15:24 / 20.06.2021
2 799

Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash to‘g‘risidagi Prezident Farmoni haqida


Ochiq hukumat, kuchaytirilgan oshkoralik, fuqarolar va hukumat o‘rtasidagi hamkorlik 21-asrda rivojlanishning eng asosiy vositalaridan biri  hisoblanadi. Ochiqlik markaziy fundament sifatida davlat resurslaridan foydalanishni yaxshilaydi hamda hukumatlar va fuqarolar o‘rtasidagi ishonchni oshiradi. Ochiqroq bo‘lgan hukumatlar samarali harakat qiladi. Daron Adjemoglu ta’biri bilan aytganda inklyuziv qaror qabul qilish jarayonlarini osonlashtiradi. 

Ochiqlik davlatlar va jamiyatlar rivojlanishida shunchalik ahamiyatliki, davlatlar taraqqiyotini aniqlashga qaratilgan turli sohalar bo‘yicha xalqaro reytinglar va indekslarning muhim komponenti hisoblanadi. 

Jahon bankinin Ochiq hukumatga oid standartlari ham aynan shu maqsadlarni ko‘zlaydi. Aynan mazkur standartlar doirasida Jahon banki tashabbusi bilan Filippin, Tunis va Marokkoda sezirlarli o‘sishga erishildi.

Jahon arenasida yuqori nufuzga ega bo‘lgan Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OESR, OECD) ham ochiqlik masalasiga kalit rolini beradi. Tashkilot tomonidan Ochiq hukumat ma’lumotlari (OGD) falsafasi ilgari suriladi. 

Farmonda qizil qalam bilan “ochiqlik prezumpsiyasi” haqida gap ketadi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston bu borada dunyoda birinchilardan bo‘lib, ushbu tamoyilni qonunchilik hujjati bilan mustahkamlab qo‘ydi. Aslida bu tamoyil qayerdan kelib chiqqan degan savolga quyidagicha javob beraman. Ushbu tamoyil 2013 yilda G8 mamlakatlarining sammitida “Sakkiz guruhining Ochiq ma’lumotlar Xartiya”si (Fransiya, Germaniya, AQSH, Italiya, Yaponiya, Rossiya va boshqalar) doirasida qabul qilingan. Unda barcha ma’lumotlar o‘z o‘zidan (po umolchaniyu) ochiq hisoblanishi ko‘rsatilgan. 

Germaniyadagi taniqli va yetakchi fikr markazlaridan biri bo‘lgan SWP markazi xalqaro va xavfsizlik ishlari instituti nashri bundan sal kam 1 yil oldin O‘zbekistondagi OAV faoliyati va so‘z erkinligiga baho bergan edi.

Xususan, O‘zbekistonda Prezidentning ochiqlik borasidagi siyosati mamnuniyat bilan qabul qilingani, siyosiy voqealarni tanqidiy va konstruktiv tarzda kuzatadigan va manipulyatsiya urinishlarini tezkor ravishda e’lon qiladigan ko‘plab faol blogerlar borligi, ular islohot siyosati olib borishga intiladigan va faol fuqaro timsolini o‘zida mujassam etishi e’tirof etilgan.

Shuningdek, OAV faoliyatini rivojlantirish, ochiq munozaralarni rag‘batlantirish, jamoatchilikning mustaqil ishtirokini ta’minlash maqsadga muvofiqligi taklif etilgan edi. Mazkur Farmon aynan shu masalalarni institutsional hal etishga qaratilgan. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga bu yilga Murojaatnomasida ochiqlik masalasiga jiddiy e’tibor qaratilgan edi. O‘zbekiston “Ochiq ma’lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, (187 mamlakat) 44-o‘rinni egallagani, bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani muhim ahamiyat kasb etgani, ta’kidlangan.

Korrupsiyaning oldini olishda barcha davlat organlarida qaror qabul qilish jarayonlari, ochiq va faqat ochiq bo‘lishini ta’minlash hal qiluvchi ahamiyatga egaligi alohida qayd etilgan. Shuningdek, ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini kengaytirish, kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yo‘lga qo‘yish, geologiya sohasida kon va istiqbolli maydonlar mahalliy va chet ellik investorlarga ochiq mexanizmlar asosida sotish topshirilgan edi.

Eng asosiy masala, davlat Rahbari jamiyatimizda oshkoralik va ochiqlik, so‘z erkinligi muhitida yashash va ishlashga asta-sekin o‘rganib borayotganimizni bejizga aytmagan edi. Darhaqiqat, qaysi ma’lumotlar ochiq, qaysilari yopiq, cheklanmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati bularning barchasi endi tartibga solinadi. O‘z navbatida bu sohadagi turli nizo va bahslarga chek qo‘yiladi. 

Ochiqlik masalasiga mazkur loyiha birinchi Adliya vazirligi tomonidan boshqa idora va tashkilotlar bilan kelishish uchun 2020 yil 21 oktabr kuni yuborilgan edi. Barcha idoralarning takliflari olingach, yakuniy tahriri 2020 yil 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan va u yerda yana qayta ishlangan. 

Loyiha shu kungacha belgilangan tartibda 32 ta vazirlik va idora bilan, shu jumladan Oliy Majlis palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Hisob palatasi, Bosh prokuratura, DXX, IIV, Oliy sud, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Moliya vazirligi, DSQ, DBQ, Markaziy bank, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishilgan.

Shu o‘rinda, ochiqlik orqali iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy rivojlanib ketgan davlatlarni ko‘plab davlatlarni keltirib o‘tish mumkin. Bular qatorida Angliya, Luksemburg, Singapur, Norvegiya, Shvetsiya va boshqalarni keltirish mumkin. Birgina misol, Janubiy Koreyada bundan taxminan 50 yil oldin YAIM hajmi aholi jon boshiga 1000 AQSH dollarini tashkil etgan. Hozir esa bu ko‘rsatkich 32 ming dollarni tashkil etadi va jahonda ular 10 o‘rinda ketishmoqda. Albatta fikrimizcha bu borada mazkur mamlakatlar boshqalarga o‘rnak bo‘la oladi. 

Shu o‘rinda, o‘zi bu farmon qabul qilinishiga nima sabab bo‘ldi degan masalaga ham to‘xtalib o‘tish joiz. Hech kimga sir emas, ovchilik sohasida otib o‘ldirilgan ayiq, qurilish va boshqa sohalardagi tenderlar, ayrim masalalar yuzasidan OAVning davlat organlaridan javob olishda qiyinchilik tug‘ilishi, kameralarga shikast yetkazilishi, yohud ko‘chadagi kameralar qayerga o‘rnatilganligi va u nimani fiksatsiya qilayotgani bo‘yicha odamlarning noroziligi, ayrim hujjatlarning sir ekanligi oqibatida oshkor qilinmaslik holatlari va boshqa ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Ko‘rib turganingizdek, hech bir masala yo‘qqi, uni davlat Rahbari va boshqa mutasaddi vakillar tomonidan eshitilmasdan qolmaydi. 

Yuqorida qayd etilgan Farmon fundamental hujjat bo‘lib, uning asosiy maqsadi ochiq va shaffof davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish orqali jismoniy va yuridik shaxslarga axborot taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy qilish, shuningdek jamoatchilik nazoratining ta’sirchanligini ta’minlash hisoblanadi.
Farmon bilan: 
– davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatiga “shaffoflik, ochiqlik va hisobdorlik” tamoyillari joriy etildi;
– davlat organlari ma’lumotlari ochiqligi prezumpsiyasi joriy etilib, unga muvofiq, qonun bilan cheklanmagan har qanday ma’lumot ochiq ma’lumot bo‘lishi belgilandi.

Shuningdek, Ochiq ma’lumotlar shaklida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar Ro‘yxati tasdiqlandi. Ro‘yxatga 33 ta ochiqlanishi majburiy bo‘lgan ma’lumotlar kiritilgan. Ular qatorida:
– davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tasdiqlagan yillik ish rejalari, shuningdek yillik (yarim yillik) xarajatlar smetasi va uning ijrosi. 
– nazorat qiluvchi organlar tomonidan tegishlicha o‘tkazilayotgan har bir taftish va tekshirishlar;
– O‘zbekiston Respublikasining davlat korxonalari va muassasalari reyestri, sarflagan Davlat budjeti mablag‘lari;
– davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslar kuzatuv kengashi a’zolarining tarkibi;
– qonunchilik hujjatlari bilan soliq, bojxona imtiyozlari
 va preferensiyalar berilgan sub’ektlar hamda ular tomonidan to‘langan soliqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqalar. 

Bundan tashqari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ochiqligiga oid qonun hujjati yangi tahrirda ishlab chiqiladi.
Ta’kidlash joizki, davlat organlari rahbarlari tomonidan hisobot va ma’lumotlar berishning yangi tartibi belgilanmoqda. Unga ko‘ra, har bir idoraning yil davomida qilgan ishlari bo‘yicha hisoboti veb-saytga joylashtiriladi, mutasaddi shaxslar hisobot va jamiyatning eng muhim boshqa masalalari haqida matbuot anjumanlari orqali aholiga axborot taqdim etib borishadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari  va tashkilotlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
Parlament a’zolarining ish faoliyati samaradorligini ochiqlik orqali ta’minlash nazarda tutilmoqda. Jumladan, deputat yoki senatorning har bir qonun loyihasini qabul qilish yoki ma’qullashda bergan ovozlarini ochiq e’lon qilinadi.

Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etiladi. Bunda jamg‘arma mablag‘lari jamoatchilik nazoratining har qanday shakllari, shu jumladan jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik kengashlari faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. 
Endilikda, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksi aniqlanadi va uning natijalari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

“Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini yangi tahrirda qabul qilinadi. Unda cheklab qo‘yilgan axborotlar ro‘yxatiga kirmaydigan ma’lumotlarni maxfiylashtirishni taqiqlash, cheklab qo‘yilgan axborotlar ro‘yxati, undan foydalanish hamda ma’lumotlarni bunday axborotlar jumlasiga kiritish tartibi belgilanadi. 

Ochiqlikka oid qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Shubhasiz, loyiha davlat boshqaruvini amalga oshirishda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, davlat organining nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Farmon bir yo‘la quyidagi 6 ta xalqaro indeks va reytinglarda (Jahon bankining “Boshqaruv sifati indikatorlari”, “The Economist Intelligence Unit”ning “Demokratiya indeksi”, “Transparensi interneshnl” tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”, Bertelsmann fondining “Transformatsiya indeksi”, Jahon iqtisodiy forumining “Iqtisodiy erkinlik indeksi”, Jahon bankining “Statistik salohiyat indeksi”) O‘zbekiston o‘rni sezilarli darajada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Davlat rahbarining shu so‘zlari o‘rinli. Oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi. Ochiqlikdan faqat muttahamlar qo‘rqadi.
 
70 litsenziya va 34 ruxsatnoma tugatildi, boshkalar bilan birlashtirildi yoki xabarnomaga o‘tkazildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash to‘g‘risidagi Prezident Farmoni haqida