21:05 / 05.07.2021
2 678

Imtiyoz.... Mantiqsizlik qayerda?


Har yili mehnat bozoriga maktabni tamomlagan yarim milliondan ortiq yoshlar kirib keladi. Bir so‘z bilan aytganda, mehnatga layoqatli ishchi kuchi masalasida aslo nolishga hojat yo‘q. Hamma davlatlarda bo‘lgani kabi bizda ham sifatli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori. Hukumat buni inobatga olib, so‘nggi 5 yilda qabul kvotalarini deyarli 3 barobargacha oshirdi.

2020-2021 yilda qabul kvotalari soni 150375 tani, 2021-2022 yilda esa 171155 tani tashkil qilmoqda. Bu quvonarli, albatta. Ammo... Maqolamiz bu haqida emas, shu imtihonlarda abituriyentlarga beriladigan imtiyozlar haqida bo‘ladi.

«Davlat yoki hududlar o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib, imtiyoz berishini qo‘llab-quvvatlayman. Lekin armiyaga borganga, «Zulfiya» olganga, yaxshi she’r aytganga va chiroyli madh etuvchilarga imtiyoz berilishini yoqlamayman... Chunki o‘qishga kirish uchungina harbiy xizmatni o‘tagandan durust himoyachi chiqmasligi, shu maqsadda «Zulfiya»chiga aylanganda pichoqqa ilinarli shoira paydo bo‘lmasligiga aminman», — deydi jurnalist Abror Zohidov.

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risida»gi qarorida ittifoqning faol a’zolari Davlat komissiyasi qarori bilan doimiy yashash joyidagi OTMlarning pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga imtihonlarsiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Xo‘sh, ittifoq ishida faollik bilan bilimi o‘rtasida qay darajada mutanosiblik mavjud?! Bu bilan ittifoq faol a’zolarining bilimini past demoqchi emasman. Ammo agar ular, haqiqatan ham, sifatli kadr bo‘lishsa, sof raqobatda qolganlar bilan bellashsin. Yo boshqa maqsadlari bormi?.. «Yeb qo‘ygan og‘iz uyalar» qilishmasmikan?!

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ikkinchi bo‘lim, V bob, 18-moddasida shunday deyilgan:
«O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart». Bu moddadan ko‘rinib turibdiki, ularning qaysidir ittifoqqa a’zo bo‘lishi unga imtiyoz taqdim etishini kafolatlamaydi.

Keling, yuqoridagi moddaning yana bir bandiga to‘xtalib o‘tamiz. 18-moddada yozilishicha, ijtimoiy kelib chiqishi va ijtimoiy mavqei insonning alohida imtiyozlar berilishiga sabab bo‘lmaydi. Biroq kuchishlatar tizimlarga kiruvchi harbiy soha kadrlarining farzandlariga imtiyozlar berilishi yuqoridagi jumlani shubha ostiga qo‘yadi. Ijtimoiy kelib chiqishiga qarab imtiyozlar berilishi o‘rta asrlardagi xonliklar davrini qisman eslatib yuboradi.

Xabar.uz jurnalisti Ulug‘bek Oripov o‘zining «Bemavrid mulohazalar» maqolasida harbiy soha kadrlarining farzandlariga imtiyozlar berilishi tabaqaviy diskriminatsiyani keltirib chiqarishi va maktabda o‘qib yurgan, kelajakda yaxshi shifokor, o‘qituvchi, jurnalist bo‘lishi mumkin bo‘lganlar ham qobiliyatidan ko‘z yumib, faqat maosh va imtiyozlar uchungina harbiy bo‘lishga qaror qilishlari haqida yozadi.

Bugun otasi yoki onasining qilgan mehnati uchun farzandining huquqiy-demokratik davlatda boshqa tengdoshlaridan ustun turishini hazm qilish qiyin. Bu tanish-bilishchilik shu darajada qonimizga singib ketganmi, hayron qolasan kishi. Qaysidir qarindoshi sabab imtiyoz olishni korrupsiyaning alomatlariga o‘xshab ketadi, nazarimda. Abituriyentning otasi yoki onasi bu sohada ishlamasligi uning aybi emas. Kimningdir otasi o‘qituvchi, shifokor, san’atkor, oddiy dehqon… Bu kichkina qishloq emas, katta bir jamiyat.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bu borada quyidagicha fikrlarni o‘rtaga tashladi: «Bilimga yo‘naltirilgan imtiyozlar juda unaqa yomon emas. Masalan, xalqaro olimpiadani yutgan imtiyozsiz o‘qishga kiradi. Chet tillarini bilish darajasini beruvchi sertifikat egalari ham imtihondan ozod qilinadi. IELTS 6 yo 7 ball olganini isbotlovchi sertifikat bo‘lsa, undan chet tili imtihoni olish noto‘g‘ri. Bular mantiqan to‘g‘ri imtiyozlar. Ammo ijtimoiy kelib chiqishiga aloqador bo‘lgan imtiyozlar, ya’ni otasi, onasi, kimningdir kimligi uchun beriladigan imtiyozlar ijtimoiy adolatdan emas deb, hisoblayman.

Bundan tashqari, nogironligi mavjud shaxslar uchun beriladigan imtiyozlar ham bo‘lgani ma’qul. 23 yoki 24 ta imtiyoz bor, umumiy barchasini qayta ko‘rib chiqish kerak. Qaysi biri adolatli imtiyoz, qaysi biri adolatsiz imtiyoz ekanligi ko‘rib chiqilsa, to‘g‘ri bo‘lar edi. Yuqoridagi imtiyozlarning barchasi to‘g‘ri degan fikrga qo‘shilmayman. Ayrimlari noto‘g‘ri imtiyozlar. Imtiyozlarni butunlay tag-tugi bilan olib tashlash kerak emas, chunki mantiqan to‘g‘ri bo‘lgan imtiyozlar ham bor.

Adolatsiz imtiyozlardan yana biri, fikrim bo‘yicha, maxsus ixtisoslashtirilgan maktabni tugatganligi uchun ball qo‘shib berilishidir. Bu mantiqsizlik, chunki u maxsus ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qib kelyaptimi, demak, u bilimli bo‘lishi kerak. U yerda yaxshi o‘qitilishi kerak. Oddiy qishloq maktabidagiga qaraganda bunday dargohlarga budjetdan ko‘proq pul sarflanyapti. Oddiy qishloq maktabidagi bolalarda yo‘q imkoniyatlar o‘sha ixtisoslashtirilgan maktabdagi o‘quvchilarga berilyapti. Ular bitirgandan keyin biz yana imtiyoz ham beryapmiz. Shunchalik zo‘r maktab ekan, o‘zi imtihonni topshirib «yorib tashlamaydimi»? Nimaga biz ularni bunchalik erkalatyapmiz?

Vaholanki, budjetdan, yana aytaman, ularga ko‘proq pul ajratilyapti. Chekka qishloqdan kelgan bolada yo‘q imkoniyat ularda bor. Biz aksincha ularga yana imtiyoz beryapmiz, yana imkoniyat beryapmiz. Shunaqangi mantiqsiz imtiyozlar bor — shularni ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi».

Yuqoridagi fikrga ko‘z yugurtirsak, ba’zi sohalarga ko‘proq imtiyozlar berib yuboryotganimiz ko‘zga tashlanmoqda.
«Asaxiy» internet do‘koni asoschisi Firuz Allayev ham bu boradagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: «Oliy ta’limdan asosiy maqsad bu kadrlar masalasi, ya’ni davlat jamiyat hayotidagi muhim sohalarga kadr yetkazib berishi lozim. Bu — oliy ta’limning birlamchi vazifasi. Kadrlar shunaqa bo‘lishi kerakki, ular kelib chiqishi kriteriyasi asosida emas, aksincha, o‘zining bilimi asosida shakllanishi kerak. Shu tomondan ko‘rib chiqsak, masalan, harbiylarning, bojxona xodimlarining farzandlariga imtiyoz berilishi bu noto‘g‘ri, deb o‘ylayman. Oliy ta’limda imtiyozlar faqat bilim darajasidan kelib chiqishi kerak, degan fikrdaman. Bu umumiy raqobatni sindirmasligi kerak. Otasi bojxonada yoki harbiy bo‘lib ishlamaydigani farzandlarning aybi emas. Bu farzandlarimizga nisbatan diskriminatsiya. 

Shuning uchun ham ota-onasining kasbidan kelib chiqib berilgan imtiyozlar xato, deb o‘ylayman. Aksincha, agar imtiyozlar nogironlarga yoki boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga berilsa, bu ijtimoiy imtiyoz bo‘lar edi. Bu ijtimoiy adolatni yuzaga keltiradi. Kirish imtihonlariga kirib kontraktga tushgan boquvchisini yo‘qotgan oila farzandlarining kontraktlari davlat tomonidan to‘lab berilsa, yuqoridagi kadrlar muammosi ko‘proq hal bo‘lardi. Men shaxsan ko‘plab shunday oila vakillarining o‘qishni moliyaviy qiyinchilik sababli tashlab ketganini ko‘rganman. Nega armiyaga borib kelganlar yigitlar bunga imkoniyati bo‘lmagan qizlardan ko‘ra imtiyozga ega bo‘ladi, degan savol meni anchadan buyon qiynaydi», — deydi tadbirkor.

Fransiyada istiqomat qiluvchi bloger, tillar va xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Doniyor Ro‘zmetov ham imtiyozlar berish amaliyotining ko‘payib ketishi jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘lishini, sifatli kadrlarning kamayishi, xalqaro ishchi bozorida O‘zbekiston imijining tushishiga sabab bo‘lishi haqida gapirib o‘tdi.

Jurnalist Zafar Qosimov ham mazkur mavzu atrofidagi savollarimizga javob qaytardi: «Bir tanishim «Mard o‘g‘lon» medalini ololmadi. Rosa xafa bo‘ldi. Uning maqsadi shu medal bahona o‘qishga imtiyozli kirish ekan. Unga xafa bo‘lmasligini, agar chindan layoqatli bo‘lsa, o‘qishga o‘z kuchi bilan kirishi mumkinligini aytdim. Shu o‘rinda menda savol paydo bo‘ldi: «Zulfiya», «Mard o‘g‘lon» kabi davlat mukofotlariga qo‘shib imtiyoz bermaganda da’vogarlar qancha bo‘lardi? Bunday savol berayotganimning boisi, men ko‘rgan ko‘pchilik «medalist»lar aynan imtiyoz uchun harakat qilishgan. Xo‘sh, imtiyoz berish qay darajada to‘g‘ri?

Birinchidan, agar imtiyoz, haqiqatan ham, munosib odamlarga berilayotgan bo‘lsa, demak, ular imtihonlarda ham o‘z kuchi bilan kira oladi.
Ikkinchidan, biz imtiyozlar berish orqali o‘sha insonga nimanidir qo‘shib o‘rgatib qo‘ya olmaymiz.
Uchinchidan, biz tanlagan nomzod, haqiqatan ham, kelajakda yetuk kadr bo‘lishini istasak va bu orzularimiz ro‘yobini ularda ko‘rsak, nega biz ularni sof raqobatlashuvdan mahrum qilishimiz, ularni yengil hayotga o‘rgatishimiz lozim?

Imtiyozlar raqobat maydonini buzib qo‘ymasligi shart. Biz uchinchi renessans haqida o‘ylayotgan bir davrda kadrlarning sifatini oshirishga, yoshlarni, bo‘lajak rahbarlarni sof raqobat muhitida tarbiyalaganimiz ma’qul. Xo‘sh, ayting-chi, bundan oldingi 2 ta renessansning qaysi olimida alohida imtiyoz bor edi?»

Maqola orqali qaysidir imtiyoz orqali imtihonlardan o‘tayotgan talabalarni qoralamoqchi emasmiz. Jamiyatda imtiyozlilar sinfining barmoq bilan sanaganda ham ortib qoladigan darajada ko‘payib ketishi kishini xavotirga soladi. Meni bir savol qiynaydi: Imtiyozlarga ruju qo‘ygan bolalar bilan renessansni qanday quramiz?

Sanjar Mashriqiy

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Imtiyoz.... Mantiqsizlik qayerda?