23:18 / 14.06.2021
692

Adliya vazirligi Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqmoqda

Adliya vazirligi Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqmoqda

Bugun, 14 iyun kuni Adliya vazirligi tomonidan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning huquqiy islohotlar dasturi hamkorligida “Tadbirkorlik kodeksi loyihasining asosiy yo‘nalishlari” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminarda ilmiy mutaxassislar va davlat organi mutaxassislari ishtirok etishdi. Xususan, Adliya vazirligi mas’ul xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor o‘qituvchilari, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mutaxassislari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Savdo-sanoat palatasi va Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqib, Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

So‘z boshida Ishchi guruh rahbari mazkur Davlat dasturida belgilangan vazifalar hamda vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumot bilan seminar ishtirokchilarini tanishtirib chiqdi.

Tadbirkorlik kodeksi loyihasining asosiy yo‘nalishlari seminarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Jumladan, Toshkent davlat yuridik universitetining professor o‘qituvchilari tomonidan fuqarolik va tadbirkorlik huquqlarining maqsad va vazifalari, ularning bir-biriga o‘xshash va farqli jihatlari, Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish zaruriyati masalalarida to‘xtalib, Kodeks loyihasining asosiy yo‘nalishlari borasida o‘zlarining takliflarini keltirib o‘tdi.

Bunda professor o‘qituvchilar tomonidan Kodeks loyihasida ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan tadbirkorlarning huquq ustuvorligi, minimal tartibga solish, erkin raqobat, erkin nutq kabi prinsiplarni kiritish takliflari bildirildi.

Bundan tashqari, Seminarda baxs va munozaralarda ijtimoiy tadbirkorlik, innovatsion tadbirkorlik, investitsiya munosabatlari, tadbirkorlikni moliyalashtirish kabi masalalarga e’tibor qaratish lozimligi, shuningdek, tadbirkorlik va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda Konstitutsiyaviy sud, Biznes-ombudsman va boshqa davlat organlarining vakolatlari to‘g‘risidagi masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Adliya vazirligi Kodeks loyihasini ishlab chiqish jarayonlariga tadbirkorlik sub’ektlari, sohaning ilmiy vakillari, soha bo‘yicha mutaxassis, ekspertlar va boshqalarni faol qatnashishga chorlaydi.
 
Adliya vazirligi 
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vazirligi Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqmoqda