18:30 / 28.06.2021
2 732

Prezident bilan yuzlashgan momo


Bugun Izboskan tumaniga qadam ranjida qilgan kishi borki, «Urganji» mahallasida bir to‘xtab o‘tadigan bo‘lgan. Davlatimiz rahbari shu yilning 17-18 iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida ushbu mahallada bo‘lib, jumladan, aholi bilan uchrashdi. Sebzor ko‘chasining 44-xonadonida yashovchi Sanobarxon aya O‘rinboyeva o‘z xonadonida respublikamiz Prezidenti bilan yuzlashdi.

— Televizorlarda davlatimiz rahbarining aholi bilan uchrashuvlarini ko‘rib, qanday baxtli odamlar ekan-a, yurtning «kattasi» bilan yuzlashib turishibdi-ya, — deya havas qilardim,-deydi onaxon suhbatda. — Biroq, qachondir mening uyimga tashrif buyurishi mumkinligini xayolimga ham keltirmagan ekanman.

Sanobarxon aya ushbu mahallaga 1967 yilda kelin bo‘lib tushgan. Ortda qolgan yillarni xalol mehnat bilan yashab o‘tdi. 6 farzandni o‘qitdi, uyli-joyli qildi.

— Rahmatli turmush o‘rtog‘im sovxozda hisobchi edi, — suhbatda davom etadi momo. — Men dalada ishlardim. Topganimiz ro‘zg‘ordan oshmasdi. Shunday bo‘lsada, farzandlarimizni o‘qitdim. Kechalari ko‘ylak tikardim. Bitta ko‘ylak uchun 3 so‘m xizmat haqi olardim. Bitta bolamning bir haftalik xarajati esa 10 so‘mdan iborat edi. Hamma narsani hisob-kitobi bilan, rejali amalga oshirganim uchun qiyinchilik ko‘rmaganman. Shu o‘g‘lim o‘qishga kirib, diplomni olguncha uygayam, to‘ygayam bitta ko‘ylakni kiyardim. Bu yo‘qchilikdan emas, boriga shukr qilib yashashdan, deb bilaman. Xohlasam, bitta ko‘ylagimni ikkita qilishga qurbim yetardi. Biroq, shunga sarfalagan pulimni ham bolalarimning kelajagiga sarflashni xohladim.

«Obod qishloq» dasturi mahalladoshlar qatori onaxonning ham xonadoniga baraka olib kirdi. «Mahallabay» o‘rganishlardan so‘ng onaxoning xonadoniga 50 bosh tovuq olib kelib berishdi. Ayni paytga kelib ulardan har kuni 35-40 ta tuxum olinyapti. Shu kunlarda bug‘doydan bo‘shagan maydondan dehqonchilik uchun yer ajratib beriladigan bo‘lgan. Shuningdek, 1000 ta tuxumdan iborat inkubator topshirildi va 500 ta jo‘ja bilan ta’minlandi.

— Bolalarimnig ayrimlari ishsiz, — deydi Sanobarxon aya. — Biroq, xonadonimizga tovuq olib kelingach, bekorchilikka vaqt ham qolmayapti. Oilamizda necha kishi bo‘lsak, hammamiz parrandachilik bilan band bo‘lib qoldik. Shunday sharoitlarga ham kelarkanmiz, a! Hukumatimizga raxmat!

Onaxon bilan suhbatimiz davomida amin bo‘ldimki, davlatimiz rahbarining ushbu mahallaga tashrifi aholining dunyoqarashini mutlaqo o‘zgartirib yubordi. Ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi ortdi. Eng muhimi, har bir oila uy sharoitidagi tadbirkorga aylandi.
— Hayotning qancha og‘ir kunlarini ko‘rmaylik, hech kimdan yordam so‘ramadik, — shukr qiladi suhbatdoshimiz. — Nimagaki, erishgan bo‘lsak mehnatimiz bilan topdik. Shuning uchun bo‘lsa kerak, mana uydan chiqmagan holda rizqimizni topishga ham imkoniyat yaratildi. Shunday sharoitni yaratib qo‘ygan davlatimiz kattalariga rahmat!

Fayzli xonadondagi farishtali ayol bilan suhbatimizdan shuni xulosa qildimki, inson hamisha yaxshi o‘ylashi, halol rizq terishi va barchaga ezgulikni ulashishi kerak.

Saminjon HUSANOV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident bilan yuzlashgan momo