18:00 / 05.06.2021
3 830

IIBning ikki «operi»ga hukm o‘qildi


Namangan viloyat IIB  Jinoyat-qidiruv boshqarmasining (JQB) ikki nafar katta tezkor vakili jinoiy javobgarlikka tortildi. Ayni ma’lumotni viloyat sudidagi «Xabar.uz» manbasi tasdiqladi.

Unga ko‘ra, JQBning «oyog‘i yerdan uzilgan» ikki xodimi ham Jinoyat kodeksining 234-(qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) va 206 (mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan.

Voqelikka ko‘ra, sudlanuvchilar E.Xudayberdiyev va K.Tulashev (ikkisi ham o‘ttiz yoshlar atrofida) 2020 yil 1 iyun kuni qoq peshinda Pop shahri markazidagi tamaddixonada yengil tushlik qilish jarayonida ishlatgan salfetkasini yerga tashlaydi. Ularning bunday qilig‘i tamaddixona ish yurituvchisi M. G‘afforovda e’tiroz uyg‘otadi: «yerga chiqindi tashlanmaydi-da, akalar?!».

Tanbeh «oper»lar yoqmaydi va shu joyning o‘zida ish yurituvchining «aqlini kirib” qo‘yishga tushadi. Avvaliga «qani tibbiy niqobing?» deya qo‘l telefoniga  M. G‘afforovni tasvirga oladi. JQB xodimlarining o‘zlari ham jamoat joyida niqobsiz yurgani bois ish yurituvchi ham ularni qo‘l telefoniga tasvirga olishga urinadi. Bunday javobni kutmagan "oper”lar maydalashib o‘tirmaydi: ish yurituvchining qo‘l telefonini kuch bilan tortib olgach, qo‘lini orqasiga qayirib, bir ikki musht tushirishadi-da, mashinaga «bosib», to‘g‘ri tuman IIBga olib kelishadi. Bu yerda ham urib-do‘pposlashadi, hatto G‘urumsaroyda sodir bo‘lgan qotillikni «bo‘yniga qo‘yvorish» bilan tahdid qilishadi...

Bir necha soatga cho‘zilgan jismoniy va ruhiy bosimlardan so‘ng, «xumori» bosiladi chog‘i, profilaktika inspektorini chaqirib, «54-modda bilan ma’muriy ish ochish”ni buyuradi. Profilaktika inspektori ham «miq» etmay buyruqni bajaradi va M. G‘afforovni bo‘yniga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasini (karantin qoidalarini buzish) iladi-qo‘yadi (keyinroq mazkur qo‘lbola «delo» tuman prokurorining protestiga asosan bekor qilinadi).

Ikki «oper»ning bunday «tarbiyaviy ishlari» ilgari qo‘l kelgan bo‘lishi mumkin (he yo‘q-be yo‘q, boz ustiga kuppa-kunduzi birovni «ichkari»ga olib kirvolib, bemalol kaltaklashi ular uchun odatga aylanganiga shubha qoldirmaydi), biroq bu safar hammasi teskari aylandi.

M. G‘afforov arizasiga asosan tuman prokuraturasi darhol ishga tushdi, surishtiruvda JQB xodimlarining qilmishi tasdiqlandi, kamiga sud-tibbiy ekspertizasi jabrlanuvchi «bosh miya chayqalishi, boshining peshona, burun, o‘ng bilak kaft bo‘g‘imi sohalarida qontalashlar, boshini o‘ng tomon peshona tepa sohasidagi jarohatlar» borligini aniqlab, ushbu jarohatlarni shaxs o‘ziga-o‘zi yetkazishi ehtimoli kamligi haqida shahodat berdi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan paytda JQB xodimlarining paytavasiga qurt tushgani aniq. Yo‘qsa, o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, jabrlanuvchidan uzr so‘rash asnosida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun naq o‘n million so‘m tutqazib ketarmidi?! Biroq ularning bunday «himmati» ishni yengillashtirib, javobgarlikdan qutilib qolishlariga olib kelmadi baribir. Sud jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy-ma’naviy zarar qoplanganini qayd etishi barobarida ularga tegishli jazo berdi-qo‘ydi. To‘g‘ri, tayinlangan jazo jarima shaklida bo‘ldi, biroq shuning o‘zi tizimdan ketishiga yetib ortadiki, qayta forma kiyishni endi orzu ham qilisha olmasa kerak...
Yana qaydam.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » IIBning ikki «operi»ga hukm o‘qildi