21:43 / 29.06.2021
2 303

Energetik ichimliklar. Vaqtincha tetiklashishning oqibati nimalarga olib keladi?


Kunning tig‘ida do‘konga kirganimda esa peshtaxtani to‘ldirib turgan shunday ichimliklarga ko‘zim tushdi. Energetik ichimliklarning narxlari ham boshqa salqin ichimliklarga nisbatan qimmatroqligi sabab kam sotilsa kerak degan taxminim o‘zini oqlamadi. Sotuvchi yigit bunaqa ichimlikdan bir kunda kamida 50ta sotishini aytdi. Men kirgan kichkina do‘konchada shuncha sotilsa, yirik supermarketlarda qancha sotiladi-yu, bir poytaxtda bunday do‘konlardan nechtasi bor ekan, degan o‘y kechdi xayolimdan.

Darvoqe, o‘z farzandim ham tez-tez shu ichimlik qutisini ko‘tarib kelishi yodimga tushdi.
Qiziq, energetik ichimliklar haqiqatdan ham insonning jismoniy va aqliy faolligini oshiradimi?

Energetik ichimliklar – tarkibida 150 mg/l.dan ortiq miqdorda kofein va (yoki) inson organizmiga tonusni o‘zgartiruvchi ta’sir ko‘rsatish uchun yetarli miqdordagi boshqa komponentlar mavjud bo‘lgan ichimliklardir.

 “Energetik ichimlikni ko‘p iste’mol qilish unga tobelikni kuchaytiradi”
Toshkent tibbiyot akademiyasi Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi kafedrasi professori Guli Shayxovaning ta’kidlashicha, bunday ichimliklarni me’yordan ortiq ichish o‘smirlarda tobelik holatini keltirib chiqaradi.

“Yuqori konsentratsiyalangan energetik (quvvat) ichimliklarda ko‘p miqdorda kofein, taurin moddalari bor. Taurin – energetik jarayonni jadallashtiruvchi va nerv sistemasini rivojlantiruvchi modda. Taurinning inson organizmi uchun sutkalik me’yori – 400 mg. Ayrim energetiklar tarkibida esa bu modda 2 barobargacha oshiq bo‘ladi va bu albatta o‘smirlar sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Diyetolog-olimlar energetik ichimliklarning organizmga ta’siri borasida katta tadqiqotlar olib bormoqdalar. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, energetik ichimliklar me’yordan ortiq va surunkali iste’mol qilinsa, inson organizmidagi ba’zi organ va tizimlarga (bosh miya, markaziy nerv tizimi, bo‘g‘imlar) salbiy ta’sir ko‘rsatadi va tez-tez iste’mol qilgan insonlarda unga tobelik holati kuzatiladi.

Ichimlik tarkibidagi kofein – psixostimulyator modda. U vaqtinchalik tetiklik hissini berib, charchash holatini yengillashtirishi, aqliy faoliyatni kuchaytirishi mumkin, ammo ma’lum bir vaqtdan so‘ng (1 – 1,5 soat) inson organizmida charchoq battar kuchayadi, bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi va nafaqat aqliy faoliyat, balki jismoniy faoliyatni ham susaytiradi.
Tez-tez iste’mol qiluvchilarda esa keyinchalik bo‘g‘imlarda og‘riqlar paydo bo‘la boshlaydi va ma’lum bir asoratlarga olib keladi.

Hafta mobaynida kofein iste’molini 60 mg.dan oshirmaslik kerak. Bitta energetik ichimlik tarkibida esa o‘rtacha 30 mg kofein mavjud.
Energetiklar ichish 18 yoshga to‘lmagan bolalar va o‘smirlarga, homilador va emizuvchi ayollarga, yurak qon tomiri va qandli diabeti bor bemorlarga tavsiya etilmaydi”, – deydi shifokor.

“Energetiklar yosh organizmda stress keltirib chiqaradi”
Psixolog Gulira’no Erolova energetik ichimliklarning ta’siri haqida gap ketganda, platsebo effektini yoddan chiqarmaslik zarur, deb hisoblaydi.

“Ichimlik tarkibida tetiklantiruvchi moddalar ham bor, lekin reklamalar ta’sirida buni ichgan inson maksimal darajada tetiklanganday his qiladi. Chunki reklamalarda aynan shu jihatga urg‘u berilyapti. Oqibatda faqat shuni ichsam, quvvat olaman degan fikr paydo bo‘ladi va shu ichimlikka doimiy qaramlik kelib chiqadi. Shuni ichganda ongostida: “Bo‘ldi hammasi joyiga tushdi, men tinchlandim, holatim yaxshilandi”, deb o‘ylashadi. Vaholanki, aslida unday bo‘lmaydi.

Achinarlisi, o‘smir bolalarning bunday energetiklarga o‘rganib qolishi natijasida ular kelgusida ko‘plab asab kasalliklariga chalinishi mumkin. Sababi bu ichimliklar insonda stress holatlarni keltirib chiqaradi.
18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bu ichimliklarni ichish taqiqlanadi. Lekin afsuski, maktablar yonidagi do‘konlarda bolalarga bemalol sotilayotgan holatlarni ham ko‘rish mumkin.

Albatta, ichimlik qadoqlarida 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun mumkin emasligi ta’kidlangan, lekin reklama roliklaridagi yoqimli holatlar o‘smirlarda ko‘proq tasavvur uyg‘otadi. Mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, reklamalar aynan o‘smir yoshdagi bolalar va yoshi katta insonlarga ko‘proq ta’sir qiladi va ularda o‘sha reklama qilingan narsaga nisbatan ishonch paydo qiladi.

Marketologlar va ota-onalar bu masalani o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi. Bolalarimiz ishonchni, kuchni, bardamlikni qandaydir ichimlikdan emas, o‘zlaridan topishsa kelajakka foydali bo‘ladi”, – deydi ruhshunos.

16 yoshli o‘smirning o‘limiga ko‘p miqdorda ichilgan energetik sabab bo‘lgani taxmin qilinadi
Energetik ichimliklar 1960 yilda Yaponiyada, tibbiyotda dori vositasi sifatida foydalanish uchun yaratilgan. Dastavval inson salomatligi uchun zararsiz deb hisoblangan energetik ichimliklar asta-sekinlik bilan Yevropa va AQSHni zabt etdi. Ammo bu ichimliklar keyinchalik salomatlikdan ko‘ra biznesga ko‘proq xizmat qila boshladi. Shuning barobarida ichimlikni ommalashtirish maqsadida uning tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalar qo‘shilib bordi.

2014 yilga kelib Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti dunyoda voyaga yetmagan o‘smirlarning energetik ichimlikni ko‘p iste’mol qilishayotgani tashvishlanarli hol ekanini bildirdi. 2017 yilda Amerikaning Shimoliy Karolina shtatida 16 yoshli o‘smirning nogahoniy o‘limiga ko‘p miqdorda iste’mol qilingan energetik ichimlik sabab bo‘lgani taxmin qilingan.

Ayni vaqtlarga kelib dunyoning ko‘pgina davlatlarida energetik ichimliklarni sotishga turli qonuniy cheklovlar belgilangan. Masalan, aksariyat mamlakatlarda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga bu kabi ichimliklarni sotishga cheklovlar o‘rnatish bilan chora ko‘rishilayotgan bo‘lsa, Daniya, Turkiya, Norvegiya, Islandiya kabi mamlakatlarda va AQSHning ayrim shtatlarida energetik ichimliklar sotuvi butunlay taqiqlangan.

O‘zbekistonda ham bu borada qabul qilingan qonunda bir qator tartiblar belgilangan. Qonunga ko‘ra, energetik ichimliklarning 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, energetik ichimliklar reklamasida bunday ichimliklarni haddan ziyod iste’mol qilishning zarari to‘g‘risidagi ogohlantirish, shuningdek bunday ichimliklarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud bo‘lishi kerak.

Energetik ichimliklar reklamasi ichimliklarni iste’mol qilish jarayonlarini namoyish etmasligi, ushbu jarayonlar iste’molchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishishi yoki jismoniy hamda ruhiy holati yaxshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirmasligi kerakligi ham ko‘rsatilgan.

Mutaxassislar bunday ichimliklar o‘smir bolalar salomatligiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini aytishmoqda. Darhaqiqat, bolalarimiz e’tiborini idish qadog‘idagi taqiq belgisi emas, reklamalardagi mo‘’jizakor, yorqin holatlar ortiqroq jalb qilayotgandek.

Dunyo bo‘ylab yangidan yangi kasalliklar aniqlanayotgan, bolalar saratoniga chalinganlar ko‘payayotgan, stresslar oqibatida inson hayotini izdan chiqaruvchi noxush holatlar sodir bo‘layotgan bir paytda ota-onalarni farzandlari iste’mol qilayotgan mahsulotlarga e’tiborli bo‘lishga chaqiramiz.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Energetik ichimliklar. Vaqtincha tetiklashishning oqibati nimalarga olib keladi?