13:00 / 03.07.2021
3 619

«Xorij uchun farzand tug‘ayotgandekman...»

«Xorij uchun farzand tug‘ayotgandekman...»

Xorijga malaka oshirish uchun borgan tanishim aytib bergandi. Kafelardan birida ishlaydigan ofitsiant bosh oshpaz bilan bir xil maosh olarkan. Sababi kafega ko‘pchilik mana shu ofitsiant xizmat ko‘rsatgani uchun kelarkan. O‘ziga xos usulda xizmat ko‘rsatsa kerakda, balki qo‘shiq aytib berar, balki shirinsuxandir... Kafe egasi bu ishchi tufayli foyda olayotgani bois uni qo‘yvorgisi kelmas ekan.

Endi bu holatni o‘zimizda tasavvur qilib ko‘rsakchi? Avvalo, oshpaz «nega mening oyligim ofitsiantniki bilan teng bo‘lishi kerak», deb xafa bo‘ladi. Keyin boshqa ishchilar «nega endi uni oyligi biznikidan yaxshi bo‘lishi kerak», deb norozilik bildiradi. Noroziliklarini ochiqchasiga aytmasa-da turli intrigalarni o‘ylab topadi. Hattoki chigal vaziyatni «bo‘yniga qo‘yishdan» ham tap tortishmaydi. Juda bo‘lmasa, ofitsiantni xushomadgo‘yga chiqaradi, sovg‘a berib yaxshi ko‘ringan deyishadi, agar boshliq erkak bo‘lib ofitsiant ayol bo‘lsa, «o‘ynashi» deb gap chiqarishadi. Qarabsizki, oxir-oqibat yaxshi ishchi hafsalasi pir bo‘lib ishdan ketadi...

To‘xtang-yey, umuman boshqalardan ajralib turadigan talantga, iqtidorga qachon ko‘rgansiz ortiqcha rag‘bat ko‘rsatilganini, qo‘llab-quvvatlanganini? Uning korxonaga yoki tashkilotga foyda keltirishi nafaqat boshliq, balki o‘sha yerdan oilasini boqayotgan safdoshlari uchun ham qiziqmas. Umuman, bizning jamiyatda o‘zgalardan ajrab turadigan mehnatkash xodim bo‘shasa, biron odamning bir tuki qilt etmaydi. Ya’ni yaxshi xodim ko‘pincha qadrsiz...

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bundan uch yil oldin Facebookdagi sahifasida «Davlat xizmatiga malakali mutaxassislarni jalb etish va ularning chet elga ketib qolishi oldini olish uchun nima qilish kerak?» degan masalani ko‘targandi.

O‘shanda «Umid» fondi bo‘yicha intervyu berishni so‘rashgan edi, intervyu sababli ushbu Fond orqali chet elda o‘qib qaytgan umidchilar bilan ishlashda yo‘l qo‘yilgan xatolarni bugun yana eslashga to‘g‘ri keldi.

Nega «umid»chilar davlat ishiga kirganidan keyin, ko‘pchiligining hafsalasi pir bo‘lib, bu ishni tashlab ketganiga Shermatov quyidagilarni sabab qilib ko‘rsatgandi.
«Umid»chilar o‘qishni bitirib kelgach, aksariyat hollarda ular mutaxassisligi va xohishiga qarab emas, balki komissiyaning qaroriga qarab ish joylariga taqsimlangan. Masalan, Fond bozorida derivativlarni boshqarishni o‘qib kelgan mutaxassis viloyat hokimiyatiga jo‘natilgan. Derivativlar esa hatto hozirgi kungacha Toshkentdagi Fond birjasida ham joriy etilmaganligini inobatga olsak, bu taqsimlashning qanchalik xato ekanini tushunsa bo‘ladi.
«Umid»chi borgan ishxonasida oylik maosh pastligi, sharoit yo‘qligi esa oilani halol boqish uchun boshqa ishlarni izlashga undagan. Qolaversa, uni mutaxassis sifatida qabul qilmasdan, balki o‘ziga xavf sifatida ko‘radigan rahbarlarga duch kelgani esa, eng katta salbiy holatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Bunday holatda uning rahbari imkoni boricha bu mutaxassisga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lib, uni boshqa xodimlar orasida kamsitib, topshiriqlarning muddatida bajarilishiga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmasdan aybdor qilish darajasigacha borgan.
Shermatovning fikriga ko‘ra, hozirgi kunda davlat ishida faoliyat yuritib kelayotgan va yuqori lavozimlarga ko‘tarilgan «umid»chilarning aksariyatining omadi aynan u ishlayotgan joyida uni mutaxassis sifatida qadrlaydigan rahbarga uchragani tufaylidir.

Bu yerda yana bir muhim omilni e’tiborga olish kerak bo‘ladi. Avvalgi «umid»chilar yangi bitirib kelgan, chet davlatda bor-yo‘g‘i o‘qishi davomida yashagan yoshlar bo‘lsa, bugun biz chet davlatlardan qaytishini istayotgan yurtdoshlarimiz bugunga kelib, chet davlatda nufuzli tashkilotlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, uzoq yillar mobaynida yaxshi shart-sharoitlarda yashab, ishlab va yana katta daromad topayotgan tayyor kadrlardir. Tabiiyki, ularga nisbatan muomala va e’tibor ham u ishlab kelgan davlatnikiga sal bo‘lsa-da mosroq bo‘lishi kerak. Jumladan, malakali mutaxassislarni lavozimga tayinlayotganda uning qobiliyati va tajribasidan kelib chiqib ish tutish va unga tegishli sharoit yaratish kerak.

Ishxonadagi rahbarlarining axloqiy to‘g‘riligi hamda qanchalik bu mutaxassis ushbu rahbar ostida yaratilgan muhitga mos kelishini oldindan tahlil qilish. Ahloqsiz, eskicha fikrlaydigan rahbarning qo‘l ostiga zamonaviy dunyoqarashga ega mutaxassisni tayinlab qo‘ysa, aksariyat holatda u bunday degradatsiyani istamasa ishini tashlab ketishga majbur bo‘ladi.

Lavozimga tayinlanganidan keyin ham ularning ushbu muhitga qanday moslashayotgani, ularning takliflari qanchalik hayotga joriy etilayotganini tizimli ravishda monitoring qilib borish. Agarda ushbu idorada uning rahbari qo‘l ostidagi yangi mutaxassislarga «qo‘lingdan hech narsa kelmaydi, chet elda o‘qidi yoki ishladi degani aqlli degani emas», «ya nachalnik, ti durak» qabilida o‘zini tutadigan bo‘lsa, unday rahbarga tegishli choralar ko‘rish yoki darhol chet eldan kelgan mutaxassisni unday nosog‘lom muhitdan ajratib, jamiyatga kattaroq foydasi tegadigan joyga o‘tkazish zarur bo‘ladi.

Aks holda, Prezidentimiz tashabbusi bilan qanday mashaqqatlar bilan xorijdan taklif qilingan hamyurtlarimiz O‘zbekistonga kelganidan pushaymon bo‘lib yana chet elga qaytib ketadigan bo‘lsa, ushbu siyosatning imijiga juda salbiy ta’sir qilishi turgan gap.

Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tuzilgan «Umid» jamg‘armasidan ham umidlar katta edi, lekin joylardagi ijrochi «rahbarcha»larning mas’uliyatsizligi va ba’zi holatlarda haqiqiy zararkunandaligi tufayli, shuncha sarmoyalar evaziga shakllangan tayyor yuqori malakali kadrlar davlat xizmatini tashlab ketishlariga sabab bo‘lgan», — deb yozgan Sherzod Shermatov.

Vazirning fikricha, hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan davrda, davlat va jamiyat boshqaruvida innovatsiyalarni joriy etish uchun eng asosiy omil aynan yuqori malakali kadrlarni jalb etish. O‘zini hurmat qilgan yuqori malakali kadr esa o‘z qadrini bilgani tufayli tushunmaydigan rahbar bilan uzoq muddat birga ishlay olmaydi. Natijada ushbu kadrni tayyorlash (yoki qaytarish) uchun sarflangan qanchadan-qancha sarmoya bekorga sarf bo‘lgan bo‘ladi.

«Nima, chet elda o‘qigan bo‘lsa shoxi bormi, nega ularga alohida e’tibor qaratish kerak ekan?» — deyilishi ham mumkin. Lekin hozirgi globallashuv davrida chet el diplomiga va ish tajribasiga ega odam istalgan davlatda yuqori maoshli yaxshi lavozimlarda ishlash imkoniyatiga ega va shuning uchun unday mutaxassisga alohida e’tibor qaratishga majburmiz. Yetarli malakasiz hamda faqat «xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin» yoki «ikki karra ikki – siz aytgan son bo‘ladi» deb, o‘zining fikriga ega bo‘lmagan «mutaxassis»lar bilan mamlakatimiz rivoji bo‘yicha qo‘yilayotgan yuqori marralarga erishishning imkoni yo‘q», — deya qo‘shimcha qilgan Sherzod Shermatov.

Darhaqiqat, rahbarlarning o‘zidan kuchli mutaxassisga «tobi» bo‘lmasligi azal-azaldan ayon narsa. Ya’ni «baliq boshidan sasiydi», deganidek malakali mutaxassisning ishxonada o‘z o‘rnini topolmasligi, hammaslaklari oldida tajribali bo‘lgani uchun ham yoqmasligi, o‘zini yolg‘iz sezishi tom ma’noda rahbarning hatti-harakatiga ham bog‘liq. Ya’ni rahbardan tortib oddiy xodimgacha talantli xodimni sig‘ishtirmaslik bu bizning fojiamiz aslida.

Yaqinda bir vazirlikdan xorijda magistraturani bitirgan iqtisodchi yigit bo‘shab ketdi. Rus tilini, ingliz tilini yaxshi biladi, iqtisodchi. Unga vazirlikning xalqaro aloqalar, investitsiya kiritish bo‘limini topshirishibdi.

U birinchi kundan o‘z bo‘limidagi xodimning ishidan qoniqmay boshqatdan hujjatlarni qilishini aytibdi. Shunda bu yerdan avvaldan ishlab kelayotgan yana bir xodim «sen kimsan qattan kep qolding», deya urguday o‘dag‘aylagan. Tanishimning, tabiiyki, birinchi kundanoq hafsalasi pir bo‘lgan. Kelishmovchilik o‘sha xodimning boshqa bo‘limga o‘tkazilishi bilan yakun topgan.

Lekin bu hali hammasi emas, chet elliklar bilan aloqani yo‘lga qo‘yaman, investitsiya kirgizish ishlarida faol bo‘laman, chet tilida gaplashib tilni yanada mukammal o‘rganaman, iqtisod bo‘yicha bilimlarimni, barcha kuchimni sarf qilaman deb chuchvarani xom sanagan ekan. Na xalqaro aloqalar rivojlanibdi, na investitsiya kiribdi, ya’ni xodimning asosiy bajarishi kerak bo‘lgan vazifalari bir chetda qolib qayerdagi qog‘ozbozlik bilan shug‘ullanib bir yilcha umri o‘tibdi.

Oylik 10 mlnmish, o‘sha vazirlikdagi xodimlar mazza qilib, norozi bo‘lmay ishlayotganmish. Ammo tanishim borgan sari tilni unutib qo‘yayotgani, iqtisodiy bilimlari o‘sish o‘rniga o‘rganganlarining bori esidan chiqib ketayotgani bois ishdan bo‘shab yana xorijga ketish tadorigida yuribdi.

Bizda ko‘pincha xorijda ishlab kelgan odam uchun ish yo‘q, oylik kam deyishadi. Aslida ish ham bor, oylik ham qilib berish mumkin. Ammo muhit o‘nglanmas ekan, haqiqiy kasbini sevadigan, yangilik qilaman, degan malakali mutaxassisga hech qanday shart-sharoit tatimaydi.

Qachonki atrofdagi boshliqdan tortib oddiy ishchilar xorijdan kelgan tajribali mutaxassisni quchoq ochib kutib olmas ekan, O‘zbekiston hech qachon rivojlanmaydi. Chunki bizda o‘n nafar ishchidan to‘qqiz nafari o‘rtamiyona xodim bo‘ladi. O‘sha o‘rtamiyonalar birgina iqtidorli ishchini chiqishtirmaydi, ya’ni yangilik bilan kelgan ishchi «uxlab yotgan» xodimlarni uyg‘otishi yoqmaydi.

Qachon rivojlanamiz, qachon o‘n nafar ishchining to‘qqiz nafari mehnatkash bo‘lib birginasi layoqatsiz bo‘lsa. Chunki ko‘pchilikni orasida bitta epsiz xodim o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi yoki u ham boshqalar kabi ishlashga qattiq kirishadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlar va talabalar forumida mamlakatimiz yoshlarini Yoshlar kuni bilan tabriklash asnosida ta’kidlaganidek, «Iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – «Kelajak liderlari»ni shakllantiramiz. Shu bilan birga, ko‘plab iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz xorijdagi nufuzli oliygohlarda o‘qimoqda, ilm-fan bilan shug‘ullanmoqda, yirik va yetakchi kompaniyalarda ish olib bormoqda. Biz ana shunday yuksak bilim va malakaga ega yoshlarimizni Vatanimizga kelib ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Ularni rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod sifatida belgilash, uy-joy ajratish, munosib maosh to‘lash bo‘yicha yangi tizimni joriy etamiz.

Yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.buning uchun, viloyat, tuman va shahar Kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlaydilar. Joriy yildan boshlab bunday iqtidorli yoshlarimiz «El-yurt umidi» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chet ellarda stajirovka o‘taydi. Shuningdek, xalqaro nufuzli reytinglarda mingtalikka kirgan oliygohni tuggatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lanadi», deb qat’iy ta’kidladilar.

Bu orzu-rejalarning barchasi yaxshi. Ammo odamlarning dunyoqarashi o‘zgarmaguncha, mening yurtim rivojlanishi uchun ham, mening korxonam o‘sishi uchun ham shu kadrni qo‘llab-quvvatlashim kerak, deb har bir xodim, ishchi yangi kelgan iqtidorni qo‘llab-quvvatlamasa yuqorida aytganimizdek barchasi bekor.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarning birida «Men xorijga ketaman, ishxonam meni sig‘ishtirmadi, mening loyihamni qo‘llab-quvvatlamadi, bu yerda o‘smaydiganga o‘xshayman», degan postga ko‘pchilik «keting, qadringizga yetadigan joyga keting» deb maslahat berishibdi.
Meni esa yozilgan izohlarning ichida eng ta’sirlantirgani mana bu so‘zlar bo‘ldi: «Xuddi xorij uchun farzand tug‘ayotgandekman».

Ha, o‘sha «keting» deyotganlar ham o‘zimiz, xorijga farzandlarini katta umidlar bilan kuzatayotgan ham o‘zimiz, meni yoki farzandimni o‘stirmadi, sindirdi deyotgan ham o‘zimiz, malakali mutaxassis kelsa uni sig‘dirmay, turli yo‘llar bilan hafsalasini pir qilayotgan ham sizu bizmiz.

Barno Sultonova
Manba: Xabar.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » «Xorij uchun farzand tug‘ayotgandekman...»