17:47 / 17.06.2021
3 738

Ochiqlik sari katta qadam. Prezident farmoni e'lon qilindi


Davlat organlari va tashkilotlari 33 toifadagi ma'lumotlarni ochiq e'lon qilishi shartligi belgilandi. Xaridlar, avtomobillar, xizmat safarlari uchun xarajatlar ham shular jumlasidan. Deputat va senatorlar qaror va qonunlarga qanday ovoz bergani ochiqlanadi, sessiyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatiladi.


«Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta'minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolandi.

Farmon bilan Ochiq ma'lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma'lumotlar ro‘yxati tasdiqlandiRo‘yxatga ma'lumotlarning 33 xil toifasi kiritilgan. 33 toifadagi ma'lumotlarning ochiqlanishi jamoatchilikda mustaqil surishtiruvlar olib borish imkoniyatini oshiradi.

Hujjat talablari barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalariga taalluqli.

Farmonga asosan, 2021 yil 1 iyuldan boshlab quyidagi ma'lumotlar rasmiy internet manbalarida ochiqlab boriladi va har chorakda yangilanadi:
  • davlat xaridlari, shu jumladan, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar);
  • mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari (xizmat safarining yoki tashrifning maqsadi, sutkalik pul, transport va yashash bilan bog‘liq xarajatlar, bundan davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan ma'lumotlar mustasno);
  • soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan, individual imtiyozlar berilgan sub'yektlarning benefitsiarlari (yakuniy manfaatdor jismoniy shaxslari), ular tomonidan to‘langan soliqlar va moliyaviy ko‘rsatkichlar;
  • davlat organlari va tashkilotlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi, shu jumladan, obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari;
  • Hisob palatasi, Moliya vazirligi va nazorat qiluvchi organlarning taftish va tekshiruvlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar (davlat siri bo‘lgan ma'lumotlarning yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirning muhofaza qilinishini ta'minlagan holda);
  • ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda – davlat ishtirokidagi korxonalar) hamda davlat unitar korxonalari ro‘yxati (davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi, mulkdor) funksiyalarini amalga oshirayotgan tashkilot, korxona hududi, STIR, davlat ulushi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ko‘rsatgan holda);
  • ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli yuridik shaxslar ro‘yxati;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarning ijroiya organi (direktor, boshqaruv raisi, boshqaruv a'zolari) va kuzatuv kengashi a'zolarining ismi va familiyasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
  • davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan yil (chorak) yakuni bo‘yicha to‘langan dividendlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarga sarflangan davlat budjeti mablag‘lari, xorijdan jalb etilgan mablag‘lar;
  • davlat tashqi qarzi summalari va ularning sarflanishi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
  • davlat xaridlarini amalga oshiruvchi komissiya a'zolari ro‘yxati;
  • davlat muassasalari ro‘yxati (tashkil topgan sanasi, yuqori turuvchi organ) hamda xususiylashtirilgan obektlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar (davlat sirini tashkil etuvchi maxfiy vazifa yuklatilgan davlat korxonalari va muassasalari bundan mustasno);
  • davlat organlari va tashkilotlari huzuridagi Jamoatchilik kengashlari a'zolari ro‘yxati, ularning telefon raqamlari, pochta va elektron manzillari;
  • jamoatchilik kengashlarining yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalalar.
Oliy Majlis palatalariga o‘z rasmiy veb-saytlarida quyidagi ma'lumotlarni joylashtirish tavsiya etildi:
  • Qonunchilik palatasida deputatning har bir qonun (qaror) loyihasini qabul qilish yoki rad etishdagi, senatorning har bir qonunni (qarorni) ma'qullash yoki rad etishdagi ishtiroki to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
  • senatorlar va barcha darajadagi deputatlarning saylov okruglari hamda ularning elektron pochta manzillari;
  • parlament nazorati obektlarining hisobotlarini eshitish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar.
2021 yil 1 dekabrdan boshlab, quyidagilar televideniye va internetda jonli efirda namoyish etila boshlanadi:
  • Qonunchilik palatasi va Senat majlislari hamda hududiy kengashlar sessiyalari (yopiq majlislar bundan mustasno);
  • taraflarning roziligi bilan fuqarolar huquq va erkinliklari hamda jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi, aholi sog‘lig‘ini saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi, shu jumladan, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar, shuningdek, ayrim oilaviy nizolarga oid fuqarolik ishlari bo‘yicha sud majlislari (yopiq sud majlislari bundan mustasno).
Quyidagi imtihonlar internetda jonli efirga uzatiladi:
  • bakalavriat va magistratura (klinik ordinatura)ga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlar;
  • o‘qishni ko‘chirish istagini bildirgan talabalardan olinadigan imtihonlar;
  • xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olishda talabgorlardan olinadigan test sinovlari.
Buning uchun imtihon.uz platformasi ishlab chiqiladi. Imtihonlarni internetda jonli efirga uzatish bo‘yicha texnik talablar (o‘rnatiladigan videokameralar va tasvir sifati, joylashish sxemasi va boshqalar) ishlab chiqiladi.
Mazkur Farmonda ko‘rsatilgan qoida va tartiblarning buzilishi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi sifatida baholanadi.
Farmonga asosan:
  • 2021 yil 1 sentyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portali davlat xaridlari portali bilan integratsiya qilinadi;
  • 2021 yil 1 oktyabrga qadar davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash metodikasi ishlab chiqiladi;
  • 2021 yil 1 dekabrdan boshlab, metodika asosida davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanadi;
  • Davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari hamda murojaatlar bilan ishlash bo‘linmalariga mazkur organlarda ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarining ijro etilishini o‘z vaqtida va sifatli ta'minlash vazifasi yuklatildi;
  • Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik darajasini oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
«Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida» va «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunlarning yangi tahrirdagi loyihalari ishlab chiqiladi. Davlat sirlariga oid qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutiladi:
  • cheklab qo‘yilgan axborotlar ro‘yxatiga kirmaydigan ma'lumotlarni maxfiylashtirishni taqiqlash;
  • cheklab qo‘yilishi fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborotlarning davlat sirlariga kiritilishini man etish;
  • fuqarolar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatchilari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirini tashkil etuvchi ma'lumotlar bilan ishda foydalanishga ijozatni rasmiylashtirish shartlari va tartiblari;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va ilg‘or tendensiyalarni hisobga olgan holda davlat sirlarini saqlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish va takomillashtirish.
Davlat organlari va tashkilotlari:
  • har yili 1 martga qadar o‘z faoliyatiga oid hisobotni (davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan ma'lumotlar bundan mustasno) rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, 10 martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar beradi;
  • har yili 1 aprelga qadar o‘z faoliyatiga oid hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini o‘tkazadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilmasida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta'minlash boshqarmasi tashkil etiladi. Agentlikka quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
  • davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan, ularning normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan ma'lumotlarni internet tarmog‘iga joylashtirish (e'lon qilish) bo‘yicha majburiyatlari hisobini yuritish;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlaridan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni «Mening fikrim» veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqarish;
  • ochiq ma'lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma'lumotlar ro‘yxatini uzluksiz to‘ldirish, takomillashtirib borish va yangilab borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishga ko‘maklashish;
  • davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan OAV orqali samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha choralarning ishlab chiqilishi va joriy etilishiga ko‘maklashish;
  • ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan talablarni muntazam ravishda buzayotgan aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borish;
  • har yili faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha erishgan asosiy yutuqlar hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar yuzasidan prezidentga axborot tayyorlash va o‘z rasmiy veb-saytida e'lon qilib borish;
  • «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonun amalga oshirilishi ustidan nazoratni, shuningdek, Jahon odil sudlov loyihasining «Hukumatning ochiqligi» indikatori bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga oid kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
«Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunning 36-moddasida ko‘rsatilgan ma'lumotlardan tashqari, quyidagilar ham ochiqlab boriladi:
  • yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma berilgan barcha shaxslar va ruxsatnomadagi ma'lumotlar hamda undirilgan haq miqdorlari;
  • O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitdan ajratib olishga doir berilgan barcha ruxsatnomalar va ulardagi ma'lumotlar hamda undirilgan haq miqdorlari;
  • ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi barcha shartnomalar;
  • ovchilik xo‘jaligini yuritish huquqi tugatilgan holatlar hamda undirilgan haq miqdorlari;
  • yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma berilgan barcha shaxslar va ruxsatnomadagi ma'lumotlar hamda undirilgan haq miqdorlari;
  • O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining o‘rmon-ovchilik xo‘jaliklari tomonidan berilgan ovchilik yo‘llanmalari (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi) hamda undirilgan haq miqdorlari.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ochiqlik sari katta qadam. Prezident farmoni e'lon qilindi