16:10 / 04.07.2021
2 866

SSV issiqdan himoyalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi


SSV matbuot xizmati Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyevga murojaat qilib, bunday jazirama kunlarda oftob urmasligi uchun nima qilish kerakligi, qanday kiyinish va ovqatlanish orqali issiqdan himoyalanish mumkinligi haqida so‘radi.

Tez yordamga murojaat
O‘zbekiston aholisi bunday anomal issiq iqlim kunlarida zarurat sezganda, «103» xizmatiga murojaat qilib, tun-u kun sifatli tibbiy yordam olishlari mumkin. Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning xududlardagi 13ta filiali hamda 173ta tuman va shahar bo‘limlarida zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta’minlangan. Bundan tashqari, ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilgan. Qolaversa, Sog‘liqni saqlash vazirligining «1003» qisqa raqamli Sall-markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Kuzatilayotgan bunday jazirama kunlarda birinchi navbatda boshni quyosh nuridan asrash muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari o‘tgan bo‘lib, kunning issiq vaqtida bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, insonlarni oftob urishiga olib kelishi mumkin.

Buning oqibatida tana harorati ko‘tarilishi, teri qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, yurak tez urishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish holatlari kuzatilashi mumkin.

Bunday holatlarda qanday yordam ko‘rsatiladi?
Oftob urgan odamni darhol soya joyga yotqizib, ust-boshini yechib, muzdek suvda ho‘llangan choyshab butun tanasiga o‘raladi, sochiqni muzdek suvga ho‘llab boshiga qo‘yiladi. Bo‘yin va qo‘ltiq sohasiga muz xaltachalari qo‘yilsa foydadan xoli bo‘lmaydi. Bemorga oz-ozdan suyuqlik ichiriladi va zudlik bilan tez yordam chaqiriladi. Tez yordam yetib kelgunga qadar yuqoridagi muolajalar davom ettiriladi.

Iloji boricha kunning birinchi yarmida bosh kiyim kiygan holda sayr qilish, kunlik ovqatlanish ratsioni esa yengil hazm bo‘ladigan taomlar hamda meva va sabzavotlardan iborat bo‘lishi, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish lozim. Kofe, shirin gazlangan suvlarni iste’mol qilmaslik maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Qanday kiyinish kerak?
Havoni yaxshi o‘tkazib, quyosh nurini qaytaradigan, keng tikilgan va tanaga yopishib turmaydigan kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi. Shuningdek, kiyim tanlashda mato rangiga ham e’tibor berish lozim. Chunki qora va jigar rang matodan tikilgan kiyimlar o‘ziga issiqlik va quyosh nurini ko‘p tortadi, oq rangli matodan tikilgan kiyimlar esa, issiq va quyosh nurini qaytarish xususiyatiga ega.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » SSV issiqdan himoyalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi