09:56 / 04.06.2021
4 745

«Tonnalab giloslar sotilmay turib qoldi, piyoz narxi – 300 so‘m» - Eksportchilar uyushmasi raisi


Eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida ayni paytda meva-sabzavot bozoridagi ikkita jiddiy muammo haqida gapirdi. Uyushma raisining aytishicha, birinchi galda giloslar sotilmay qolishi natijasida ko‘riladigan katta miqdordagi zararning oldini olish zarur.

«Hozirgi dolzarb muammo – juda katta miqdordagi giloslarimiz Rossiya bozorlari, Qozog‘iston va chegaraoldi hududlarida furalarga ortilgan holda turib qoldi. Bunga vodiyda ushbu mevaning 15 kunga kechikib pishgani sabab bo‘ldi. Natijada an’anaviy bozorlarga kirishimizda qiyinchilik kelib chiqdi. Ya’ni kech harakat boshlaganimiz oqibatida raqobatchi mamlakatlar giloslarini bozorga bizdan oldin olib kirdi. Shu sababli ko‘p giloslarimiz sotilmay qolib ketmoqda.

Menimcha, bunday paytda davlat tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Xorij tajribasiga e’tibor bersak, shunday vaziyatda davlat mahsulotlarni sotib oladi va uni qayta ishlab sotish tizimlaridan foydalanadi. Bizga hozirda bunday tizim juda zarur.

Chunki yuz minglab odamlarning mahsulotlari va to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy ahvoli shunga bog‘liq. Agar biz hozir yutqazsak, keyingi mahsulotlarimiz savdosiga ham salbiy ta’sir yetadi. Deylik, mana, hozirda o‘rik, shaftoli, uzum pishmoqda. Agar tadbirkorlarimiz qo‘llaridagi aylanma mablag‘larini yo‘qotishsa, keyingi mahsulotlar savdosida muammolar yuzaga keladi. Bu yerda yuz minglab emas, millionlab dollar haqida gap ketmoqda. Gilos qimmat meva va unga tadbirkorlarimiz katta pul tikishadi», dedi u.

Muxtor Umarovga ko‘ra, yana bir muammo piyoz bilan bog‘liq. Ya’ni hozirda Surxondaryo viloyatida piyoz narxi 300 so‘mga tushib ketgan. Bunga sabzavot ko‘p ekilgani va bozordagi talab pastligi sabab bo‘ldi.
«Dalalardagi piyozlarni dehqonlar traktorda haydab yuborishyapti. Chunki piyozni yerdan qazib olish 300 so‘mdan qimmatga tushadi. Sotish uchun esa bozor yo‘q. Piyozlari sotilmagan dehqonlarning yarmi keyingi yil piyoz ekmaydi. Buning natijasida kelasi yil uning narxi ko‘tarilib ketadi.

Aytmoqchimanki, bu yerda boshqacha tizim kerak. Oziq-ovqat sohasida dehqon va tadbirkorlarda muvofiqlashtiruvchi organga ehtiyoj bor. Oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga aynan hozir davlat aralashuvi juda muhim. Bu borada muvofiqlashtiruvchi organ tadbirkor va dehqonlarga, masalan, bu yil piyozni 100 ming tonnadan ortiq ekish kerak emas, degan tavsiyaviy xabar berishi lozim. Ya’ni yerlarni o‘lchab, qayerga qancha mahsulot ekilganini bilish va shunga qarab tahlil qilish zarur. Masalan, bu yil piyozni 15–20 foiz kam ekish kerak, degan xulosa berilsa, yaxshi bo‘lardi. Bu masalalarda hukumatga takliflarimizni berdik.

Hozirgi kecha-kunduzda brokkoli va shunga o‘xshash ko‘katlarga talab yuqori. Eksportyorlarimiz ularni qidirib yuribdi. Lekin biz piyoz ekkanmiz. Ya’ni tahlil yo‘q. Agar Qishloq xo‘jaligi vazirligi shu vazifani bo‘yniga olib, tahlillarni olib borsa, millionlab dehqonlarimizga yengillik qilgan bo‘lardi. Chunki ko‘pchilikning iqtisodiy ahvoli shunga bog‘liq. Bu muammoga bugun yechim kerak, ertaga kech», dedi Muxtor Umarov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Tonnalab giloslar sotilmay turib qoldi, piyoz narxi – 300 so‘m» - Eksportchilar uyushmasi raisi