19:31 / 28.06.2021
1 409

Kuvayt aviakompaniyasi Toshkentga parvozlarni boshlaydi


Foto: Simple Flying
Kuvayt xalqaro aeroportida 27 iyun kuni O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi vakillari ishtirokida Jazeera Airways aviakompaniyasining Kuvayt—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birinchi reysining ochilish marosimi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Unda Kuvayt aviatsiya ma’muriyati rasmiylari, Jazeera Airways rahbariyati, ishbilarmon doiralar, sayyohlik agentliklari va qabul qiluvchi mamlakat ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Jazeera Airways bosh direktori Rohit Ramachandran o‘z nutqida Kuvayt va O‘zbekiston poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni ochish muhimligini ta’kidladi.

Foto: Facebook / Jazeera Airways
«Biz Kuvayt xalqaro aeroportidan O‘zbekiston poytaxtiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reysni ochganimizdan mamnunmiz. Boy tarixga ega ushbu mamlakat nafaqat kuvaytliklar, balki mintaqadagi boshqa mamlakatlar fuqarolari uchun ham eng ommabop yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Muntazam qatnovlarning tashkil etilishi ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirishga, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga yordam berishiga ishonchim komil», — degan u.

Ahmad Sallam, «Al-Mashura» turizm kompaniyasi bosh menejeri:
- So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Fors ko‘rfazi - arab davlatlari bilan aloqalari barcha sohalarda mustahkamlanib bormoqda. Kuvayt va Toshkent o‘rtasidagi tarixiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarning ochilishi, avvalo, ikki do‘st mamlakat fuqarolarining yanada qizg‘in muloqotiga, biznes va do‘stona aloqalarini mustahkamlashga ko‘maklashadi. Kuvayt davlati kuvaytliklar va o‘zbekistonlik sayyohlarga qulay sayohat tashkil etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratayotgan ushbu tadbirni mamnuniyat bilan kutib oldi. Umid qilamizki, bugungi tadbir ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli biznes, savdo-iqtisodiy hamkorlikni ravnaq toptirishga xizmat qiladi.

Volid al-Rashid, «Sultan trevel» turizm agentligining menejeri:
- O‘zbekiston - Islom sivilizatsiyasining buyuk mutafakkirlari yurti. O‘zbek xalqining boy tarixi, madaniyati va an’analari Yaqin Sharq mintaqasi xalqlari e’tiborini hamisha o‘ziga tortib kelgan. Kuvaytning sayyohlik kompaniyalari uchun ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarning ochilishi O‘zbekistonga  yangi sayyohlik yo‘nalishlarini tashkil etish imkonini beradi.

Spot’ning Kuvayt axborot agentligi (KUNA)ga tayanib ma’lum qilishicha, parvozlar A320-214 va A320-251N samolyotlarida seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kuvaytning Jazeera Airways aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalga oshirish uchun 2021 yil aprelida ruxsatnoma olgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kuvayt aviakompaniyasi Toshkentga parvozlarni boshlaydi