23:26 / 27.06.2021
2 046

"Aybni bo‘yinga olish" - yangi tartib va xalqaro tajriba


Jinoyat ishlarini ko‘rishda aybini bo‘yniga olish to‘g‘risidagi kelishuv - qonunchilikda  katta yangilik. Har qanday yangilik esa amaliyotda silliq kechmasligi ma’lum. Aytiladi-ku, qonun qabul qilinishi - ishning yarmi, xolos. Qolgani uning ijrosiga bog‘liq, deb...

Shundan kelib chiqib, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi «Mintaqaviy muloqot» HNN bilan hamkorlikda «O‘zbekiston jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarida aybiga iqrorlik kelishuvi” mavzusida xalqaro trening tashkil qilindi. Zero, O‘zbekiston sud amaliyoti uchun yangi bo‘lgan aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv instituti samarali qo‘llanilishi uchun uning xorijiy tajribasi, ijobiy va salbiy taraflarining tahlili nihoyatda muhim.
 
Sudyalar uchun maxsus tashkil etilgan mazkur tadbirda jinoyat ishlarini ko‘rishda aybini bo‘yniga olish to‘g‘risidagi kelishuv instituti xorijiy tajribasi, bu borada xalqaro huquqiy normalar xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, Sloveniya va AQSH jinoyat sudlari tajribasida mazkur tartibning qo‘llanilishi samaradorligi va salmog‘i, yuzaga keladigan murakkabliklar va ularning samarali yechimlari haqida ham gap bordi.

Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, Sloveniya sud amaliyoti O‘zbekiston amaliyotiga bir qancha yaqin, mazkur yangi tartibni qo‘llashda deyarli o‘xshashliklar bor. Lekin AQSH amaliyotining o‘ziga xosligi "Aybiga iqrorlik bitimi"ning farqli jihatlari mavjudligi ko‘rsatadi. “AQSH sudlov qonunchiligi asosida ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tomonidan aybiga iqrorlik kelishuvi imzolanganida jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogarning manfaatlari qay darajada himoyalangani masalasiga to‘xtalish lozim. Zero, ushbu jarayonda jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogarning roziligi yoki qarshiligi kelishuvni amalga oshirishda deyarli inobatga olinmaydi», — deydi AQSH Federal sudi sudyasi Ayvan Lemell.

Shu o‘rinda, xalqaro ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda amalda bo‘lgan yarashuv institutining jabrlanuvchining manfaatlari ta’minlanishi nuqtai nazaridan ustunlik qilayotgan ijobiy jihatlariga e’tibor qaratildi.

Treningda ishtirok etgan jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar va Sudyalar oliy maktabi tinglovchilari aybiga iqrorlik kelishuvi borasida  halqaro ekspertlarga qator muhim savollar bilan yuzlandilar. Xususan, aybiga iqrorlik kelishuvi imzolanishida advokatlarning o‘rni, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilishida ayblanayotgan shaxslar bilan kelishuv tuzishning o‘ziga xos jihatlari, dastlabki tergov bosqichida tuzilayotgan aybiga iqrorlik kelishuvi ustidan sud nazoratini samarali yo‘lga qo‘yish zarurligi va boshqa muammoli masalalar borasida munozaralar bo‘lib o‘tdi.

Trening yakunida tadbirdan qilingan xulosa va takliflarga ko‘ra, xalqaro maydonda samarali qo‘llanilayotgan ushbu protsessual institutning milliy jinoyat-protsessual qonunchiligiga kiritilishi inson huquqlari va erkinliklarini yanada ishonchli himoyalash jarayonidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi e’tirof etildi. Bu borada xalqaro hamkorlikni konstruktiv davom ettirish borasida xorijiy hamkorlar bilan kelishib olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Aybni bo‘yinga olish" - yangi tartib va xalqaro tajriba