashtirilgan sohil bo‘yi yaratiladi.

Toshkent hokimi o‘rinbosari — Investitsiyalarni boshqarish va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Sharof Rahmonov «Daryo bo‘yi Business City» loyihasi ikki yil davomida amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bunda Bektemir tumanidagi birinchi bosqichni 2021 yilda yakunlash rejalashtirilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, daryo o‘zanini toraytirish hisobiga 5 kilometr masofadagi birinchi qismida 40 gektarga yaqin yer bo‘shatiladi. Ochilgan hududda savdo markazlari, zamonaviy ishlab chiqarish binolari, mehmonxonalar va sayr zonalari paydo bo‘ladi.
Taqdimotga ko‘ra, ikkinchi bosqichda (5 kilometr) — villalar, uchinchisida (3 kilometr) sohil bo‘yi shaharchasi, to‘rtinchisida yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish punktlari qurish rejalashtirilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 100 million dollarga baholanmoqda.
Qurilish vaziri Botir Zokirov ushbu loyiha sharofati bilan shaharning «suv arteriyasi» tartibga solinishi va xavfsiz bo‘lishini bildirdi.

Chirchiq daryosi havzasining toraytirilishi hisobiga bo‘shatiladigan jami 400 gektar yer «Daryo bo‘yi Business City» loyihasi doirasida investorlarga sotilishini Business City direksiyasi investorlar bilan ishlash menejeri Iroda O‘rinova ma’lum qilgandi. Ushbu hududda, shuningdek, dam olish joylari, turar joylar, savdo-ko‘ngilochar markazlar, maktablar, fabrikalar va boshqa ob’ektlarni qurish ham rejalashtirilgan.

«Bugungi kunda suv sathi avvalgi ko‘rsatkichlardan past. Daryo sohillari juda uzun, biroq, afsuski, hozirda inson aralashuvi sababli achinarli ahvolga kelib qolgan. Ko‘rinib turibdiki, tutash hududlar karerga aylanib qolgan, bu yerda mashinalar ko‘p. Bu ekologiya uchun juda katta zarar, chunki bu yerdan tabiat resurslari — tuproq va shag‘al olib chiqib ketilmoqda», — deb ta’kidlagan Iroda O‘rinova.

Qirg‘oqlarni mustahkamlash va daryo havzasini toraytirish loyihasi uchun Moliya vazirligi Toshkent hokimiyatiga 300 milliard so‘m miqdorida foizsiz ssuda ajratadi. Mablag‘ bo‘shatilgan yerlarni investorlarga sotish hisobiga qaytariladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentdagi Chirchiq daryosi bo‘yida villalar va xizmat ko‘rsatish punktlari quriladi