17:05 / 08.06.2021
11 610

IIV Abdulloh Zufarning aniq manzilini aytgan shaxslarga mukofot puli berilishini ma’lum qildi


Foto: IIV axborot xizmati
Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga da’vat qilgan Abdulloh Zufarning (Zofir G‘afforov) aniq manzilini aytgan shaxslarni amaldagi qonunchilikka asosan mukofotlaydi.

Ma’lum qilinishicha, u internet tarmog‘idagi noqonuniy targ‘ibot faoliyati orqali fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatchilikning oshishiga, oilalar parokandaligiga, ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlarda ziddiyatlarga, farzandlarning qurolli mojarolar davom etayotgan hududlarga chiqib ketishlariga asosiy sabab bo‘lmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosalariga ko‘ra, Abdulloh Zufarning aksariyat ma’ruzalari O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan ag‘darishga xizmat qiluvchi va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni respublika hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash va tarqatish taqiqlanadi.

Shu sababli fuqarolar Abdulloh Zufarning diniy ma’ruzalari aks etgan har qanday ko‘rinishdagi diniy materiallarni respublika hududiga olib kirishi, saqlashi (shu jumladan, kompyuter, noutbuk, telefon apparatlari va boshqa elektron ma’lumotlarni saqlash/tashish qurilmalarida) va tarqatishi (og‘zaki, yozma, elektron ko‘rinishda va h.k.) Jinoyat kodeksining 159, 244 prim 1 va 246-moddalari bilan jinoiy javobgarlikka hamda uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirilgan.

«Abdulloh Zufarga nisbatan respublikamiz huquq-tartibot idoralari tomonidan xalqaro qidiruv e’lon qilingan bo‘lib, uning hozirgi kundagi aniq manzili, aloqa vositalari, jinoiy aloqalari hamda boshqa tergov uchun ahamiyatli ma’lumotlarni taqdim etgan shaxslarga, basharti ularning ma’lumotlari tasdiqlangan taqdirda amaldagi qonunchilikka asosan mukofot pullari taqdim etiladi», — deyiladi xabarda.

Agarda, yuqoridagi ma’lumotlarni taqdim etgan shaxslarning o‘zlari qidiruvda bo‘lsa, ularni jinoiy javobgarligini yengillashtirish va mamlakatga qaytarish choralari ko‘rib chiqiladi.

Abdulloh Zufar haqida ma’lumotlarga ega shaxslar Ichki ishlar vazirligining 102 qisqa, (+998) 71 231-34-33 raqamlariga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat qilishlari mumkin. Ma’lumot taqdim etgan shaxslarning maxfiyligi sir saqlanishiga kafolatlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning may o‘rtalarida IIV Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy va yana sakkiz kishiga nisbatan qidiruv e’lon qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » IIV Abdulloh Zufarning aniq manzilini aytgan shaxslarga mukofot puli berilishini ma’lum qildi